Keniya: Garissadagi o‘likxona barcha jasadlarni sig‘dirolmaydi

Image copyright epa
Image caption Jabrdiydalar

Keniyadagi universitetlardan biriga islomiy jangarilar hujumi oqibatida qurbon bo‘lganlarning jasadlari poytaxt Nayrobiga keltirilmoqda.

Al Shabab jangari guruhining hujumi natijasida kamida 147 kishi qurbon bo‘lgan.

Hujum mamlakat shimoli sharqidagi Garissa shahridagi universitetda kechgan.

Bu shahar Somaliya bilan chegarada joylashgan.

Shahardagi o‘likxonalar barcha jasadlarni saqlay olmagan.

Talabalar mamlakatning deyarli barcha mintaqalaridan kelishgan.

Bu shafqatsiz hujumda ishtirok etgan jangarilardan to‘rt nafari xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.

Ayni hujum oqibatida qurbon bo‘lgan musulmonlarning dafn marosimi bo‘lib o‘tishi kerak.

Keniya xavfsizlik kuchlari universitetni jangarilardan tozalash uchun bir necha soat harakat qilishgan.

Niqoblangan jangarilar Payshanba kuni universitet binosiga bostirib kirishgan va “biz Al-Shababmiz” deya qichqirib qirg‘inni boshlashgan.

Ayni hujumda 500 yaqin talaba omon qolgani aytiladi.

Qurollangan jangarilar avvaliga qo‘riqchilarni o‘ldirishgan.

Keyin tanlamasdan talabalarga qarata o‘t ochganlar.

Aksariyat erta tong bo‘lgani uchun hali yotoqxonalarida uyquda bo‘lgan.

Ayrim guvohlarga ko‘ra, jangarilar ular orasidan nasroniylarni ajratib olib o‘ldirganlar.

Keniya xavfsizlik kuchlari jangarilarni yotoqxonada qurshab olishgan.

Ulardan to‘rt nafari o‘zlarini portlatib yuborgan.

Beshinchi jangari esa qo‘lga olingani xabar qilinadi.

Al Shabab guruhi Al Qoidaga aloqador deb ko‘riladi.

Guruh Keniyaga qarshi urushga kirganini da‘vo qiladi.

Bunga sabab Keniya 2011 yilda Somaliyaga Al Shababga qarshi qo‘shin jo‘natgani aytiladi.

Al Shabab qanday guruh?

Image copyright
Image caption Jangarilar

Al Shabab 2013 yilda Nayrobidagi savdo markaziga hujum qilgani aytiladi.

O‘shanda 67 inson qurbon bo‘lgan edi.

Somalida tashkil etilgan va Al Qoida bilan yaqin aloqada ekanligi aytilgan guruhni Somalining janubiy va markaziy hududlaridan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lganligi xabar qilingan edi.

Lekin oxirgi hujum shuni ko‘rsatmoqdaki, guruh hanuz faol va jiddiy hujumlarni amalga oshirishga qodir.

"Al Shabab" Arab tilida "yoshlik" deganidir.

Bu tashkilot 2006 yilda somalilik yosh radikal kuchlar tomonidan mamlakatga kirgan Efiopiya kuchlariga qarshi kurashish maqsadida ta‘sis etilgan.

Al Shababga yordam berish uchun qator xorijiy jihodiy guruhlarning qo‘shilgani aytiladi.

Guruh o‘z nazorati ostida bo‘lgan hududlarda zino qilgan ayollarni toshbo‘ron qilish va o‘g‘rilarning qo‘lini kesish kabi shariat qonunlarini tatbiq etgan.

Harakat poytaxt Mogadishudan 2011 yil Avgustida siqib chiqarilgandi.

Tahlilchilarning ishonishicha, bu guruh Afrika Ittifoqi kuchlariga qarshi asosan partizanlik urushini olib boradi.

Biroq 2011 yilda Keniya kuchlari Somaliga bostirib kirgach, Al Shabab bir necha jabhada bosim ostida qolgan.

Al Shabab 2012 yil fevralida "Al-Qoida"ga qo‘shiladi.

O‘shanda Al Shabab rahbari Ahmed Abdi video murojaat bilan chiqib, "Al-Qoida" rahbari Ayman Az-Zavohiriyga bay‘at berganini aytgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02