Haykal buzilgani haqida xabar tarqatgan Dmitriy Tixonov ta‘qib qilinmoqda

Angrendagi urush qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan haykal vahshiylarcha buzib tashlangani haqida xabar tarqatgan jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonov aytishicha, uyiga noma‘lum shaxslar kelmoqda, unga qarshi "zakaznoy" maqolalar uyushtirilayapti.

Bir necha marta Dmitriy Tixonovni so‘rab militsiya xodimlari kelishgan.

Dmitriy Tixonov haykal buzilishiga qarshi norozilik izhor etilgan angrenliklar imzolarini to‘plashni boshlagan.

Biroq yillar davomida askar haykali vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bergan mas‘ullar endi Dmitriy Tixonovni Angren shahrini butun dunyoga "yomonotliq qilgan", bu shaharda yashaydigan insonlar o‘rtasida "millatlararo nizo keltirib chiqarishga uringan" yomon niyatli inson sifatida obro‘sizlantirish kampaniyasini boshlaganlar.

Dmitriy Tixonov aytishicha, 29 martga mo‘ljallangan prezidentlik saylovi arafasida go‘yo saylovoldi tashviqoti sifatida angrenliklar bilan uchrashuvlar tashkil qilingan, Dmitriy Tixonov tashabbusi bilan boshlangan protestga imzo qo‘ygan-qo‘ymagani odamlardan so‘ralgan.

"Millatchilikka hatto ishora ham bo‘lmagan mening maqolamda milliy nizoni gijgijlash alomatlarini bir vaqtning o‘zida bir necha odam ko‘rgani tasodifan bo‘lishi mumkin emas. Angren hokimiyati o‘zining axloqsiz amali uchun aybdorlik hissini o‘zbek xalqining yelkasiga yukladi va millatlararo nizo xavfidan g‘azablanish zarurligini talab qilmoqda. Va menga qarshi safarbar qilingan "jamoatchilik" jimgina "g‘azabga keldi". Atayin mening tashabbusimni bo‘g‘ib tashlash va qolganlarga saboq bo‘lishi uchun meni jazolash vaziyati yuzaga keltirilayapti. Allaqachon jamoatchilik fikri shakllantirilayapti. Bu esa o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi kurashda qudratli omil. "Bizga o‘xshamagan" va "bizdan bo‘lmagan"larni har doim ta‘qib qilganlar va omma ko‘zi oldida jazoga tortganlar. Zaxirada esa o‘ylab chiqarilgan va yolg‘on "argumentlar" bilan mening aybimni isbotlayotganlar ham topilib qoldi", deb yozgan o‘zining www.fergananews.com veb-saytidagi maqolasida Dmitriy Tixonov.

Haykal buzilgani munosabati bilan Bi-bi-siga bergan intervьyusida Dmitriy Tixonov darhol Angren shahri hokimligiga borgani va shahar hokimining yordamchisi bu haykal shaharni obodonlashtirish rejasiga to‘g‘ri kelmagani munosabati bilan buzilganini ma‘lum qilganini aytgan.

Angren shahri mutasaddilarining haykalni buzayotgan paytda uning o‘rniga nima o‘rnatish bo‘yicha hech qanday rejasi bo‘lmagan.

"Bu haqda o‘sha kuni menga aytishgan", deydi Dmitriy Tixonov.

Ammo Angrenda urush qurbonlari xotirasiga qilingan bunday hurmatsizlikdan dunyo hamjamiyati xabardor bo‘lganidan keyin shahar hokimi bu joyda motamsaro ona haykalini o‘rnatish rejalangani haqida aytgan.

"Hozir menga qarshi quyidagicha hodisa yuz bermoqda: Men bo‘lgan hodisaga qarshi o‘zimning ochiq protestimni izhor qildim. Ushbu norozilik uchun men turli millat vakillaridan iborat norozilik xatiga imzo chekish ishini boshladim va bu protestga men muayyan sondagi insonlarni jalb qildim. Natijada Angren shahar hokimligi, aytish mumkinki, O‘zbekiston hukumati bizga yon bosdi. Chunki xalqaro jamoatchilik ham haykal buzilganidan darg‘azab bo‘ldi. Hozir bizni xotirjam qilmoqchi bo‘lishayapti: "ha, biz sizning fikringizga qo‘shilamiz. Bu yerda motamsaro ona haykali quriladi". Lekin bu yerda nima bo‘ldi? Bir necha fuqarolar protestiga sabab bo‘lgan tashabbus bor edi. Endi esa nima qilish kerak? Agar odamlar nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, "kelinglar, adolat yuzaga chiqishi uchun yana norozilik bildiraylik", deb ko‘chaga chiqmasliklari, mana shunaqa tashabbus takrorlanmasligi uchun kimnidir jazolash lozim. Ushbu fikrdan kelib chiqib, meni ko‘pchilikning ko‘zi oldida "millatchi"ga aylantirish maqsadi ko‘zlanib jamoatchilik fikri shakllantirilayapti", deydi Dmitriy Tixonov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer