"Uzun ko‘ylak kiygan turkman qizga uylanaman..."

Image copyright BBC World Service
Image caption "Aylanaman, Sharqni kezib aylanaman..."

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sportni rivojiga va sog‘lom turmush tarzini keng targib qilishga alohida urg‘u bermoqda.

Poytaxt Ashxabotda Butunjahon Sog‘liqni Saqlash Kuni arafasida bir turkum sport majmualari ishga tushdi. Prezidentning shaxsan o‘zi mazkur ochilish marosimida ishtirok etdi.

O‘ta dabdabali o‘tgan ushbu marosimda Vazirlar Mahkamasi a‘zolari, mutassadilar va Turkmanistonda akkreditatsiyadan o‘tgan chet ellik diplomatlar ham qatnashishdi.

Boshliqlarning sport kiyimida bo‘lganligi odam ko‘zini ancha quvontirdi. Hukumat vakillarining barchasi chiroyli tikilgan sport kiyimlarida tizilib turishibdi.

Shu o‘rinda, tomashabinning nigohi nagahon ayollarning kiyimiga tushdi. Ayollar uzun etagi yerga tegadigan ko‘ylakda, oyoqlarida krossovkalar, ustilarida "olimpika" hamda boshlarida bejirimgina ro‘molcha.

Bu holat ham boshqa bir o‘rinli savolni tug‘dirdi: bu ayollar o‘zlarining milliy sport kiyimlarida velosiped minish u yoqda tursin, oddiygina bo‘lgan mashqlarni qanday bajarar ekan?

Mamlakat haqida hech qanday ma‘lumotga ega bo‘lmagan kishi: "Nega ular oddiy sport kiyimini kiyishmaydi", deb hayron bo‘lishi turgan gap. "Nega ular sport o‘yinlarida haqiqatdan ham ishtirok etmay, ko‘proq ko‘z bo‘yamachilik uchun bu anjumanda ishtirok etishmoqda", deyishi ham aniq.

Yo‘q! Bunga ularning milliy xususiyatlari, urf-odatlari va mentaliteti aslo yo‘l qo‘ymaydi. Nima bo‘lishidan qat‘iy nazar, ayollar uzun ko‘ylakka o‘ralgan holda oyoqlarini qo‘lga olib tezda sport maydonchalarida to‘planib velosiped poygasida qatnashishlari shart.

Turkmanistondagi barcha OAVlari xalqning ommaviy tarzda velo-sport bilan shug‘ullanayotganliklari haqida tinmay jar solishmoqda.

Image caption Milliylikka nima yetsin...

Bu "ommaboblik" faqatgina OAVning so‘zlari, xabardorlarning aytishicha esa, tibbiyot xodimlari, talabalar velosiped sotib olishga majbur etilmoqda emish va deyarli har hafta shu kabi poygalarda ishtirok etishlari lozim.

Poytaxt klinikalarining bosh vrachidan kuni kecha bir qiziqarli hikoya eshitdim. Uni velosiped sotib olishga va bunday tadbirda ishtirok etishga majbur qilishibdi. Ya‘ni, u o‘z ishini va kasallarini tashlab poygaga borishi kerak ekan. Qolaversa, velosipedni ayollar yuqorida aytilgan "milliy sport kiyimida" haydashlari majburiy tarzda "tavsiya" etilgan ekan.

U chorasiz qolib, muammodan qutulishning samarali yo‘lini topibdi. O‘zining o‘rniga muovinini jo‘natibdi. Bu chora nafaqat samarali balki omadli ham bo‘lib chiqibdi. Uning yordamchisi sovrinli o‘rinni olib qaytibdi.

Bu Turkman sportning o‘ziga xos jihatlari haqidagi bir hikoya edi. Buning yakunida mashhur o‘zbek-turkman qo‘shig‘ini kuylayverasan kishi: "Uzun ko‘ylak kiygan turkman qizga uylanaman…" Kamiga, o‘zimizdan qo‘shib qo‘yamiz: "...velosiped minishni bilsa, undan ham yaxshi…"

O‘zbekistonlik "kuyov bo‘lmish"

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK