Notinch Yamandan O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya chiqarmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Yamandan xorijliklarni evakuatsiya qilish jadallashgan

47 nafar o‘zbekistonlik Rossiya uchoqlarida Yamanni tark etishgan.

Bu haqda bir qator Rossiya axborot agentliklari xabar berishgan.

BBC bilan shu hafta suhbatlashgan Yamandagi o‘zbekistonlik shifokorning aytishicha, u ham o‘z hamkasblari bilan mamlakatni tark etish istagida Rossiya elchixonasiga sim qoqqan.

Rossiya elchixonasi xodimlari unga evakuatsiya tartib qoidalarini tushuntirgan.

O‘zbekistonlik shifokorning aytishicha, Yamanda o‘n yildan ko‘proq ishlagan tibbiyot xodimlari talaygina.

Ularning aksariyati hozirda vatanga qaytish tadorigida bo‘lishsa ham, O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyatdan mamnun emaslar.

"Rizqimizni shu yerdan terib turgan edik, qaytsak nima bo‘ladi, bilmadim... Nima ish qilamiz? Qiz chiqarishim kerak, kelin olishim kerak, O‘zbekistondagi oylikka qarab yashashning imkoni yo‘q", deydi o‘zbekistonlik shifokor.

Yamandagi O‘zbekiston fuqarolarining aniq soni bo‘yicha ma‘lumot yo‘q, ammo hozir Saudiya Arabistoni boshchiligida bombarbimon qilinayotgan bu mamlakatda yuzlab o‘zbekistonlik shifokorlar borligiga ishoniladi.

Avvalroq matbuotda prezident Karimovning Rossiya rahbari Putindan O‘zbekiston fuqarolarini bu mamlakatdan chiqarish bo‘yicha yordam so‘ragani haqida xabar tarqalgandi.

Yamandagi vaziyat

Image copyright Reuters
Image caption Bombardimondan keyin...

Yaman oxirgi yillardagi eng qaqshatqich mojaroni boshdan kechirmoqda. Turli qurolli guruhlar mamlakatni nazorat qilish yuzasidan kurashmoqdalar.

BMTga ko‘ra, oxirgi oylarda Yaman qator guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar girdobida qolib, "fuqaro urushi" yoqasiga kelib qolgan.

Asosiy urushayotgan tomonlar qochib ketgan prezident Abdurabbah Mansur Hodi tarafdorlari va xusiylar nomi ostida ma‘lum Zaidiya shia jangarilaridir.

Janob Hodi fevral oyida poytaxt Sanani tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Yuqorida keltirilgan ikki guruhga qarshi Arab Yarim orolidagi Al-Qoida guruhi ham mavjud.

Bundan tashqari, 2014 yilda Yamanda Islomiy Davlatga sodiqligini e‘lon qilgan va mart oyida Sanada qator xudkushlik hujumlarini uyushtirganligini da‘vo qilgan guruh ham bor.

Jangarilar mart oyi oxirlarida prezident yashiringan Adendagi qarorgohga yaqinlashgan vaqtlari, Saudiya Arabistoni janob Hodining iltimosiga binoan mojaroga aralashib, xusiylar mavqelarini nishonga ola boshladi.

Hozirda bu harbiy Ittifoqqa Iordaniya, Misr, Marokash, Pokiston va Sudan ham qo‘shilganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02