"Dunyo bo‘ylab o‘lim hukmlari qo‘rqinchli tarzda ortdi"

Image copyright Getty
Image caption Xitoyda qatllarga oid aniq raqamlar davlat siri sifatida saqlanadi

Xalqaro Amnesti tashkilotining bong urishicha, 2014 yil dunyo bo‘ylab o‘lim jazosi hukmi "qo‘rqinchli" darajada oshgan.

Tashkilot hisobotiga ko‘ra, ba‘zi mamlakatlar oliy jazoni xavfsizlikka "mavjud tahdid va yo shunday ko‘ringan" holatlarda ham qo‘llashmoqda.

2014 yilgi o‘sish Xitoy va Nigeriyada o‘limga hukm qilinganlar soni keskin ortgani bilan izohlanadi.

Ayni paytda Xitoydan tashqari dunyoning boshqa joylarida jazoni ijro etish hollari kamaygani xabar qilinadi.

Xalqaro Amnestining qayd qilishicha, 2014 yil 607 mahkum qatl qilingan. 2013 yil bilan solishtirganda bu qariyb 22 foizga kamdir.

Ammo, mazkur xulosa Xitoyni qamrab olmagan. Chunki, Xitoyda dunyoning boshqa barcha mamlakatlaridagini qo‘shgandan ko‘ra ko‘proq inson qatl qilinadi va aniq raqamlar davlat siri sifatida saqlanadi.

2014 yil dunyoning 22 davlatida o‘lim jazolari ijro qilingan.

Xitoydan boshqa eng ko‘p o‘lim jazosini ijro etgan mamlakatlar sirasiga Eron, Saudiya Arabistoni, Iroq va Amerika kiradi:

Eron - rasman 289ta qatlni e‘lon qilgan; kamida 454 holat hukumat tarafidan e‘tirof etilmagan;

Saudiya Arabistoni - kamida 90 inson;

Iroq - kamida 61 kishiga belgilangan oliy jazo ijro qilingan;

AQSh - 35 kishi qatl qilingan.

Image copyright none
Image caption BMT Misrdagi mahkamalarni "ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan" deya ta‘riflagan

Misrda so‘nggi ikki yildan ortiqroq vaqt ichida yuzlab odamlarga o‘lim jazolari tayinlangan. Mazkur ommaviy mahkama ishlari islomchilarni bostirish harakatlarining bir qismidir.

Xalqaro doirada bunday mahkamalar tanqid ostiga olingan, BMT ularni "ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan" deya ta‘riflagan.

Nigeriyada 2014 yil 659 kishiga o‘lim jazosi berilgan. Xalqaro Amnesti tashkilotiga ko‘ra, bu 2013 yilga qaraganda 500dan ortiqni tashkil qiladi.

Harbiy mahkama o‘nlab askarlarga oliy jazo tayinlagan. Ular Boko Haram jangariga qarshi qurolli hujum manzarasida isyonda ayblanishgan.

Avvalroq, Pokiston o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilgandi. Mazkur qaror Peshavordagi maktabga qilingan Tolibon hujumi ortidan olingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02