Muqobil nomzodlar tarafdorlari qayerga ketdi?

Image copyright none

O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi prezidentlik saylovi yakuniy natijalarni 8 aprelda e‘lon qilishini ma‘lum qildi.

Ammo, g‘olib allaqachon aniq, joriy prezident Islom Karimov 90.39 foiz ovoz to‘plagan.

Unga raqib boshqa nomzodlar esa, saylovchilarning 2-3 foizdan ortiqroq dastagini qo‘lga kiritganlar. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Akmal Saidov 3.8 foiz, Hotamjon Ketmonov 2.92 foiz, Narimon Umarov 2.5 foiz ovoz olgan.

Yakuniy natijalar Karimov janoblarining g‘alabasiga daxl qila olmasligi tayin. Ammo, Markaziy Saylov Komissiyasi e‘lon qilayotgan raqamlar mazkur siyosiy jarayonda ishtirok etgan saylovchilar soniga taqsimlaganda muayyan savollar paydo bo‘ladi.

Qonunga binoan har bir prezidentlikka nomzod ana shu saylovchilarning kamida 5 foizi dastagini yig‘ishi lozim. O‘zbekistondagi saylovchilar soni esa, 20 million 798 ming deyilgan va rasmiy raqamlarga binoan yakshanba kungi jarayonda ularning 91 foizdan ortig‘i ishtirok etgan.

Demak, saylovdan oldin har bir nomzod 1 milliondan ortiq odamning dastagini to‘plab ro‘yxatdan o‘tgan. Saylov natijasiga ko‘ra, ular 2-3 foizdan ovoz to‘plaganlari ayon bo‘lar ekan, qolgan dastaklovchilar qayerga ketishgan? Biz ushbu savolni o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga berdik.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Gap shundaki, bu kabi Prezident Devonida hal qilinadi. Va u yerda maqsadga muvofiqlik juda ham ustivor... Karimovga muqobil nomzodlar soni qancha bo‘lishidan qat‘iy nazar, unga beriladigan ovozlar 90dan pastga tushiriladigan bo‘lsa, "Karimovning reytinggi pasaymoqda ekan-da", degan savolga javob berishimizga to‘g‘ri keladi qabilada yondashuv mavjud. Muqobil bo‘lgan va muqobil bo‘lib ko‘rinishi kerak bo‘lgan nomzodlar aslida 5 foiz ovoz to‘plashmaydi. Va ularga saylovlarda ishtirok etish topshirig‘i beriladi. Bundan bo‘yin tovlagan va o‘zini olib qochayotgan nomzodlarga qattiq bosimlar bo‘ladi", deydi tahlilchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02