Jonli poyga: Britan partiyalari TV debatda "olishishdi"

Image copyright EPA

Britaniyada umumxalq saylovlari 7 mayda bo‘lib o‘tishi kutilar ekan, qizib borayotgan saylovoldi jarayonining eng muhim jihatlaridan biri hisoblangan "liderlar debati" televideniye orqali jonli namoyish qilindi.

Unda oxirgi 5 yil ichida hukumatdagi koalitsiyani tashkil qilib kelgan Konservatorlar va Liberal-demokratlar bilan bir qatorda yana beshta partiya: asosiy muxolifatchi Leyboristlar, Yashillar, Shotlandiya Milliy partiyasi, Britaniya Mustaqil partiyasi va Uelsning Playd Kumru partiyalari ishtirok etishdi.

O‘tmishda TV debatlar hukumatdagi partiya va asosiy muxolifatchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, bu safar unga kichikroq partiyalar ham jalb qilindi.

Ko‘p demokratik mamlakatlarida bo‘lgani kabi, TV debatlar hali kimga ovoz berish bo‘yicha qaror qilmagan oddiy fuqarolar uchun o‘z nomzodini tanlashdek ajoyib imkoniyatni yaratadi.

Oddiy fuqarolar debat chog‘ida studiyadan nomzodlarga savol berishlari ham mumkin, biroq bu savollar avvaldan teleprodyuserlar tomonidan saralanadi.

"G‘alaba bizniki!"

Image copyright Reuters
Image caption So‘rovlarda Leyborist Ed Miliband va Konservator Deyvid Kameron teng ketishayapti

Payshanba oqshomida namoyish qilingan debat ortidan ham Konservatorlar va ham Leyboristlar g‘alaba qozonganlarini da‘vo qilishdi.

Bosh Vazir Deyvid Kameron debat ortidan zudlik bilan o‘tkazilgan ommaviy fikr so‘rovlarida "eng yuqori o‘rin"ni egallaganidan juda mamnun ekanini aytsa, uning asosiy raqibi Leyborist Ed Miliband o‘zi va Kameron o‘rtasida "aniq tanlov"ni namoyish qilganini qistirib o‘tdi.

Britaniyada ko‘plarga yaxshi tanish bo‘lmagan va Shotlandiyaning mustaqilligi uchun kurashib keluvchi Shotlandiya Milliy partiyasi rahbari Nikola Sturjen o‘zining "ta‘sirchan" chiqishi bilan ko‘plarni o‘ziga rom qildi.

ITV kanali orqali namoyish qilingan bahsni 7 million odam tomosha qilgan.

Yetti partiya rahbarlari qator muhim masalalar, xususan sog‘liqni saqlash xizmati, immigratsiya va mamlakat qarzlari kabi masalalarda bir-biri bilan bahslashdilar.

Muxolifatchi Leyboristlar rahbari Ed Miliband bosh vazirni oxirgi besh yil ichida iqtisodni yaxshi boshqara olmaslik, keragidan ortiq ish joylarini va moliyalashni kesish, hamda sog‘liqni saqlash xizmatini xususiy kompaniyalar qo‘liga topshirishda aybladi.

Biroq, ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, bosh vazirning eng yirik raqibi Miliband, tanqiddan narigi o‘tolmadi va o‘zi kelgusi 5 yil ichida qanday siyosatni amalga oshirishini tomoshabinlarga yetkazishga muvaffaq bo‘lmadi.

"Hamma muammo kelgindilarda"?

Image caption Turli so‘rovlar va turli natijalar...

Bahsning eng mubohasali ishtirokchisi UKIP, ya‘ni Britaniya Mustaqil partiyasining rahbari Nayjl Faraj bo‘ldi. U Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqi tarkibidan chiqishi va boshqa mamlakatlarga beradigan yordam pulini to‘xtatishi yo‘lida jon kuydirmoqda.

Biroq, cho‘rtkesarligi bilan tanilgan janob Faraj Britaniyada har yili ro‘yxatdan o‘tadigan VICh xastalarining 60 foizi chet ellik ekanini aytishi bilan ko‘plarning tanqidiga uchradi.

Qolgan rahbarlar uni noinsoniylikda ayblab, xasta odamning qayerdan ekani emas, balki inson ekani muhim ekanini aytishdi.

Debat ortidan zudlik bilan o‘tkazilgan ommaviy fikr so‘rovlari aniq g‘olib yo‘qligini namoyon qildi.

Ba‘zi so‘rovlar Kameronni ilg‘or deya ko‘rsatsa, qolganlari Milibandni, yana boshqasi esa shotlandiyalik Sturjen xonimni g‘olib deya taqdim qildi. Albatta, bu so‘rovlarni kim o‘tkazgani va kimlar orasida o‘tkazgani ham ularning natijasiga ta‘sir qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer