Chiqish vizasi kerakmi?

Image copyright none

Dunyoning deyarli barcha davlatlarida "chiqish vizasi" va yo o‘zbekistonliklar orasida "OVIR" nomi bilan mashhur cheklov yo‘q.

Sobiq Sho‘ro davlatlari orasida ham deyarli barcha mamlakatlar bu cheklovni bekor qilishgan.

BBC O‘zbek xizmati o‘z mushtariylariga "O‘zbekiston hukumati "chiqish vizasi"dan nima uchun voz kechmaydi?" degan savolni bergandi.

"Chiqish vizasi kerakmi" deya tashlagan savolimizga Firdavs Mustafoev qisqa qilib "Yo‘q, kerak emas, bitta ovir olish uchun kamida 100 ming harajat qilish kerak" deya javob yozgan.

Gayrat Yuldoshga ko‘ra ham: "Menimcha kerak emas. Ammo kinoya bilan yozaman "Bizni hech kimnikiga o‘xshamagan o‘z yo‘limiz va axmoqona bo‘lsa-da hech kimnikiga o‘xshamagan qonun qoidalarimiz bor".

David Rogers ning fikricha, chiqish vizasi "keraksiz narsa. Ortiqcha harajat va boshog‘riq. Bu korruptsiyaning hujjatlashtirilgan ko‘rinishi".

Unga ko‘ra, bu kabi holatlar O‘zbekistonda ko‘p va bunga amin bo‘lish uchun normativ hujjatlar ro‘yxatiga boqishning o‘zi kifoya.

"Mahalladan spravka har joyda so‘rashadi. Pasport bor-ku, unda adres ham ko‘rsatilgan. Nimaga kerak mahalladan spravka?" - deya ilova qilgan u.

Shu narsa nazarga molikki, foydalanuvchilar O‘zbekistonda chiqish vizasi tartibi saqlanib qolganligi sabablarini keltirishda anchayin "ijodiy" yondoshganlar.

Masalan, Maks Mahmudovga ko‘ra, "Agar shunday qilmasa (ya‘ni chiqish vizasi bekor qilinsa - tahr) O‘zbekistondan hamma qochib ketadi".

Bahodir Ne'mat ham shu fikrga qo‘shilgandek, "Albatta OVIR vizasi kerak, agar u bo‘lmasa O‘zbekistonda poraxo‘r rahbarlardan boshqa hech kim qolmaydi".

Farhod Khalilovning "g‘oya"siga ko‘ra esa, "O‘zlari bergan biopasportga ishonmaslik bu".

Mukhammadjon Yunusovning taxmini esa o‘ta "noodatiy". Unga ko‘ra, chiqish vizasi tartibi "Shimoliy Koreyaga o‘xshash uchun kerak".

Qaxramon Matyakubov o‘zgacha "sabab"ni ilgari surgan. "Bu xalqni qattiq nazorat qilish uchun qilingan. Pul to‘lovlari esa qo‘shimcha daromad davlatga va xalqni qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da OVIRga kelmasliklari uchun bezdirish", - deb yozgan u.

Rustam Karim chiqish vizasi sababini taxmin qilishda hatto Hollivud filmi bilan qiyos keltirgan.

"Bu OVIR va kerakmas qonunlar, fuqaroning ozod bo‘lmasligi. Qulni kontrol qilib turishdek gap! "12 YIL QULLIKDA" degan kinoni ko‘rganmisizlar? Qulni bo‘yniga tamg‘a osib qo‘yilgan. Xuddi OVIRning ruxsati singari, uyiga kelib, bo‘ynidagi tamg‘ani, quldoriga topshiradi! Diktatura tuzumida shunday kerak emas qonunlar bilan xalqni ozodlikdan mahrum qilinadi", - degan xulosaga kelgan.

Lekin chiqish vizasi tartibini yoqlab fikr qoldirganlar ham bor.

Yulduz Burhonovaga ko‘ra: "Chiqish vizasi kerak. Axir uydan ketayotganda qayerga ketayotganimizni bizdan xavotir olishmasin deb, yaqinlarmizga aytib ketamiz-ku", - deya fikr bildirgan.

Doniyor Pulatov O‘zbekistondagi chiqish vizasi tartibini afrikalik bir do‘stiga tushuntirmoqchi bo‘libdi. Do‘stining munosabati qisqa lekin po‘rma‘no: "Telba mamlakat ekan".

Komil Ahmedov bu borada qoldirilgan fikrlar orasida uni yoqlovchi "post"lar kamligiga e‘tibor qaratgan.

"Hayronman shuncha koment yozilibdi, "hayriyat tinchmizu" deydiganlar yo‘q. Trollar dam olishyaptimi bugun", deya hazillashgan u.

"Oting o‘chsin...OVIR!"

Yaqinda chiqish vizasini olish jarayonini boshdan kechirganlardan birining BBCga yo‘llagan maktubida yozishicha, "har safar OVIR olish vaqti yaqinlashavergach yuragim bezillaydigan bo‘lib qolgan.

"Xorijga oilaviy chiqishimiz sabab chiqish vizasini turmush o‘rtog‘imdan tortib bolalarimgacha to‘g‘rilashimga to‘g‘ri keladi.

Talablarning ichida notarius orqali qilinadigan ishlar bor edi.

Turmush o‘rtog‘imni eson- omon olib chiqib kelishga kafolat xati. Bolalarimning ayolim bilan birga sog‘-salomat chiqib kelishi uchun men tomonidan rozilik va onasi tomonidan yozilgan kafolat xati.

Bu ketishda o‘zimning ham chetga sog‘- omon borib kelishim haqida kafolat xati yozilsa kerak. Bularning hammasi notarius orqali tasdiqlanishi kerak edi.

Xususiy notariuslarning tagiga suv quyilgach, davlatga qarashli notariuslar shaharda yetarli emasligi ishimizni mushkul qildi.

Kun bo‘yi bola-chaqa bilan holi notarius izlashga sarfladik.

Ish vaqti tugayotganda och nahor holda bir notarius topdik, navbatlar bilan ikki soatimiz o‘sha yerda o‘tdi.

Qo‘limizda bolalarning ham biopasporti bo‘la turib nima uchun mahalladan rasmga muhr bosilgan spravka talab qilishayotganiga tushuna olmayman.

Turmush o‘rtog‘imning ekstremistik tashkilotlarga a‘zo emasligi va o‘zini yuvosh tutishi to‘g‘risida raisning muhri bosilgan tavsifnoma.

Ishlamasligim to‘g‘risida oqsoqolning guvohligi.

Xat savodi yo‘q mahalla raisini avvaliga joyida topib olish kerak. Topilgan taqdirda ham uning muhri ham cho‘ntagidan tekinga chiqqisi kelmaydi.

"Nima uchun 1,5 oydan beri OVIRim chiqqan yo‘q. Men bu yerga 80 chaqirim masofa bosib kelyapman. Chiqmasa pasportimni qaytarib beringlar. Pasportimni ushlab o‘tirishga haqlaring yo‘q. Kerak emas vizalaring", - deydi navbat kutib 2 soatda tuynukka arang yetib olgan hijobli ayol.

U tomondan pasportni qaytarib berish to‘g‘risida harakat bo‘lmaydi. "Chorshanba kuni keling", - deydi formalilarga yordam berib yurgan fuqaro kiyimidagi shaxs.

Ayolning aytishicha, 3 haftadan beri uni shunday sarson qilishadi. Nima uchun chiqish viza berilmayotganini sababini ham aytishmaydi, pasportini ham qaytib berishmaydi.

Odamlarda bir kun kelib shu OVIR degan narsa bizlarda ham yo‘q bo‘larmikin, deb orzu qilishadi. Ammo OVIR deganlari yo‘q bo‘lishning o‘rniga unga yetishishdagi talablar yildan yilga ortib bormoqda.

Misol uchun, endi blanka to‘ldirayotganingizda xorijda shuncha vaqt nima ish qilganigizni aniq ko‘rsatishingiz kerak. Agar ayol kishi chiqish vizasiga turmush o‘rtog‘isiz yakka o‘zi topshiradigan bo‘lsa, tibbiy spravka olib kelishingiz va majburiy ravishda suhbatdan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.

Chiqish vizasi uchun ariza bergan oilamizga tanish bo‘lgan bir ayoldan spravka olib kelishda tibbiyot xodimi tomonidan so‘ralgan savollarni eshitib yoqamizni ushladik.

O‘rta yoshli ayoldan tibbiyot xodimi birinchi va oxirgi marotaba qachon xayz ko‘rgani, xomilasini abort qildirgani va xomiladan saqlanish uchun spiral qo‘ydirib qo‘ydirmagani borasida so‘ragan.

Odamni tahqirlashning yangi uslubi. Bu kabi savollarning chet elga chiqish vizasi berish bermaslikka nima aloqasi bor?

Rasmiylar chiqish vizasi chetdagi fuqarolarni himoya qilish maqsadida joriy qilinganini ko‘p ta‘kidlashadi. Lekin quyushqonda turmaydigan savollar va talablarning fuqaroni himoya qilishda qanday ahamiyati bor?

Suhbatlarda namozxonga o‘xshashingizni bilib qolishsa, savollar oqimi ham mana shu yo‘nalishda bo‘ladi.

Savollarni eshitib, men ham diniy ekstremist emasmanmikan, degan shubha paydo bo‘la boshlaydi.

Yoshi o‘tib qolgan tanishlarimizni OVIRdagilar suhbat qilayotganda ularning namoz o‘qib-o‘qimasligi to‘g‘risida so‘rashgan.

Bunaqa suhbatdan keyin validol ichib olishga to‘g‘ri keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer