Italiya muhojirlar o‘limi bo‘yicha ikki shaxsni hibsga olgan

Image copyright EPA

19 aprel kuni Liviya sohiliga yaqin joydagi kema halokatida omon qolgan insonlar Italiyaga yetib borganlar.

900 tacha inson hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan halokatda 27 kishi tirik qolgan.

Italiya sohil qo‘riqchilari kemasi omon qolganlarni Sitsiliya oroliga yetkazganlar.

Muhojirlar bilan savol-javoblardan keyin Italiya rasmiylari kema sardori va uning yordamchisi ekani aytilayotgan shaxsni hibsga olgan.

Kemaning egasi tunislik, uning sherigi esa suriyalik ekani xabar qilinmoqda.

Ular inson traffikingi va qotillikda gumon qilinmoqdalar.

Image copyright EPA

Kemaning pastki qavatiga yuzlab odamlar kirgan bo‘lganlar.

Muhojirlarning aksari Suriya, Eritreya va Somalidan bo‘lganlari aytilmoqda.

Kema shanba kechqurun soat 8 larda Liviyaning Tripoli bandargohidan yo‘lga chiqqan.

Portugaliya savdo kemasi bu kemadagilarga yordam berishga harakat qilgan payti muhojirlar orasida ur-yiqit boshlangan va ko‘p odamning kemaning bir tarafiga yig‘ilgani oqibatida kema ag‘darilib ketgan, deb ishonilmoqda.

Hibslar Ovro‘po Ittifoqi O‘rta Yer dengizidagi muhojirlar inqirozini bartaraf etish yo‘lida yangi choralar ko‘rishga qaror qilgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.

20 aprel kuni Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining favqulodda majlisida Ovro‘po sohillarida patrul-qidiruv ishlari uchun mablag‘ni ko‘paytirishga kelishilgan.

Ovro‘poga intilgan muhojirlarga qaratilgan qutqaruvi choralarining 10 banddan iborat ekani xabar qilinmoqda.

Image copyright BBC World Service

Lyuksemburgdagi majlisda odamlarni Ovro‘po sohillariga noqonuniy yetkazish bilan shug‘ullanadigan odamlarga tegishli kemalarni vayron qilish taklifi ham ilgari surilgan.

Biroq bu taklif Ovro‘po Kengashi tomonidan ma‘qullanishi talab qilinadi.

Ovro‘po rasmiylari ma‘qullagan hujjatda siyosiy boshpana so‘raganlarning arizasini Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar tomonidan birgalikda ikki oy mobaynida ko‘rib chiqish, Ovro‘po Ittifoqiga kelayotgan barcha muhojirlarni ro‘yxatga olish va barmoq izlarini olish, muhojirlarni butun Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlari bo‘ylab tarqatish, o‘z vataniga qaytishni istagan muhojirlarga ko‘mak berish va noqonuniy muhojirlar ko‘p kelayotgan mamlakatlarga ittifoq muhojirlik xizmati mulozimlarini yuborish choralari ko‘zda tutilgan.

Ovro‘po rasmiylari Lyuksemburga uchrashayotgan paytda yana kamida uch kema halokatga uchragani haqida xabarlar tarqalgan.

Yunonistonning Rodos oroli yaqinida muhojirlar chiqqan kemaning suvosti qoyasiga urilishi oqibatida kamida uch inson halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Afrika va Yaqin Sharqdagi qashshoqlik va urush-janjallar yuz minglab odamlarni Ovro‘poga undamoqda.

Italiya, Yunoniston va Malta davlatlari inson kontrabandachilarining kemalarini uddalay olmay qolayapti.

Image copyright BBC World Service

Ovro‘p Ittifoqi rahbarlari o‘zlarining siyosati yanada ko‘p muhojirlarni jalb qilmasligi, ayni paytda so‘nggi kunlardagidek fojealar takrorlanmasligi yo‘llarini izlamoqdalar.

Joriy yil boshidan buyon dengizda 1600 inson halok bo‘lgan deb ko‘riladi.

2014 yil 3500 muhojir hayotdan ko‘z yumgan.

O‘tgan yili Ovro‘po sohillariga yetib olgan insonlar soni 218000 ni tashkil etgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq