Muhammad Solih: "Ozodliksiz barqarorlik bo‘lmaydi"

Image caption Muhammad Solih 22 yildan buyon muhojirotda ijodiy va siyosiy faoliyat olib boradi

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga taniqli shoir va muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solih javob beradi.

Muhammad Solih 1949 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat Universiteti(hozirgi Milliy Universitet)ning jurnalistika fakultetini, Moskvadagi Oliy Adabiyot kursini tugatgan.

U o‘zining 1977 yilda nashr etilgan ilk she‘riy kitobi-"Beshinchi fasl" bilan avangard shoir sifatida taniladi.

20 dan ortiq she‘riy, nasriy va publitsistik kitoblari muallifi.

Muhammad Solih Frants Kafka asarlari va 20-asr frantsuz shoirlari, shuningdek, atoqli turk shoiri Yunus Emro she‘rlari hamda turkiy xalqlarning mashhur eposi sanalmish "Dada Qo‘rqut kitobi"ni o‘zbek tiliga o‘girgan.

Sho‘ro davrida ayrim tanqidchilar Muhammad Solihni milliy an‘analardan uzoq, G‘arbga taqlid qiluvchi shoir sifatida tanqid qilishadi.

Ammo aynan Muhammad Solih o‘zbek tili, milliy adabiyot va tarixga nisbatan sho‘rolar siyosatini tanqid qilib chiqqan ilk o‘zbek ziyolisi bo‘ladi.

SSSRning so‘nggi yillaridagi oshkoralik siyosati Muhammad Solihni o‘tkir publitsistga aylantiradi.

U O‘zbekistondagi paxta yakkahokimligi, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojea mavzularida ko‘plab maqolalar e‘lon qiladi.

Ayni paytda siyosat bilan faol shug‘ullanadi.

Muhammad Solih 1988 yilda O‘zbekistonda tuzilgan ilk muxolifat tashkiloti - "Birlik" Xalq Harakatining asoschilaridan bo‘lgan.

1989 yilda "Erk" demokratik partiyasiga asos soladi.

1990 yilda O‘zbekiston Oliy Kengashiga deputat etib saylanadi va shu yilning 20 iyunida Oliy Kengash "Erk" partiyasi taklif qilgan "Mustaqillik deklaratsiyasi"ni qabul qiladi.

Image caption Karimov Toshkent portlashlarida Muhammad Solihni ayblagan

1991 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan ilk prezidentlik saylovlarida Islom Karimovga yagona raqib bo‘lgan Muhammad Solih rasman 12,7 foiz ovoz olgani xabar qilingan.

Muxolifat ovoz berish natijalarining soxtalashtirilganini aytadi.

Muhammad Solih 1992 yilning 2 iyulida muxolifatga qarshi boshlangan siyosiy repressiyalarga norozilik sifatida deputatlikdan iste‘fo beradi.

Ko‘p o‘tmay, hokimiyat organiga parallel "Milliy majlis" tuzishda ayblangan Muhammad Solih 1993 yil aprelida hibsga olinadi.

Bir necha kundan so‘ng xalqaro bosimlar ostida ozodlikka chiqarilgan Muhammad Solihning mamlakatni tark etishi taqiqlanadi.

Ammo u avval Bokuga, keyin esa Turkiyaga chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi.

1999 yil fevralidagi Toshkent portlashlari ortidan O‘zbekiston hukumati Norvegiyadan siyosiy boshpana olgan Muhammad Solihni xalqaro qidiruvga beradi.

Portlashlarning asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida ayblangan Muhammad Solih O‘zbekistonda sirtdan 16 yarim yilga mahkum etiladi.

2001 yilda Norvegiya politsiyasi o‘zbek maxsus xizmatlarining Muhammad Solihga qarshi suiqasd urinishi yuzasidan tekshiruv olib boradi.

2001 yil noyabrida Chexiya politsiyasi Pragaga tashrif buyurgan Muhammad Solihni O‘zbekiston hukumatining talabi bilan hibsga oladi.

Xalqaro noroziliklarga qaramasdan, Praga mahkamasi 30 noyabr kuni o‘zbek muxolifati rahbarini vataniga ekstraditsiya qilish ehtimoli bilan 40 kun hibsda qoldirish haqida qaror chiqaradi.

Image caption 2001 yil 12 dekabrida Praga qamoqxonasidan ozod etilgan Muhammad Solihni Chexiya Prezidenti Vatslav Havel qabul qiladi

2001 yilning 10 dekabr kuni Chexiyaning marhum prezidenti Vatslav Havel mamlakat ichki ishlar vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng Muhammad Solih o‘zining shaxsiy kafolati ostida ozodlikka chiqarilishini e‘lon qiladi.

12 dekabr kuni hibsdan ozod etilgan Muhammad Solihni Chexiya prezidenti o‘z qarorgohida qabul qiladi.

2003 yilda Toshkent portlashlarining asosiy ayblanuvchisi va guvohlaridan bo‘lgan Zayniddin Asqarov o‘zbek rasmiylarining ruxsati bilan Toshkentdagi qamoqxonada g‘arblik jurnalistlar bilan uyushtirilgan suhbatda Muhammad Solihning portlashlarga aloqasi yo‘qligi haqida bayonot beradi.

Asqarovning o‘zi 2011 yilda O‘zbekiston qamoqxonasida qiynoqlar natijasida vafot etadi.

2009 yilda Muhammad Solih tashabbusi bilan "13 May ittifoqi" deb nomlangan muxolifat koalitsiyasi tuziladi.

U 2011 yilda Berlinda "O‘zbekiston Xalq Harakati" ta‘sischilaridan bo‘ladi va Harakatning raisi etib saylanadi.

1990-yilda o‘rta maktablar va oliy o‘quv yurtlarining adabiyot darsliklariga kiritilgan Muhammad Solihning asarlari O‘zbekistonda rasman taqiqlangan.

Salom, Muhammad Solih akaga savollarim.

1. Ularning "Qurolsiz kishining ozodligi" filmida, butun boshli gazeta nashrini sotib olganlari haqida gapiradilar. Nashrni sotib olish uchun mablag‘ni qayerdan olganlar?

2. Nega bayrog‘ingiz Amerika bayrog‘iga o‘xshash? Rahmat.

Samir.

M.Solih: "Qurolsiz kishining ozodligi" filmida "nashr sotib olingani" haqida gap yo‘q. Siz yoki yanglish anglagansiz yoki bu iddaongiz uydirmadir. ERK partiyasi bayrog‘ini nazarda tutayotgan esangiz, bu Amerika bayrog‘i emas, "Turkiston bayrog‘i"dir, undagi ranglarni men tanlaganim yo‘q, jadidlar tanlagan va ular bu bayroqni ta‘sis etishgan. Bu bayroq 1921 yilda Toshkentda Jadidlarning maxfiy tashkiloti "Milliy Birlik" tarafidan ta‘sis qilingan. 1917 yil noyabr oyida qurilgan ilk mustaqil davlat Qo‘qon Muxtoriyati 1918 yil fevral oyida bolsheviklar va arman dashnoqlari tarafidan yiqilgandan so‘ng, Turkiston milliyatchilari, jadidlar o‘zining yangi Turkiston davlati qurish rejasini tuza boshladilar va bo‘lajak davlatning bayrog‘i quyidagi suratda ko‘rayotganingiz bayroq edi.

Ba‘zi tarixchilar bu bayroqni 1924 yilgacha Turkiston Avtonom Respublikasi bayrog‘i sifatida ishlatildi deyishadi, ammo bu noto‘g‘ri tezis. Bu bayroq hech qachon bir davlat bayrog‘i sifatida ishlatilmadi. 1990 yil aprel oyida biz ilk marotaba bu bayroqni ERK partiyasining rasmiy bayrog‘i sifatida qo‘llana boshladik.

Nega biz bu bayroqni ERK partiyasining mafkuraviy ramzi sifatida tanladik?

Chunki 1990 yilda Sovet Ittifoqi hali yiqilmagan edi va Cho‘lpon va Fitrat asarlarini yashirin tarzda o‘qib yetishgan o‘zbek munavvarvarlari jadidlarning orzusini amalga oshirish uchun payt kelganini his eta boshladilar va ERKni qurdilar. Diqqat qiling, ERK partiyasi ham 1910 yillarda jadidlar tarafidan qurilgan bir yashirin siyosiy tashkilotning ismi edi. Bu ism tarixini men hech kimga aytganim yo‘q, hatto do‘stlarimga ham. Ularning bilib-bilmay bu sirni oshkor qilib qo‘yishlaridan qo‘rqdim.

Savol: Hurmatli M.Solih, sizningcha, demokratiya, ozodlik birlamchimi yoki stabillik? Xususan, O‘rta Osiyo zamonaviy davlatlari uchun qay biri muhimroq?

Oldindan, Rahmat!, Farg‘ona vodiysidanErkin.

M.Solih: Xalqining farovonligini hadaf olgan har qanday davlat uchun ozodlik zaminidagi istiqror(stabillik) muhim. Istiqrorsiz ozodlik uzoqqa bormagani kabi, ozodliksiz istiqror ham uzoqqa bormaydi. Bu ikki omil oshiq-moshiq kabi bir-birini to‘ldirib turishi shart.

Savol: Assalomu alaykum. Sizning raqiblaringiz deymizmi, yoki dushmanlaringizmi siz haqingizda shunday gaplarni ochiqdan ochiq o‘z saytlarida yozib yurishadi. Siz unga javoban hech nima yozmaysiz, nega?

G‘ayrat Qurbonov

M.Solih: Men "johillarga javob sukutdir" aqidasiga amal qilishga intilganim uchun ham ularga javob bermayman. Menga hujum qilganlarning deyarli hech birida jo‘yali bir tanqid, konstruktiv bir fikr ko‘rmaganim uchun ham ularga javob berib, u tubanliklarga sayohat qilishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Xalqimiz ular o‘ylaganidek ahmoq emas, ular haqorat qilayotganidek qo‘rqoq ham emas, nimalar bo‘layotganini juda yaxshi ko‘rib turishibdi. Axborot maydoni to‘la totalitar davlat nazoratida bo‘lishiga qaramasdan, xalqimiz xabar olyapti va kim haq, kim nohaq ekanini ham xalqimiz bilib turibdi. Shunday ekan, men o‘zimni johillar oldida oqlashga hech ehtiyojim yo‘q.

Savol: Aytingchi, O‘zbekistonda dunyoviy davlat qurish niyatingiz bormi yoki diniy islomiy davlat? Sizning fikringizcha, kelgusida O‘zbekiston davlatida dinning o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Sizningcha, bizda islom partiyasi bo‘lishi kerakmi va ular islom davlati qurish va hokimiyatni egallab olish uchun kurash olib boradimi?Rahmat.

Safar Kattaboyev

M.Solih: O‘zbekistonda har narsadan avval adolatli davlat qurish niyatimiz bor. Adolat birinchi mezondir. Mafkura keyin keladi. Ikkinchi o‘laroq, xalqqa tamal hurriyatlarini ta‘min etadigan va ularni Bosh qonun bilan himoya qiladigan bir davlat qurishni orzu etmoqdamiz. Bu hurriyatlar e‘tiqod (vijdon) hurriyati, so‘z hurriyati, mehnat qilish hurriyati, istagan mintaqada yashash hurriyati, sayohat qilish hurriyati, o‘z uyi va nomusini himoya qilish hurriyati, har qanday terrorga (davlat terrori dohil) qarshi bosh ko‘tarish hurriyati va hokazo - bular vatandoshlarimizning tamal haqlari bo‘lajak. Uchinchi o‘laroq, bu ko‘rsatilgan haqlarning ta‘minoti, himoyasi, nazorati va bularni ifodalovchi qonunlar HUKUQ zaminida hal etilajak. Ya‘ni davlat HUKUQ DAVLATI bo‘lajak, inshoolloh.

Savol: Salom Hurmatli Solih og‘a.

Tasavvur qilaylik, haqqoniy raqobatli saylovoldi kampaniyasida siz o‘zingizni kelgusi prezidentlik muddati uchun 5 yillik yoki 7 yillik (farqi yo‘q muddatini) programmangizni ommaga taqdim qilib, kishilarni o‘zingizga ovoz berishlariga undayapsiz. Shunda qanaqa muhim uchta-to‘rtta real (masalan gaz yoki elektr enegiya muammosi singari) o‘zgarishlarga qo‘l urishga va‘da bergan bo‘lardingiz?

Hurmat bilanPalangi

M.Solih: Haqqoniy saylov bo‘lsa, shunga yarasha dastur qilinadi. Ammo har qanday dasturning amaliyotga tadbig‘i avval moddiy, keyin ijtimoiy (istiqror), so‘ngra siyosiy omillar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Dastur o‘lkadagi siyosiy va iqtisodiy konyuktura bilan hisoblashilgan holda tuzilsagina u realistik xarakterdagi dastur bo‘ladi. Bugun 5 yil yoki 10 yil so‘ngra o‘tkazilish ehtimoli bo‘lgan "haqqoniy saylov" uchun dastur yozish jiddiy bir harakat bo‘lmaydi.

Savol: M. Solih timsolida o‘zbek adabiyoti yirik iste‘dodni yo‘qotdi. Xo‘sh, siyosat M.Solih misolida nima topdi?Oldindan rahmat.

Toshkent

M.Solih: Aslida, bu savolni kaminaga emas, O‘zbek siyosati va adabiyotidan xabardor bo‘lgan bir munaqqid yoki tahlilchiga bersangiz u xolisroq baho bergan bo‘lardi. Modomiki, savolni menga yo‘naltiribsiz, qisqa bo‘lsa ham, o‘z fikrimni sizga aytay: Iste‘dod agar bo‘lsa, hech qachon yo‘qolmaydi. Agar M.Solih siz aytayotganday "adabiyotda yirik iste‘dod" bo‘lgan bo‘lsa, u hali ham shu maqomda turibdi. Chunki uning "yirik iste‘dod" ta‘rifiga sabab bo‘lgan kitoblari hali ham o‘qilayapti. Endi "siyosat M.Solih misolida nimani topdi" degan savolga bahoni M.Solihning berishi ham juda noqulay. Buni tarix bir kuni yozar inshoolloh.

Assalomu alaykum

Hurmatli Muhammad Solih janoblari, bir nechta savollarim bor edi: 1990 yillarda CCC degan yopiq, tashqi dunyoni ko‘rmagan o‘zbek xalqidan chiqqan mustaqillik g‘oyasini ilgari surgan birinchi o‘zbek liderisiz. Mustaqillik g‘oyasi bilan chiqishingiz qayerdan paydo bo‘ldi va nimaga asoslandingiz. Yoki o‘sha yillarda Boltiqbo‘yi xalqlari mustaqillik uchun birinchilardan kurashgan edi, shu sizni ilhomlantirdimi o‘sha yillarda ko‘pchilik o‘zbek xalqi agar O‘zbekiston SSSRdan chiqsa ahvoli og‘ir bo‘ladi, deyishgandi lekin sizning niyatingiz amalga oshdi, balki siz o‘ylagan mustaqillikdan so‘ng ahvol sizningchamasdur, bunga sabab diktatura tuzumidir. Agar siz prezident bo‘lganingizda qanaqa siyosat qo‘llagan bo‘lardingiz, musulmonlarga qanaqa munosabatda bo‘lardingiz?. O‘ zbek xalqini ongiga qanday qaraysiz, inson faravon yashashi uchun g‘arbda eng muhimi demokratiya, hukumat xalq uchun xizmat qiladi, o‘zbek xalqida esa tinchlik ,ya‘ni och qornim tinch qulog‘im, xalq hukumat uchun xizmat qiladi. Bu Stalin davridan qolgan qo‘rquvmi? Stalin hamma ziyolilarni yo‘q qilgandi va bir o‘zi xudodek qolgandi va u o‘lganda ham ko‘pchilik yig‘lagandi. Saylov arafasida ham ko‘pchilik Karimov ketsa urush bo‘ladi, u qolgani yaxshi, tinchlikni ushlab turibdi, deyishgandi go‘yoki butun dunyoda urush bo‘layotgandek ...Putin boshchiligidagi Ovroosiyo Ittifoqiga O‘zbekistonning qo‘shilishiga tarafdormisiz?

(Iltimos, bbs muxbirlari savolimni yetkazsangiz va javobini internetdan bbs xabarlaridan yozsangiz, chunki Toshkentda radioni eshitish imkoniyati yo‘q. Oldindan rahmat.)

Xan Eshan

M.Solih: Bu savollarni bergan do‘stimiz ba‘zi savollariga o‘z javobini ham berib ketgan. Men javobi berilmagan nuqtalarga teginaman: O‘zbekiston 1991 yilda, SSSR qulagan paytda SSSRning qolgan jumhuriyatlari ichida infrastrukturasi,sanoati,iqtisodi, agrar sektori rivojlangan, kadrlar zahirasi boy o‘lkalardan bittasi edi. Kreml 1989 yilda O‘zbekistonga rahbar etib tayinlagan Kompartiya kotibi Islom Karimov o‘zining 25 yillik hokimiyati davrida bu rivojlangan o‘lkani minataqaning eng qashshoq mamlakatiga aylantirdi. Bu Karimov va uning rejimining kechirib bo‘lmaydigan jinoyatidir. Bunga 25 yil davomida hur fikrlilar va dindorlarga qarshi o‘tkazilayotgan uzluksiz zulm, Andijondagi yuzlarcha begunoh insonning qatliomi va o‘n minglarcha siyosiy va diniy muxolifning turmalarda qiynoqqa solinishini ilova etsak, Karimov rejimini faqat siz tilga olgan Stalinning zulm otigagina qiyoslash mumkin. Ha, xalqimiz "tinchlik" mezonini haddan tashqari irratsional saviyaga yuksaltirdi, uni deyarli Karimov zulmini oqlash vositasiga aylantirdi. Holbuki, xatto uzoq yillar davom etgan fuqarolar urushini boshdan kechirgan Tojikiston ham bugun "tinch" O‘zbekistonga nisbatan erkinroq, farovonroq holdadir. Aslida, bir millatning millat o‘laroq boqiyligiga zarar beradigan narsa urush emas, ma‘naviy qadriyatlardan judo bo‘lishdir, nomusini yo‘qotishdir. Urushda shahid bo‘lish nomussiz yashashdan ming karra afzaldir. Karimov zulmi davrida xalqimiz juda katta ma‘naviy zarar ko‘rdi. Oila fardlari orasidagi sevgi rishtalari zaiflashdi, do‘stga sadoqat, va‘daga vafo qolmadi, ayollarimiz hayosizlashdi, erkaklarimiz subutsizlashdi. Bular hammasi Zulmning zaharli mevalaridir. Biz iqtidorga kelsak, nima qilishimiz mumkinligiga turli bahonalar bilan turli shaklda javob berganman. Putin taklif etayotgan Avroosiyo biz hayol qilgan Avroosiyo andozasiga uyg‘un emas. Biz teng huquqli partnerlar Avroosiyosiga qarshi emasmiz. Hatto, Avroosiyoda Turk dunyosi va Slav dunyosidan iborat ikki blok insho etilsa,bu yuksalayotgan Xitoy ekspansiyasiga qarshi bir geostrategik qalqon bo‘la olardi, degan fantastik fikrimiz ham yo‘q emas. Ammo xali bu hayolni haqiqatga aylantiradigan tarixiy shart-sharoitlar vujudga kelgani yo‘q. Ammo biz orzu etishda davom qilamiz, albatta.

Savol: Hurmatli Muhammad Solih aka, yaxshimisiz, ishlariz yaxshimi, Alloh himoyasida saqlasin. Men sizni g‘oyibdan hurmat qilaman va o‘z navbatida sizdan ranjigan holatlarim ham bor. Ijozat bersangiz, bir qator savol bermoqchiman.1. O‘XH faoliyatida qanday kamchiliklar tufayli tarqalib ketdi? Bu tarqoqlik omillari va asosiy sabablari qanday? Ya‘ni aniq va daqiq qilib xalqqa, Sizni hurmat qilgan O‘zbekistonliklarga shu masala bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘ta olasizmi?2. O‘XH tashkiloti kim tomonidan moliyalashtirilgan? Biz bilamizki, sobiq Akromiylar nomi bilan tanilgan guruh O‘XH ga a‘zo bo‘lganida moliyaviy ishlarni o‘z bo‘yniga olgan edi, xo‘sh bu moliyaviy masalalar bo‘yicha O‘XH o‘z tarafdorlariga hisobot beradimi?Umumiyatla olganda, O‘XH nimani hisobiga kun ko‘radi?3. O‘XH tashkilotiga rais bo‘lar ekansiz, bu tashkilotni kelajakdagi faoliyati haqda nimalar deya olasiz?4. O‘XH nizomiga ko‘ra har uch yilda Qurultoy bo‘lishi va tashkiliy ishlar qurilishi lozim, bu yilgi O‘XH Qurultoyi haqida umumiy ma‘lumot bera olasizmi?

Mirrahmat Mo‘minov, Facebook

M.Solih: O‘XH tarqalib ketmadi, unga kirgan 10 ga yaqin kishi Harakatdan chiqib ketdi. Va bu odamlarning chiqib ketishini men avvaldan aytgan edim, chunki bu odamlar avvalgi tashkilotlardan ham xuddi shunday arzimagan bahonada chiqib ketishgan edi. Ular o‘z vazifasini bajarishdi demak. Andijonlik do‘stlarimiz bir yaxshi niyat bilan Harakatga a‘zo bo‘lishdi va bir muddat samimiy mehnat qilishdi. So‘ngra ko‘rdilarki, siyosat tashqaridan ko‘ringani kabi oson ish emas ekan, bu ishning zarari faqat o‘zingga emas, oila-a‘zolaringga ham tegar ekan. Va ular chekindilar. O‘zbekiston MXX sining vakili Dyusseldorfga kelib, jamoat liderlariga "Andijondagi qarindoshlaringizni yo‘qotib yuboramiz" deb tahdid qilishdi va do‘stlarimiz harakatdan chiqdilar. Mening ulardan xafachiligim yo‘q, ular marofonda shu nuqtaga qadar chopa oldilar, shunga ham rahmat. Aslida, men Harakatdan ayrilgan hech biridan xafa emasman. Harakatga kirish kabi undan chiqish ham shaxsning ishidir. Andijon jamoati Harakatning moliyaviy ta‘minotiga ilk bosqichda yordam bergan, keyingi Qurultoylarning moliyaviy ta‘minoti bilan Harakatga hayrhoh boshqa birodarlarimiz shug‘ullangan.

Savol: Assalom aleykum Muhammad Solih aka! O‘zbekstonning o‘zboshimcha siyosatidan, diktaturadan deyarli xalqning hammasi mamnun emas.Faqat qo‘rqqanidan maqtaydi, qo‘rqqanidan indamay yashaydi, qo‘rqqanidan nimaiki boshga tushsa barchasiga rozi! Bu holatdan xalq qanday qutulishi mumkin? Karimov yana o‘z o‘rnini sotib oldi, u ketgani bilan yon-atrofdagilari o‘rniga o‘tirib, hech narsa o‘zgarmasligi aniq. Bu savollarga to‘liqroq javob bersangiz. Qachon mardikorlar ozayadi, fohisha o‘zbek qizlarining son-sanog‘i kundan-kunga oshib bormoqda.

Po‘lat Turon, Facebook

M.Solih: "Qachon mardikorlar ozayadi, fohisha o‘zbek qizlarining soni qachon ozayadi?" degan savollaringizni Karimovga bersangiz edi, ancha foydali bo‘lardi. Biz iqtidorga kelsak, albatta bu savollaringizni bizga bermaysiz, chunki u paytda mardikorlar o‘z vataniga qaytgan bo‘ladilar, chunki o‘z vatanida ularga ish bo‘ladi, qizlarimiz Dubayga "sayohat" qilmaydilar, chunki ular uchun ham normal yashash uchun sharoit yaratilgan bo‘ladi. Buni qilish uchun o‘lka rahbaridan daho bo‘lish talab qilnmaydi, buni bajarish uchun ozgina farosat, ozgina aql, ozgina rahm-shafqat, ozgina mazlumga qayishish, birodaringga yaxshilik istash va kuchli bir iroda lozim.

Savol:Assalomu alaykum! Men ham Po‘lat Turonning gaplariga qo‘shilaman. Va yana sizdan so‘ramoqchiman, bizdagi bu nohaqliklarga chegara qo‘yishning nahotki imkoni yo‘q?. Qanday qilib bizdagi shu muammolarni to‘xtatish kerak: ishsizlik (etishmovchilikdan chet davlatlarda mardikorchik, ayollarni shunaqa yomon-xarom yo‘llar orqali pul topishi), so‘m qadrsizligi, poraxo‘rlikni avj olib ketganligi, qonunni xalqqa kelganda o‘z kuchini yo‘qotib davlat-hokimiyat organlari uchun asosiy qurol qilib olganligi, ya‘ni chiqarilgan qonunlar xalq manfaati uchun emas, tepada o‘tirgan hokimiyat egalari uchun xizmat qilishlarini to‘xtatishni, 21 asrda yashab turib nahotki bechora xalqimizni hech bo‘lmasa gaz va elektr bilan ta'minlashning iloji bo‘lmasa? Amallab pul topib biror hususiy firma tashkil qilganlarga (agar uning daromadi tuzukroq bo‘lsa) unga qonun doirasida yo‘q bo‘lgan yo‘qlovlar yo‘qlab, uni krizisga uchratadilar va so‘ng aqli bor odam bunday ishga qo‘l urmaydi va hk... Bu zayilda o‘zbek xalqi oxiri nima bo‘ladi?Siz siyosatchi sifatda shu holatlarga jim qarab turishingiz to‘g‘rimi? Siz ham bejiz prezidentlikka nomzod sifatida qo‘yilmagansiz, ya‘ni sizni ham butun xalqni boshqara oladigan shaxs sifatida bilishgan. Agar zarur bo‘lsa, ko‘zlari g‘ubor bosgan oddiy xalqni siz to‘g‘ringizdagi fikrlarini o‘zgartiring! Siz Prezidentimizga raqib bo‘lmang! Shunchaki xalqingiz uchun nimadir qiling! Ya‘ni savolim- shu botqoqqa botib borayotgan xalqingiz uchun nimadir qilib, uni qo‘lidan tortib, to‘g‘ri yo‘lga solish qo‘lingizdan keladimi?

Shirin Qodirova, Facebook

M.Solih: Albatta chorasi bor bularning! Zulm boqiy bo‘la olmaydi, Karimov zulmi ham o‘z nihoyasiga yetayapti, inshoOlloh. Qisqa bir zamon so‘ngra, bu zulmning qurbonlari yorug‘likka chiqajak va bu oydinlikka tezroq chiqish uchun har kim qo‘lidan kelgan, kichik bo‘lsa ham, bir aktsiyani amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Hamma narsani baxti qaro muxolifatdan kutish odatini tark qilinglar, sizlar ham hissa ko‘shinglar muxolifat harakatiga!

Savol: Assalomu Aleykum Janob M. Solih siz haqiqatdan ham ekstremist musulmonlar a‘zosimisiz va sizning partiyangiz, ya‘ni ERK partiyasi shariyat qonunlariga tayanadimi?

Tashkentskiy Brodyaga, Facebook

M.Solih: Ha, inshoOlloh, men musulmonlarning a‘zosiman. Agar siz Karimov meni ayblagan ayblar bo‘yicha so‘rayotgan bo‘lsangiz, ha men esktremistman. Ya‘ni agar 5 vaqt namoz o‘qish ekstremizm bo‘lsa, Allohning buyurgan farzlarini ado etish ekstremizm bo‘lsa, men ekstremistman. ERK partiyasi bir siyosiy partiyadir, diniy jamoat emas.

Assalomu alaykum Muhammad Solih!

Siz o‘zingizni O‘zbek muxolifatining lideri deb bilasiz. Haqiqatan ham siz mustaqillik yillarida va undan keyingi yillardagi siyosiy jarayonlarda yaxshi-yomon ishtirok etib kelyapsiz. Siz avval "Birlik" harakatining, keyin O‘zbekiston Demokratik kuchlari Forumining va nihoyat O‘zbekiston Xalq Harakatining tuzilishida bevosita ishtirok etdingiz va bu tashkilotlarning asosiy rahbarlaridan biri bo‘ldingiz. Ammo afsuski, bu uchala tashkilot ham vaqt o‘tishi bilan o‘zining birligini qo‘riy olmay, parchalanib kedi. Natijada O‘zbek muxolifati jiddiy porakandaliklarga uchradi, muxolifat zarar ko‘rdi. Siyosatda lider istasa-da, istamasa-da, natija uchun mas‘uldir. Siz O‘zbek muxoliflar tomonidan tuzilgan bu 3 harakatning parchalanib ketishi uchun o‘zingizni qaysi darajada mas‘ul, deb hisoblaysiz. Bu mas‘uliyatdan kelib chiqib, men 25 yildir urindim, ammo taqdirimda muxolifat lideri bo‘lishlik yo‘q ekan, deb iste‘foga chiqish haqida qaror bera olasizmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat!

Omon Yo‘ldosh

M.Solih: Men qurilishida ishtirok etgan va rahbarligini yuritgan Birlik, ERK va O‘zbekiston Xalq Harakati mazlum o‘zbek xalqining ozodligi uchun imkoni darajasida xolis va jasorat bilan kurashdi, alhamdulilloh. Karimov rejimi kabi qattol rejim dunyoda yo‘q, unga muxolifat qilish uchun otning yuragiday yurak kerak insonga. Birlik, ERK va O‘zbekiston Xalq Harakatida shunday dev yurakli insonlar faoliyat kursatdi va bu yulda ko‘plari shahid bo‘ldi, ko‘plari zindonlarda o‘tiribdi, ko‘plari surgunda sarson-sargardon dunyo kezib yuribdi. Bu harakatlar parchalanishi uchun sizga o‘xshagan insonlarni safarbar qilgan qattol rejim 26 yildir, bir zum ham tinch yashagani yo‘q va albatta, deganingiz kabi, ba‘zi natijalarga erishdi. Lekin shu onda, shu soatda ham Karimovning jazo organlarining asosiy ishi - ERK a‘zolarini, O‘XH faollarini ta‘qib qilish ekanligini butun O‘zbekiston biladi. Hech bir boshqa muxolif tashkilot ERK va O‘XH kabi jabr ko‘rayotgani yo‘q, tazyikka uchrayotgani yo‘q. Nega? Chunki yarim-yamaloq saylov bo‘lsa ham, unda Karimovdan ko‘proq ovoz olishi mumkin bulgan, hali ham xalqning asosiy qismi tarafidan qo‘llab-quvvatlanyotgan tashkilotlar shu ERK va O‘XH dir. Agar shunday bo‘lmaganda edi, ularga har kuni piket qilayotgan mariginal guruhlarga e‘tibor qilmaganlari kabi, e‘tibor qilishmagan bo‘lardi. Men o‘zimni ERK ka ham, O‘XH ga xam rahbar tayin etganim yo‘q. Meni bu tashkilotlarning Qurultoylari saylagan. Qurultoy mening iste‘fomni istasa, iste‘fomni jon deb taqdim etaman.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Your contact details
Disclaimer