BMT: "Damashqdagi qochqinlar jamlog‘ida vaziyat abgor"

Image copyright AFP
Image caption 18, 000 qochqin hali hamon jamloqda ekani aytiladi

BMTning Xavfsizlik Kengashi Damashqdagi Yarmuk qochqinlar jamlog‘iga kirishga izn berishni talab qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiysi 18, 000 falastinlik qochqin boshpana topgan jamloqdagi vaziyatni o‘ta abgor deya baholagan.

Vaziyat "Islomiy Davlat" guruhi hujumlarini boshlagan 1 aprel kunidan boshlab yanada yomonlashgan.

Suriya hukumatiga qarshi falastinlik qurollilar va Ozod Suriya Armiyasining oz sonli jangchilari ID jangarilarga qarshi hujumlarga yetakchilik qilishmoqda.

"Bunga nuqta qo‘yilishi kerak"

15 a‘zodan iborat Xavfsizlik Kengashiga rahbarlik qilayotgan Iordaniya elchisi Dina Kavar "oddiy insonlarni himoya qilish... insonparvarlik yordamlari olib kirish... hamda jon saqlashga yordam berish"ga chaqirgan.

Image copyright AFP
Image caption Falastinlik qurollilar va Ozod Suriya Armiyasi jangchilari IDga qarshi hujumlarga yetakchilik qilishmoqda

BMTning Falastin Qochqinlari uchun Yordam va Ish Agentligi vaziyatni "har qachonligidan ko‘ra jiddiy" deya ta‘riflagan.

Agentlik rasmiysi Kris Gunnes: "Jamloqdagi vaziyat noinsoniylik chegarasidan ham chiqib ketgan", deydi.

"Oziq-ovqat, suv yo‘q va dori-darmon o‘ta cheklangan hajmda... Odamlar uylari ichkarisida yashirinib olishgan. Ko‘chalarda janglar davom etmoqda... Bombardimonlar bo‘layotgani haqida xabarlar bor. Bunga chek qo‘yilishi kerak va oddiy insonlar ko‘chirilishi lozim".

BMTdagi Falastin elchisi Riyod Mansur qochqinlarni qutqarish o‘z hukumati kun tartibidagi asosiy vazifa ekanini aytgan.

U ham Xavfsizlik Kengashi a‘zolaridan qochqinlarni Suriyaning boshqa hududi yo-da, xorijga ko‘chirishni so‘ragan.

Haftaning dam olish kunlari bir necha yuz kishi jamloqdan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Image caption Ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir ID jamloqning 90 foizini nazorat qilmoqda

Suriyada beshinchi yildirki davom etayotgan qonli qarama-qarshiliklarda 200, 000dan ortiq suriyaliklar nobud bo‘lgan.

Prezident Bashar tarafdorlari, unga muxoliflar hamda "Islomiy Davlat"ga qarshi janglar 11 million insonni uy-joyidan ayirgan.

Yarmuk jamlog‘i 1948 yilgi Arab-Isroil urushi tufayli qochib chiqqan falastinliklar uchun barpo qilingandi.

Suriya ichki urushlari boshlanishidan oldin u yerda 150, 000 qochqin yashagan. Jamloqning o‘zida masjidlar, maktab va jamoat joylari mavjud.

2012 yildan beri kechayotgan janglar bois jamloq qamalda qolgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02