IMF MDH davlatlari iqtisodining istiqbolidan xavotirda

Image copyright Reuters

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasiga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz qolgan MDH davlatlaridagi iqtisodiy o‘sish sur‘atlariga ta‘sir etmay qolmaydi.

Mavjud bo‘hron sabab, Rossiyada Yalpi Yillik Ichki Mahsulot Ishlab chiqarish ko‘lamining joriy yilning o‘zida qariyb 4 foizga kamayishi mumkin.

Iste‘mol narxlarining esa, 20 foizlar atrofida qimmatlashishi ehtimoli bor.

Xuddi shu manzarada xalqaro moliyaviy tashkilotning MDH davlatlari iqtisodiga oid bashoratlari ham anchayin salbiy.

Unga ko‘ra, bu davlatlar Yalpi Yillik Ichki Mahsulot Ishlab chiqarish ko‘lami joriy yil oxiriga qadar 2.6 foizga qisqarishi va ularning aksariyatida inflyatsiya darajasi ham yuqoriga sapchishi mumkin.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining xulosa qilishicha, “mavjud holat Rossiyadagi inqiroziy bo‘hronning MDH davlatlari uchun ikkilamchi oqibatlari bo‘ladi”.

Rossiya iqtisodining ahvoliga oid bashoratlarga jahon bozorida neftь narxlarining beqarorligi va xalqaro sahnada geosiyosiy tanglikning kuchayib borayotgani sabab qilib keltiriladi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bunga qo‘shimcha o‘laroq, tashqi kreditga oid shartlarning kuchaytirilishi va yotirimchilar ishonchiga darz yetishi shu yilning o‘zida Rossiya iqtisodining retsessiyasiga sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tish joiz, yaqinda Jahon Banki ham xuddi shunday bashorat bilan chiqqandi.

Faqat bugina emas

Image copyright Getty

Mavjud beqarorliklarning uzoqqa cho‘zilishi va yangi sanktsiyalar ehtimoli esa, Rossiyaga kiritilayotgan sarmoyalar miqdorining yanada kamayishiga olib kelishi mumkin, - deydi, o‘z o‘rnida, IMF.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bank va korportiv sohalarda vujudga kelgan va kelajak muammolar bois, Rossiyadagi moliyaviy barqarorlik xavf ostida qoladi.

Xuddi shu manzarada yangi hisobot mualliflarining e‘tiboridan hanuz inqiroz ichida bo‘lgan Ukraina iqtisodining bu yaqin yillardagi istiqboli ham bir chetda qolmagan.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining aytishicha, bu yil Ukrainada ham iqtisodiy o‘sish sur‘atlari pasayadi. Ammo, shuning barobarida, “iqtisodiy faollik barqarorlashib, tiklanish nishonalari ham ko‘zga tashlana boshlaydi”.

Ammo, xalqaro tashkilotning eng so‘nggida xulosa qilishicha, jahon iqtisodi 2016 yilga borib 4 foizga o‘sadi.

Eslatib o‘tish joiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yil oxirida mamlakati iqtisodining bu yaqin yillardagi istiqboliga alohida e‘tibor qaratgan va mavjud inqiroz ikki yildan uzoqqa cho‘zilmasligini aytgandi.

Prezident Putin rublь qadrining pastga sho‘ng‘ishiga "tashqi omillar"ni ayblagan, shuningdek, Rossiya iqtisodiy xilma-xillik taraqqiyotida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ham tan olgandi.

Ammo Rossiya rahbari milliy valyuta zahiralari iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun yetarli ekanini ta‘kidlagandi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra esa, Rossiya milliy pul birligining keskin qadrsizlanishi allaqachon Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiga jiddiy zarba berib ulgurgan.

Chunki aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari va importga qaram.

Rossiya rubli ortidan mahalliy pul birliklari ham o‘z qadrini yo‘qota boshladi, bu esa, o‘z navbatida, keng iste‘moldagi chetdan kelayotgan mahsulotlar narxlarining qimmatlashuviga sabab bo‘ldi.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Ukraina inqirozida tutgan o‘rni uchun rasmiy Kremlni “jazolash”ga qaror qilgandi.

Rossiyaning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neft narxining pasayib ketishi esa, bu jarayonni yanada tezlashtirdi.

O‘tgan yilning sentyabr oyidan buyog‘iga rublь o‘tgan to‘rt yil davomida kuzatilmagan bir darajada arzonlab ketdi.

Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul o‘tkazmalari ham kamaya boshlagan.

So‘nggi yillarda bu kabi naqd tushumlar, deylik, Qirg‘iziston Yillik Ichki Yalpi Mahsulot Ishlab chiqarish hajmining qariyb uchdan bir va Tojikistonnikini esa, yarmiga yaqinini tashkil qilgan.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, aynan Rossiyadagi mehnat muhojirlaridan kelayotgan pullar O‘zbekistonda ham muhim "ijtimoiy himoya" kamari vazifasini bajarib turganligini ta‘kidlashadi.

Agar, mintaqaviy tahlilchilarning bashoratlariga tayanilsa, Rossiya iqtisodining orqaga ketishi Markaziy Osiyoga uzoq muddatli ta‘sirga ega bo‘ladi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Bu mavzuda batafsilroq