BMT: islomiy jangarilarning soni bir yilda 70 foiz ko‘paygan

Image copyright Getty

BMT yangi hisobotiga ko‘ra, "Al-Qoida" va "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilish uchun 25000 dan ziyod xorijiy jangari yo‘lga chiqqan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, xorijiy jangarilarning oqimi "tarixda bunchalar baland" bo‘lmagan.

Asli kelib chiqishi kamida 100 mamlakatdan bo‘lgan jangchilar Iroq, Suriya, Liviya va Pokiston kabi mamlakatlarga yo‘l olganlar.

Hisobotda urg‘ulanishicha, ushbu holat global xavfsizlikka darhol hamda uzoq muddatli tahdidni yuzaga keltiradi.

Hisobotga ko‘ra, 2014 yilning 2015 yil martigacha xorijiy jangarilarning soni tahdid soladigan darajada tez ko‘paygan.

BMT hisoboti mualliflari shu muddat orasida jangarilar soni 71 foiz ko‘paygan, deb hisoblaydi.

Suriya va Iroq 22 mingtacha chet ellik uchun "ekstremistlarni voyaga yetkazishni nihoyasiga yetkazuvchi haqiqiy maktab"ga aylangan, deyiladi hisobotda.

BMTning "Al-Qoida"ga qarshi joriy etgan sanktsiyalari natijalarini kuzatib nazorat qilib boradigan ekspertlar guruhi ogohlantirishicha, Iroq va Suriyada "Islomiy Davlat"ni mag‘lubiyatga uchratish jangarilarni butun dunyo bo‘ylab sochilib ketishiga olib kelishi mumkin.

Afg‘onistonda 6500 tacha, Yaman, Liviya va Pokistonda yuzlab xorijiy jangarilar bor, deyiladi hisobotda.

Chet ellik qurollilarning eng ko‘pi Tunis, Marokash, Frantsiya va Rossiyadan kelgani, oxirgi paytda esa Maldiv orollari, Finlandiya, Trinidad va Tobagodan islomiy jangarilar safiga qo‘shilayotganlar soni ortib borayotgani ta‘kidlangan.

Xorijiy jangarilar shaxsini aniqlash uchun mamlakatlar istig‘borot xizmatlari o‘rtasida o‘zaro ma‘lumot almashishni kuchaytirish lozim, deya maslahat beriladi hisobotda.

Islomiy jangarilar safini ko‘paytirayotgan markaziy osiyoliklar

Shu paytgacha Markaziy Osiyoning barcha davlatlari "Islomiy davlat" xavfidan xavotir izhor etib ulgurishdi.

Ammo ayrim taxminlarga ko‘ra, markaziy osiyoliklarni minglab sonda turfa ekstremist guruhlarga qo‘shilishining tub sabablari haqida hukumatlar jim.

Mutaxassislarga ko‘ra, jangari guruhlar o‘z saflariga yollash yo‘lida targ‘ibotni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali mohirona olib borishmoqda.

Ammo Markaziy Osiyo davlatlarida istisnosiz keng quloch yoygan poraxo‘rlik, ishsizlik, kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi farqning yiriklashuvi, inson huquqlarining qo‘pol poymol etilishi har qanday ekstremist guruh safini kengaytirish uchun eng qulay omillardir.

"Islomiy davlat"ning Yaqin Sharq mamlakatlarida misli ko‘rilmagan g‘alabasi va hatto, o‘ziga to‘q G‘arb mamlakatlaridan hayrixohu-jangarilarning boshini qovushtirayotgani aksar kuzatuvchilarni o‘ylatib qo‘ygan.

G‘arb davlatlaridan Suriya va Iroqqa qarab yo‘l olayotganlar o‘z mamlakatlari, xususan, Amerikaning tashqi siyosatidan norozi ekanliklari anglashiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ekstrimistik guruhlarga kelib qo‘shilayotgan Markaziy Osiyo fuqarolari uchun bu kabi "global bahonalar" bilan bir qatorda o‘z hukmdorlaridan norozilik va qashshoqlik ham sabab bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlarining "ektrimizmga qarshi kurash" bahonasida muxolifat va mustaqil fikrlovchilarga nisbatan ta‘qiblari esa, alal-oqibat, yana shu aqidaparast guruhlarga qo‘l kelmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02