Rasman 1 yarim milliondan ortiq o‘zbekistonlik Karimovga qarshi ovoz berdi

Image caption Karimovga rasman 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik qarshi ovoz bergan

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovi yakuniy natijalarini e‘lon qildi.

Ana shu rasmiy natijalardan xulosa qilinadigan bo‘lsa, Islom Karimovga ovoz bermaganlar soni 1 yarim milliondan ortiqroqdir.

Bu degani bir yarim milliondan ortiq o‘zbekistonliklar prezidentlik kursisiga Islom Karimov emas, balki uning "raqib"lari loyiq degan fikrda bo‘lishgan.

Komissiyaga ko‘ra, jarayonda saylovchilarning 91,08 foizi (18 million 942 ming 349 nafari) ishtirok etgan.

Ulardan 90,39 foizi (17 million 122 ming 597 nafari) joriy Prezident Islom Karimov nomzodini yoqlab ovoz bergan.

E‘lon qilingan so‘nggi natijalar O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi nomzodi Akmal Saidov 3,08 foiz, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Ketmonov 2,92 foiz, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi ko‘rsatgan nomzod Narimon Umarovga 2,05 foiz ovoz to‘plaganini ko‘rsatgan.

So‘nggi natijalar Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston qonunlariga binoan Islom Karimovni qayta lavozimiga saylangani xususida qaror qabul qilishdan boshqa chora qoldirmagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi mazkur siyosiy jarayonda turli xalqaro davlatlar, tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etganini e‘tirof etar ekan, saylov erkin, demokratik andazalarga mos va shaffof o‘tdi deya xulosa qilgan.

Ammo, O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlariga cheklangan kuzatuvchilar guruhini yo‘llagan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti bayonotida "29 mart kuni o‘tkazilgan saylovlarda haqiqiy muxolifat mavjud bo‘lmagan holatda siyosiy sahnada joriy rahbar siymosi ustuvorlik qilgan"i aytildi.

Karimov obro‘si haqida ertak va yo takrorlanayotgan tarix

Image caption 1991 yilgi saylovda Muhammad Solihning bir o‘zi saylovda Karimovga qarshi rasman 12,7 foiz ovoz to‘plagandi...

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi taqdim qilgan raqamlarga qaralsa, saylovchilarning 9, 61 foizi muxolif nomzodlarga ovoz berishgani ma‘lum bo‘ladi.

Bu har qanday siyosiy erkinliklar ustidan totalitar nazorat o‘rnatgan tuzum uchun ham "noqulay" bo‘lgan haqiqatdir.

Rasmiy raqamlarga ishoniladigan bo‘lsa, 1991 yilda prezident saylovida Karimovga raqib bo‘lgan, o‘sha paytlar siyosatchi o‘laroq deyarli hech kim tanimaydigan Muhammad Solihning bir o‘zi 12.7 foiz ovoz to‘plagani aytiladi.

Muxolifat va kuzatuvchilar esa o‘shanda unga ovoz berganlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lganini aytishadi.

"Erk" demokratik partiyasining rahbari va hozirda Islom Karimovning muxolifatdagi asosiy raqibi deb ko‘riladigan Muhammad Solihning bir o‘zi 1991 yilda bir o‘zi rasman 12.7 foiz ovoz olgani so‘nggi saylovni mutlaqo ozod bo‘lmaganidan darak beradi.

Shunda ham, kuzatuvchilar ko‘ra, rasman qariyb ikki million o‘zbekistonlikning Karimovga ovoz bermagani uning tuzumi uchun hushyor torttiruvchi holatdir.

1991 va undan keyingi saylovlarga solishtirilsa, Karimovning obro‘si yuqorilab borayotgani haqida rasmiy matbuot da‘volari puchga chiqadi.

Ko‘pda tahlilchilar saylovga oid raqamlarning haqiqiyligini shubha ostiga olishadi.

Ularga ko‘ra, bunday sonlar oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.

Islom Karimovga ovoz bermaganlardan biri jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulova.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – bbcuzbek

Twitter – bbcuzbek

Odnoklassniki – bbcuzbek

Facebook- bbcuzbek