Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Akramjon aka: 'Rossiyaga ham o‘sha velosipedimda boraman'

2006 yilgi jahon chempionatida mezbon Olmoniyaga velosipedda borib, Olmoniyaning o‘zida olmon milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilgan marg‘ilonlik otaxon endi Rossiyaga bormoqchi.

Rossiyada, agar, futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon birinchiligiga chiqsa, albatta, O‘zbekiston, aks holda yana o‘zi ishqibozi bo‘lgan Olmoniya milliy terma jamoasiga muxlislik qilmoqchi.

Asl kasbi duradgor bo‘lgan va bu yil 61 yoshni qarshilovchi marg‘ilonlik futbolsevar suhbatdoshimizning Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, hozir tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda va kelasi oy bu xususda Rossiya elchixonasiga rasman murojaat qilmoqchi, birinchilikka borish uchun ularning ruxsatini olmoqchi.

Akramjon aka Ma‘rufjonovning so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, Rossiyadagi jahon chempionatiga yana velosipedda, ammo bu gal Marg‘ilonu Farg‘onadan ja‘mi 10-12 kishi bo‘lib borishmoqchi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Rossiyaga ham o‘ziga Olmoniya safarida pand bermagan “o‘sha” velosipedida bormoqchi. Uni allaqachon ta‘mirdan chiqarib, Navoiy yo‘llarida sinab ham ko‘rgan.

Moskvaga yetib olishi uchun Akramjon aka o‘z hamrohlari bilan qariyb 5.000 km masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.

U kishining aytishicha, bu – velosipedda 45 kunlik yo‘l, degani.

“Oldin Rossiya elchixonasiga murojaat qilib, ularning suhbatidan o‘tganimdan keyin bo‘lajak safarimiz xaritasini tuzib chiqamiz, yo‘l hozirliklarini boshlaymiz”, - deydi u kishi.

Akramjon aka Rossiyaga sayohatlarining moliyaviy tomoni o‘zlarini o‘ylantirmayotgani, buning uchun allaqachon yetarlicha homiylar borligini ham qo‘shimcha qiladi.

Bu hali hammasi emas

Image copyright uff

Marg‘ilonlik futbolsevar otaxon Olmoniyadan keyin Janubiy Afrika va o‘tgan yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon birinchiliklariga ham velosipedda safar qilish niyati bilan chiqqan, ammo, eng so‘nggiga kelib, u kishiga qonidagi qand miqdorining ko‘pligi pand bergandi.

Akramjon akaning Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan so‘nggi suhbatida aytishicha, hozir shifokorlarning tibbiy nazoratlari ostida, shu bois ham Rossiya safari oldidan u kishini bu kabi o‘y qo‘rqitayotgani yo‘q.

Suhbatdoshimiz Braziliyada jahon futboli afsonasi Pele va portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronalьdu bilan ko‘rishmoqchi bo‘lgan, sevimli jamoasi Olmoniyaning jahon chempioni bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni istagandi.

Ammo u kishi futbol bo‘yicha 2006 yilgi jahon chempionatiga mezbon Olmoniyaga velosipedda borgan, o‘sha paytda olmon milliy terma jamoasi va o‘zlari oilaviy bo‘lib ishqibozlik qiluvchi Myunxenning “Bavariya” klubi darvozaboni bo‘lgan afsonaviy Oliver Kanning dastxatini olishga muvaffaq bo‘lgan.

Akram aka Oliver Kanning katta futboldan xayrlashuv tadbirida ham shaxsan ishtirok etib, unga o‘zbekona zarbof to‘n va do‘ppi kiydirgan birinchi va hozircha, so‘nggi o‘zbekistonlik bo‘ladi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasiga esa, halicha jahon birinchiligiga chiqish baxti nasib etmagan.

Jamoa 2014 yilgi birinchilikka borish imkoniyatini eng so‘nggiga kelib, pley-off bosqich bellashuvlaridagina boy bergandi.

14 aprel kuni tashlangan qur‘a natijalariga muvofiq esa, O‘zbekiston Rossiyada bo‘lib o‘tajak 2018 yilgi jahon chempionati guruh bosqich saralash bellashuvlarining ikkinchi bosqichida Bahrayn, Filippin, Shimoliy Koreya va Yamanga qarshi to‘p suradi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK