"O‘zbekiston IShID jangchilarini kutib olishga tayyor"mi?

Image caption IShID saflarida yuzlab markaziy osiyoliklar bor deb ishoniladi

O‘zbekiston Qurolli kuchlari Islomiy Davlat tahdidini qaytarishga tayyor.

Central Asia Online nashri bu haqda toshkentlik siyosatshunos ekani aytilgan Yaksart Sodiqovning fikrlarini keltirgan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xodimining so‘zlari ham keltirilgan xabarda aytilishicha, jangarilar O‘zbekistonga tahdid solgan taqdirda ular 420 tank, 164 harbiy samolyot va vertolyot 715 piyodalar harbiy mashinasiga qarshi keladi.

Ayni paytda Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida yana bir siyosatshunos Rafiq Sayfullin o‘zbek maxsus kuchlari IShID jangarilarini "munosib kutib olish"ga tayyorligi va buning uchun "maxsus dastur" ishlab chiqilganini aytgan.

Ammo janob Sayfullin dastur tafsilotlarini ochiqlamagan.

Xo‘sh, Islomiy Davlat O‘zbekiston va mintaqaga qanchalik tahdid soladi?.

BBC Olma-Otadagi siyosiy tadqiqotlar markazidan professor Aleksandr Knyazev bilan suhbatlashgan.

Aleksandr Knyazev: Mening nazarimda IShIDning Markaziy Osiyoga tahdidi haqidagi barcha gap-so‘zlar haddan tashqari bo‘rttirilgan. Chunki hozirgacha Islomiy Davlat jangovar bo‘linmalarining Markaziy Osiyo u yoqda tursin, hatto Afg‘onistonda ham mavjudligiga doir tasdiqlangan faktlar mavjud emas. Menimcha, hozir IShIDning tahdidi borasida kechayotgan gaplarni siyosiy spekulyatsiya deb atashimiz mumkin. Chunki bu mintaqadagi jarayonlarda ishtirok etayotgan barcha tomonlar uchun manfaatli. Rossiya uchun bu Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining rolini oshirishga xizmat qiladi, Qo‘shma Shtatlar uchun, deylik, Turkmanistonga bo‘lgani kabi harbiy yordam uchun sabab va Xitoy uchun ham o‘z manfaatlarini ilgari surish yo‘lida bir bahona. Ya‘ni barcha tashqi kuchlar uchun birdek qulay omil bu. Albatta Afg‘onistonda IShIDga bay‘at qilib, qora bayroq ko‘tarib olgan uncha katta ta‘sirga ega bo‘lmagan kichik-kichik guruhlar chiqayapti. Ammo ular yo sof jinoiy guruhlar yo-da O‘zbekiston Islomiy Harakati va yo boshqa guruhlarga aloqador odamlar.

BBC: Shu ma‘noda IShID Markaziy Osiyoda hozircha virtual bir tahdid deyishimiz mumkinmi?

Aleksandr Knyazev: Hozircha shunday desak ham bo‘ladi. Ammo bu IShID tahdidi paydo bo‘lmaydi va kuchaymaydi degani emas, albatta. Faqat hozircha real tahdidni tasdiqlovchi faktlarga ega emasmiz.

BBC: O‘zbekiston rasmiylari odatda matbuot bilan unchalik do‘stona aloqada emaslar, ammo so‘nggi paytlarda IShID tahdidi borasida hukumatga yaqin tahlilchilar bot-bot sharh berishayotganini ko‘rayapmiz. Buni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

Image copyright knews.kg
Image caption Aleksandr Knyazevga ko‘ra, IShID O‘zbekistonga harbiy tahdid solmaydi

Aleksandr Knyazev: Bilasizmi, bu mavzu so‘nggi paytlarda nafaqat O‘zbekiston kuch tizimlari, balki butun mintaqadagi rasmiy doiralar tarafidan faol sharhlanayapti. Tojikiston va Qirg‘iziston ham bundan mustasno emas. Sababi oddiy. Har qanday davlatning kuch tizimlari uchun tahdidlarni bo‘rttirib ko‘rsatish davlatdan qo‘shimcha moliya olish uchun bir imkoniyatdir. Qancha ko‘p gapirilsa, shuncha yaxshi. Kuch tizimlarini boshqarayotgan siyosiy rahbariyatlar esa tahdidlardan ichki siyosatda qattiqqo‘llik, nazoratni yanada kuchaytirish, fuqarolarning erkinliklarini yanada cheklash yo‘lida foydalanishadi.

BBC: Central Asia Online da chop etilgan bugungi xabarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining shayligiga doir ayrim raqamlar ham keltiriladi. Sizningcha, O‘zbekiston armiyasi Islomiy Davlat tahdidiga yakka o‘zi qarshi turishga qodirmi?

Aleksandr Knyazev: Menimcha, armiyaning shayligi haqidagi tezisning o‘zi unchalik to‘g‘ri emas. Chunki Afg‘oniston yo‘nalishidan keladigan tahdidlarning birontasi ham harbiy xarakterga ega emas. Bu tahdidlarga armiya emas, balki maxsus kuchlar vositasida qarshi turishi kerak. Tezkor harakatlar va oldindan ogohlantirish bilan. Qolaversa, O‘zbekistonga o‘xshagan Afg‘oniston bilan eng qattiq qo‘riqlanadigan chegaraga ega davlat uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy tahdid yo‘q, deb hisoblayman. Dunyoda o‘zbek-afg‘on chegarasidan ham qattiq qo‘riqlanadigan yagona chegara bu Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi chegara bo‘lsa kerak. IShID tahdidi, ta‘bir joiz bo‘lsa, assimmetrik xarakterga ega va unga qarshi ham shunday yo‘l bilan qarshi turish kerak.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq