"Islomiy davlat" nasroniylar qatl qilingani akslangan videoni oshkor qildi

Image copyright BBC World Service
Image caption Aksariyat musulmonlar "Islomiy davlat"ni Islomga qarshi guruh deb bilishadi

Islomiy davlat" jangarilari Liviyada qo‘lga olingan efiopiyalik o‘ttiz nafar nasroniy qatl qilingan videoni internetga joylagan.

Ana shu videotasvirlarda, dengiz sohilida bir guruh odamlarning boshlari tanalaridan juda qilingani ko‘rsatiladi.

Ikkinchi bir guruh odamlarni esa cho‘lda boshlaridan otib tashlaydilar.

Videoda ayni qatl qilinganlar Efiopiya Cherkovining a‘zolari ekani aytiladi.

Qariyb yarim soatlik videoda "Islomiy davlat"ning media qanotiga tegishli rasmiy nishon ham ko‘rinadi.

Fevral oyida "Islomiy davlat" Liviya nasroniylarini qatl qilganda tushirilgan videosini tarqatgan edi.

"Islomiy davlat" xaqida ma‘lumotnoma

"Islomiy Davlat" (ID) - Suriya sharqi va Iroq shimoli hamda g‘arbida yirik hududlarni nazorat qilayotgan radikal islomiy guruhdir.

Uning ommaviy qatl, diniy va etnik ozchilik vakillarini o‘g‘irlab ketish, askarlar va jurnalistlarning boshini tanasidan judo qilish kabi shafqatsiz usullari dunyo bo‘ylab vahima hamda g‘azab uyg‘otishi barobarida AQShning harbiy mudohalasiga ham sabab bo‘lgan.

Tarafdorlari Abu Bakr al-Bag‘dodiyni Xalifa Ibrohim deb atashadi.

Guruh shariat qoidalari asosida yagona siyosiy va diniy rahbar tomonidan boshqariladigan davlat - Xalifalik qurishni maqsad qilib olgan.

ID ildizlari marhum Abu Musab az-Zarqoviyga borib taqaladi.

2002 yilda Tavhid va al-Jihod tashkilotiga asos solgan iordaniyalik Zarqoviy oradan bir yil o‘tib, Usoma Bin Lodinga qasamyod qiladi va "Iroqdagi Al-Qoida" (IAQ) ni tuzadi.

2006 yilda Zarqoviyning o‘limidan so‘ng IAQ Iroq Islomiy Davlati (IID)ni tuzdi.

AQShning Iroqqa qo‘shimcha kuchlar yuborishi va Sunniy arab qabilalaridan tashkil topgan "Sahva" ("Uyg‘onish") kengashlari IID ni ancha zaiflatdi.

"Islomiy davlat" diniy va milliy ozchiliklarni nishonga olgan

2013 yilning aprelida Bag‘dodiy o‘zining Iroq va Suriyadagi kuchlarini qo‘shib, Iroq va Shom Islomiy Davlati tuzilganini e‘lon qildi (IShID). An-Nusra va Al-Qoida rahbarlari ushbu qarorni rad etdilar, ammo Bag‘dodiyga sodiq jangchilar an-Nusradan ajralib chiqib, IShIDning Suriyada qolishini ta‘minlashdi.

Boshni tanadan judo qilish va yoppasiga qirish usullari dushmanlarni terror qilish maqsadida ishlatilgan.

"ID" a‘zolari sunniy Islomning ashaddiy talqinini qabul qilishgan va o‘zlarini yakka-yu yagona haqiqiy musulmonlar, deb bilishadi. Ularga ko‘ra, butun dunyo Islomni yo‘q qilishga bel bog‘lagan kofirlardan iborat. Ular boshqa musulmonlar va nomusulmonlarga qarshi hujumlarni shu bilan oqlashadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq