G'arb tarixdan o'z manfaatida foydalanmoqdami?

Image copyright ellie kurtz

Londonda namoyish etilgan Boburiy shahzodalarga bag'ishlangan spektakl bahsu-munozaralarni keltirib chiqargan.

"Shahzoda Doro" dramasi Hindiston hukmdori Avrangzeb taxtga voris inisi Doro Shukuh qo'lidan hokimiyatni tortib olishi, diniy mutaassiblik va islomiy bag'rikenglik haqida.

Lekin, O'zbekiston Xalq shoiri, tarixchi, telejurnalist Xurshid Davron fikricha, ushbu spektaklning bugun sahnalashtirilishi ortida Islomni qoralash maqsadi yotipti.

"Olis o'tmishda bo'lib o'tgan boburiylar taxti uchun olib borilgan kurash voqealaridan G'arbning Liviya, Suriya, Iroqda uyushtirayotgan qirg'inbarotlarni oqlash uchun foydalanilayotgani yaqqol ko'zga tashlandi", deb yozgan Xurshid Davron o'z blogida.

"Shahzoda Doro" dramasi yaqinda Londondagi Milliy teatrda namoyish etildi.

Spektakl stsenariy muallifi va rejissyori taniqli pokistonlik dramaturg Shahid Nadim.

U "Doro" spektaklini ilk bor 2010 yil Pokistonning Lahor shahridagi Ajoka ajoka.org.pk teatrida sahnalashtirib namoyish etgan.

So'ng sahna asari Pokiston va Hindistonning qator teatrlarida o'ynaldi va tomoshabinlar, drama san'ati mutaxassislari tomonidan juda yaxshi qarshi olindi.

Muallif Shahid Nadim bilan hamkorlikda londonlik rejissyorlar Nadiya Foll va Tanya Ronderlar pesani Britaniya sahnasiga juz'iy o'zgartirishlar bilan sahnalashtiradilar.

"Shahzoda Doro" spektakli London jamoatchiligi tomonidan ham, tanqidchilar tomonidan ham olqishlar bilan kutib olindi.

Matbuot, xususan, Bi-bi-si ham spektaklda ko'tarilgan Islom dinidagi mutaassiblik va bag'rikenglik mavzusiga to'xtaldilar.

Boburiy shahzoda, Islom va diniy bag‘rikenglik

Ushbu maqola G'arb bilan Sharq, matbuot erkinligi haqidagi bahslarga ham turtki berdi.

kh-davron.uz blogida "Boburiy shahzoda haqidagi drama nima maqsadda London teatrida sahnalashtirildi?" deb nomlangan maqola e'lon qilindi.

Maqola muallifi Xurshid Davron shunday yozadi:

"Boburiy shahzoda, Shoh Jahonning vorisi Doru Shukuh hayoti aks etgan drama Londonning Milliy teatri sahnasida namoyish etilmoqda. Tarixiy asarda XVII asrda Hindistonda Boburiylar o'rtasida taxt uchun kechgan shafqatsiz kurash tasvirlanadi. Alohida ta'kidlash lozimki, bugungi siyosatlashgan zamonda, g'oratkor G'arb islomga qarshi qaqshatqich qirg'in o'tkazayotgan muhitda ushbu dramani sahnalashtirish zamirida islomni qoralash maqsadi yotgani oydin bir narsadir.

Drama haqida Bi-bi-si o'zbek xizmatini xabarini taqdim etar ekanman, uni o'qish davomida yana bir karra yuqorida aytgan fikrim qat'iylashdi. Olis o'tmishda bo'lib o'tgan boburiylar taxti uchun olib borilgan kurash voqealaridan G'arbning Liviya, Suriya, Iroqda uyushtirayotgan qirg'inbarotlarni oqlash uchun foydalanilayotgani yaqqol ko'zga tashlandi. Zero, boburiylar taxti uchun kurash voqealari nechog'li qonli va battol kechgan bo'lmasin, Avrangzebning din sohasida olib borgan faoliyati nechog'li bahstalab va noo'rin bo'lmasin (bu haqda dastlab Shoh Jahon, keyin Avrangzeb saroyida vrach maqomida xizmat qilgan Fransua Bernening «Istoriya poslednix politicheskix perevorotov v gosudarstve Velikogo Mogola» asarida batafsil o'qish mumkin) sodir bo'lgan voqealar baribir o'tmish mulkidir.

Qolaversa, boburiylar kurashi inglizlarning taxt uchun olib borgan kurashlari paytidagi mudhishliklar, din yo'lida Richard Uchinchiga o'xshagan avantyurist salbchilarning islom ahliga nisbatan o'tkazgan qirg'ini va eng muhimi, Hindiston istilosi davrida inglizlar amalga oshirgan qonli jinoyatlar oldida so'nik bo'lib qoladi. Bosqinlar hisobidan boyigan G'arb bugun ham Sharqning muteligidan foydalanib oqqa turib olgan, boylik yig'gan kunlarini qo'msab, yangi salb yurishlarini avj oldirmoqda. Ingliz qirolichasi tojida o'sha qonli bosqinlar evaziga Hind yurtidan o'g'irlab olib keltirilgan dunyoning eng qimmatli duri bezab turganini unutmaylik. Mazkur dramani sahnalashtirish ham anglo-sakslarning bugungi dunyoni o'ziga bo'ysundirishga qaratilgan munofiq siyosatining bir ko'rinishidir.

G'arb matbuoti so'nggi o'n yillar ichida juda keskin o'zgarib, ana shu siyosatning mute xizmatkoriga aylanganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Ayrim chet eldagi radiolar o'zbek ommaviy axbarot vositalarini qoralab, ular haqiqatni ko'rsatmayaptilar degan gapni takrorlab keladi. Men bu gapni rad etmagan holda, G'arb matbuoti ham hech qachon oydin haqiqatni aytolmasliklarini yaxshi bilaman, zero,, xo'jayinlari aytgan gapni takrorlaydilar, ularning chizgan chizig'idan chiqmaydilar va bu bilan o'zbek matbuotidan sira farq qilmaydilar.O'zbek OAVlari kar va gung bo'lsa, G'arb matbuoti pulga sotilgan ko'r va soqovdir. «Biz erkinmiz va demokratik prnntsiplar asosida ishlaymiz» degan gapni pesh qilishni yaxshi ko'rgan G'arbda keyingi yillarda «Buyurtmali («Katta pul to'lash evaziga yozadigan) jurnalistika» to'la hukmronligi yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Men bu «g'arbona demokratiya» qanchalik g'arib va beprintsip ekanini ko'rib turibman, o'zidan boshqa hech kimni odam o'rnida ko'rmaydigan, faqat o'z zo'ravonligiga ishongan, xohlagan jurnalistini yoki matbuot vositasini ochiq sotib olayotgan, o'z «demokratiyasi»ni timsollariga aylangan bomba va o'qlarini kuchsiz va himoyasiz o'lkalarga yog'dirayotgan xudosiz G'arb insoniyatni jahannam yoqasiga boshlab borayotganini ko'rib turibman. Har kuni, har soatda, har daqiqada uning jinoyatiga guvohman."

Xo'sh, bugun G'arb tarixdan o'zining bugungi manfaati yo'lida foydalanayotgani borasidagi fikrlarda qanchalar jon bor?

"Ba'zi joylari to'g'ri bo'lsa ham men uni (Xurshid Davronning) fikriga to'la qo'shilmayman", deydi Toshkentdan taniqli tarixchi olim Ashraf Ahmedov.

"Sharqda bo'layotgan hamma narsalar, masalan, Arab mamlakatlarida bo'layotgan narsalarga aybni G'arbga qo'yib bo'lmaydi. Masalan, Suriya, Iroq, Yamanni ham olib qarang! Hammasi arablarning o'zining ichidan chiqayapti", deydi Ashraf Ahmedov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Your contact details
Disclaimer