"Qamchiqda avtoulovlar sozligi tekshiruvini kuchaytirish kerak"

Image copyright BBC World Service

Qamchiqdagi 11 inson umriga zomin bo‘lgan avtohalokat yana bir bor xavfsizlik qoidalariga rioya qilish haqida bosh qotirishga undaydi.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, balandlikdan pastga tushib borayotgan yuk avtomobili ikki yengil avtomobilni bosib ketgan va ag‘darilgan.

Qamchiqdagi yirik avtohalokatni IIV tasdiqladi

Yaqinda ham Qamchiq dovonida yuk ortilgan avtoulov yo‘l chetidagi tamaddixonaga borib urilgani, bir necha inson hayotdan ko‘z yumgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, avtomobilga mo‘ljallanganidan ko‘p yuk ortilgan va bu narsa haydovchining boshqaruvni yo‘qotishiga olib kelgan.

Dengiz sathidan 220 metr balandlikdagi Qamchiq dovoni O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarini respublikaning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan yagona avtomobil yo‘li hisoblanadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng dovon yo‘lini qulay va xavfsiz avtotrassaga aylantirish ishlari boshlangan, bu ishlar hamon davom etmoqda.

Qamchiq avtomobil yo‘li kengaytirilib, harakatlanish ancha qulay qilinganiga qaramasdan, tog‘ yo‘lida halokatli hodisalar tez-tez ro‘y berib turadi.

Farg‘onalik taniqli inson huquqlari himoyachisi Abdusalom Ergashev aytishicha, qishki yog‘in-sochinda dovon yo‘li ko‘p ishdan chiqadi va kunlar isiy boshlashi bilan yo‘lning o‘ydim-chuqur joylarini ta‘mirlashga kirishiladi.

Ana shunday paytda yo‘lning bir tomonlama harakatlanishga ruxsat berilgan qismida vaqtincha ikki tomonlama qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘l ta‘mirlanayotgan joylarda harakatlanish tezligi pasaytiriladi, quvib o‘tish taqiqlanadi.

"Biroq radar tutgan DAN xodimi yo‘qligiga ishonch hosil qilgan har bir haydovchi bor tezligi bilan yurishga harakat qiladi. Imkonini topgan har bir haydovchi qoidani buzishga harakat qiladi. Bilmayman, buni qanday xarakterlash mumkin?", deydi Abdusalom Ergashev.

Shuningdek, avtomobillar vazni ham nazorat qilinmaydi, deydi faol.

Abdusalom Ergashev fikricha, Qamchiq dovoniga chiqayotgan avtomobillarning texnik sozligi va vaznini qattiq tekshirish lozim.

Ana shunda halokatlar oldini olish mumkin.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Siz Qamchiq dovonida harakatlanishni yanada xavfsiz qilish uchun nimalar qilish lozim deb o‘ylaysiz?

O‘z fikr-mulohazalaringizni ushbu maqola ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasiga maktub bilan yo‘llang.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Your contact details
Disclaimer