Kollejlarda guruhbozlik naqadar katta muammo?

O‘zbekistonda kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasidagi guruhbozlikka qarshi kurash olib boriladi. Bu haqida "Postda" gazetasi xabar tarqatdi.

Ichki ishlar vazirligi Hay‘atining 2015 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha navbatdagi majlisida chiqish qilgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Bahodir Qurbonovning aytishicha, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni, ayniqsa, akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘rtasida yuz berayotgan guruhbozliklarning oldini olish borasida ish olib boriladi.

Toshkent viloyatidagi kollejlardan birining o‘qituvchisi BBC bilan suhbatda oxirgi yillarda haqiqatdan ham kollej talabalari orasida guruhbozlik muammosi yuzaga kelganini tasdiqladi.

"Odatda kollejning birinchi kurs talabalari, ya‘ni 16 yoshli o‘smir o‘g‘il bolalar orasida kelib chiqadi bunday muammo. Chunki ular kollejga turli hududlardan kelishadi, va mahalliy kelib chiqishiga qarab o‘zaro bo‘linadilar va gerdayib yurish uchun boshqa o‘smirlar ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga olmoqchi bo‘ladilar", - deydi u.

Ismi-sharifi ochiqlanmasligini so‘ragan muallim muammo odatda sentyabr oylarida kelib chiqishini aytadi.

"Endi kollejda o‘qish boshlanganda bo‘ladi bunday hollar. Keyin-keyin tinchib ketadi. Bizda ham o‘smirlar ikki guruhga bo‘linib ko‘chada urishga tayyorlanib turganda, erkak o‘qituvchilarimiz bilib qolishdi va yugurib borib ajratishdi. U bolalar keyin kechqurun boshqa joyda uchrashuv urushishga kelishib tarqalishdi", - deydi u.

O‘qituvchining aytishicha, bu kabi guruhbozlik ustidan nazorat kuchli va uning yanada kuchaytirilishi yaxshi choradir.

"Bizda hokimiyatda prokurorning aynan voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha vakili bor, shu kishi kollejimizga kelib turadi, tushuntirish ishlarini olib boradi, bolalarning telefonlarini tekshiradi, yomon videolar bor-yo‘qligini. Bu kabi urushqoq bolalar hamma joyda bo‘ladi, lekin bir marta militsiya uchyotiga tushsa bo‘ldi, keyin uni militsiya tez-tez chaqirib nazorat qilib turadi", - deydi muallim.

Ayni damda ijtimoiy muloqot tarmoqlari, vatsap va telegram orqali o‘smirlar orasida "razborka"lar aks etgan videolar tarqalishi ko‘paygan. Bu kabi tortishuvlarda nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlar ham qatnashadilar.

Polkovnik Bahodir Qurbonov profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlar bilan ishlashda "maktab - oila - mahalla" hamkorligini yanada kuchaytirish, bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari imkoniyatlaridan keng foydalanish lozimligini ko‘rsatib o‘tgani xabar qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio