"Imomali Rahmonni millat peshvosi deb e‘lon qilaylik"

Image copyright president.tj

Tojikistondagi qudratdagi Xalq Demokratik partiya web-saytida ikki olim Prezident Imomali Rahmonga "Millat peshvosi" rasmiy unvonini berish taklifini ilgari surib chiqqanlar.

Sadriddiin Ayniy nomidagi Tojikiston Davlat Pedagogika universiteti rektori Nosirjon Salimiy va Tojikiston Milliy universiteti professori Xolmahmadi Same‘ e‘lon qilgan maqola "Millat peshvosi" deb nomlanadi.

Bu Tojikiston xalqiga murojaatdir.

Ikki olim Tojikistonda tinchlik va barqarorlikni ta‘minlash yo‘lida Prezident Imomali Rahmon ulkan xizmat qilgan, deb ta‘kidlaydilar.

Yirik maqolada Tojikiston rahbari xizmatlari sanab o‘tiladi.

Ikki ziyoli yozishlaricha, janob Rahmon o‘zining xizmatlari bilan millat rahnamosi deb atalishga loyiq ish qilgan.

"Millat peshvosi" degan hodisa yangi mustaqil davlatlarning siyosiy madaniyatida hali yangi va kamdan-kam uchraydi, deb yozganlar ziyolilar.

"Mamlakat prezidentini millat peshvosi deb e‘tirof etish uning xizmatlarini tan olishgina bo‘lib qolmasdan, mamlakat birligi va taraqqiyoti uchun ham omil bo‘lib xizmat qiladi", deb yozadi maqola mulliflari.

Ushbu taklif allaqachon Tojik ziyolilari tomonidan tanqidga ham tutilgan.

Tojikistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi va o‘z nomzodini prezidentlikka ilgari surgan Oynixol Bobonazarova fikricha, prezidentga "peshvo" yoki "dohiy" degan unvon berilishi "demokratiya mohiyati va kontseptsiyasiga zarba" bo‘ladi.

Ushbu taklifga Prezident Imomali Rahmonning o‘zi hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

2010 yili Qozog‘istonda Prezident Nursulton Nazarboyevga millat rahnamosi yoki "Elboshi" maqomi berilgan.

Bu janob Nazarboyev hamda uning yaqin qarindoshlarining jinoiy javobgarlikdan daxlsizligini ta‘minlaydi.

Shuningdek, Qozog‘iston Jinoyat Kodeksiga Elboshini omma oldida haqorat qilgani uchun yoki Elboshi faoliyatiga to‘sqinlik qilgani uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan bandlar kiritilgan.

Imomali Rahmon 1992 yili Tojikiston parlamenti rahbari lavozimini egallagan.

Ilk bor 1994 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan.

1999 yili Tojikistonda prezidentlik vakolati muddatini yetti yilga uzaytirish ko‘zda tutilgan referendum o‘tkazilgan.

2003 yili janob Rahmonning bundan oldingi prezidentligi muddatlarini inobatga olmaslik maqsadidagi referendum o‘tkazilgan.

2006 yildagi prezidentlik saylovi Prezident Imomali Rahmonning birinchi yetti yillik muddati deb e‘lon qilindi.

Tojik rasmiylariga ko‘ra, 2013 yildagi saylovda janob Rahmon g‘alaba qozongan va hozir qonun bo‘yicha uning oxirgi prezidentlik vakolati amal qilmoqda.

Tojikistondagi saylovlar ham ochiq, erkin va adolatli saylovlar sifatida ko‘rilmaydi ham janob Rahmonni ham Prezident Islom Karimov va Prezident Nursulton Nazarboyev singari yakkahokimlikda ayblab keladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Your contact details
Disclaimer