O‘zbekistonda "ko‘ki" ko‘kka o‘rladi

Image caption "Ko‘ki" va ...

Xullas, hammaning og‘zida bugun bitta gap.

"Ko‘kat ko‘kka yetib qoldi".

Har yomon narsaning bir yaxshi tarafi bo‘lganidek... bunda ham bir yaxshi jihat ko‘rsa bo‘ladi, ayniqsa "optimist"bo‘lsangiz…

O‘tgan hafta bir AQSh dollari 4000 so‘m edi, bugun "qora bozor"da 4400 so‘mgacha chiqib ketdi.

4000 so‘m bo‘lganida yaxshi edi, sanoqqa adashmasdingiz…

Endi esa 200 dollaringiz bo‘lsa, erta-indin millioner bo‘lib qolsangiz, hech kim ajablanmaydi.

O‘z-o‘zidan iste‘mol mollari, oziq-ovqatning bozordagi narxlar ham bir zumda oshib oldi.

Narx-navoning oshishi internetda oddiy bir hol bo‘lib qoldi.

U oshdi, bu oshdi deb o‘qiyverasiz.

Agar O‘zbekistonda biror narsaning narxi qimirlamay uch-to‘rt kun turib bersa bormi, ana yangiligu mana yangilik!

To‘siq qo‘yilgan websaytlar ochilib, to‘siq qo‘yilmaganlari esa odam kirovurib krash (buzilib) qolsa kerak!

Shundoq ham bo‘ldi… 1 aprelda kommunal to‘lovlar oshmay qoldi.

Hozir qo‘ni-qo‘shnilar ham bir-birimizga ishonqiramay,hadiksirab qaraymiz.

Boshlab qolsa-ya, Ilohim boshlamasin, "eshitdingizmi, kelasi haftadan narxlar…" deb qolsa bormi!

Shundan hadigimiz hozir…

Ammo nimaga oshmadi ekan bu narx qurg‘ur!

Ba‘zilar saylov bilan bog‘ladi bu "jimlik"ni, saylov ham o‘tdi…

Yoki saylanib oldim endi deb, birvarakayiga, otning kallasiday qilib oshirvorsa nima bo‘ladi?

Image copyright Reuters
Image caption Otning kallasi

Mana bu otning kallasi kabi! Tavba…

Lekin bu dollarning ko‘tarilishini ko‘rib, hafsalam yana pir bo‘ldi.

Mayli, millioner bo‘lib oldim bahonada, so‘mda bo‘lsa ham, ammo do‘kondorlarga ham oson bo‘lmadi.

Endi O‘zbek so‘mini sanab o‘tirishmaydi.

Shartta tarozida kilolab tortishadi, tamom vassalom!

O‘zbekistondan "so‘m" millioneri

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02