Xorazm: Rossiyaga ketgan muhojirlarning o‘limi ortgan

Image copyright Reuters

Xorazmdagi "Najot" inson haqlarini himoya qilish tashkiloti hisoboti ko‘rsatishicha, oxirgi vaqtda Rossiyaga ishlashga ketgan fuqarolarning o‘limi soni ortgan.

2015 yilning o‘tgan uch oyi mobaynida 30 mehnat muhojirining tobuti vataniga qaytgan.

Jumladan, 18-20 mart oralig‘ida Xorazmga Qozon shahridan 16 muhojirning jasadi olib kelingan. Vafot etgan muhojirlarning jasadlari yaqinlarining imkoniga qarab mashinada, poyezdda yoki uchoqda keltirilgan.

Qozon shahridagi bozorda mart oyida sodir bo‘lgan yong‘inda hayotdan ko‘z yumgan xorazmlik 53 yoshli Muborak Qurbonovaning dafn marosimida ishtirok etgan huquq faollariga ko‘ra, fojeada halok bo‘lgan muhojirlarning soni ilgari xabar berilganidan ancha ko‘pdir.

"Najot"dagi ma‘lumotlarga binoan, Qozon bozoridagi yong‘in natijasida 30 dan ortiq xorazmlik muhojir kuyib ketgan. Kuchli kuyish natijasida muhojirlarning shaxsi DNK tashxislari orqali aniqlangan va jasadlari Rossiyaga borgan yaqinlariga topshirilgan.

Guvohlarning so‘zlab berishlaricha, shaxsi aniqlanmagan bir qancha jasadlar hali ham Rossiyadagi o‘likxonalarda yotibdi.

Bundan tashqari Rossiyaning Bryansk shahrida ro‘y bergan avtohalokatda 16 o‘zbekistonlik mehnat muhojiri halok bo‘lgan, ulardan besh nafari xorazmlik ekani aniqlangan. Mehnat muhojirlari kirish-chiqishni qayd ettirish uchun Belorussiyaga o‘tishgan, biroq Rossiyaga qaytayotganlarida halokatga uchraganlar.

Ma‘lum bo‘lishicha, baxtsiz hodisalardan tashqari mehnat muhojirlari o‘zlari sabab o‘limga olib borayotgan holatlar ham mavjud.

Xususan, giyohvand moddalarni iste‘mol qilish tufayli hayotdan ko‘z yumgan muhojirlar bor. Shuningdek, yurak xastaligi, boshqa ichki kasalliklar bilan 6 xorazmlik, ikki qoraqalpog‘istonlik fuqaro Rossiyada vafot etgan.

Rossiyada jinoyat bilan qo‘lga tushgan o‘zbekistonliklar ham uchraydi. Rossiya huquq tartibot idoralari ma‘lumotiga qaraganda, o‘tgan uch oy ichida 11 xorazmlik fuqaroga jinoiy ish ochilgan. Ular jinsiy zo‘rlash, o‘zaro sovuq qurol ishlatishda ayblanganlar.

Oxirgi vaqtlarda Rossiyadan deportatsiya qilinayotganlarning soni sezilarli darajada ko‘paygan. Ayni paytda mehnat muhojirlarining uylariga yuborayotgan pullari hajmi 0,05 foiz kamaygan. Rossiyada ishlashga ruxsat olish uchun rus tilidan sinovdan o‘tolmagan o‘nlab o‘zbekistonliklar ortga qaytarilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer