Sharof Ubaydullayev: "Qodirovning ketishi-Inoyatovga zarba"

Image copyright none
Image caption So‘nggi paytlarda internetda sobiq bosh prokuror va oilasining korruptsiyaga aloqadorligi, xorijda yirik ko‘chmas mulklari borligi iddao qilingan maqolalar chop etilgandi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining matbuot xizmati Rashitjon Qodirovning konstitutsiyaviy muddati tugagani sabab Bosh prokurorlik lavozimidan bo‘shatilganini aytgan.

Konstitutsiyaga muvofiq Bosh prokuror ikki muddatga tayinlanadi, ammo 2010 yilda parlament Prezident Karimovning tavsiyasi bilan Rashitjon Qodirovni uchinchi muddatga Bosh prokurorlikka tasdiqlagan edi.

So‘nggi paytlarda internetda sobiq bosh prokuror va oilasining korruptsiyaga aloqadorligi, xorijda yirik ko‘chmas mulklari borligi iddao qilingan maqolalar chop etilgan.

Xo‘sh, janob Qodirovning iste‘fosi ortida qanday sabablar turgan bo‘lishi mumkin?

BBC ushbu savolni O‘zbekiston Prezidentining sobiq matbuot kotibi, taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayevga berdi.

Sharof Ubaydullayev: Endi hozir ortiqcha shov-shuv bo‘lyapti. Ortiqcha shov-shuv shundan iboratki, o‘rtoq Rashitjon Qodirov o‘zining Bosh prokurorlik muddatini tugatib bo‘ldi. O‘zi prezidentlik kabi ikki muddat Bosh prokuror bo‘lish mumkin. Uchinchi muddatga Prezidentning alohida ruxsati bilan qoldirilishi mumkin edi. Uchinchi muddatini ham u kishi o‘tab bo‘ldi.

BBC: Lekin, 2010 yilda Konstitutsiyaga zid ravishda Rashitjon Qodirov uchinchi muddatga Bosh prokuror etib qo‘yilgan bo‘lsa, nima uchun to‘rtinchi muddatga qo‘yilmasin?

Sharof Ubaydullayev: Respublika prokuraturasiga ishga kirish eng katta autsionga, bozorga aylandi. Prokuratura tizimi mutlaqo boylar, oligarxlar va hokazo, hokazolarning qonun dubinkasiga aylanib qoldi. Respublika Bosh prokuraturasi kadrlar bo‘yicha ishlaydigani bu -oligarxlarning ixtiyori bilan faoliyat qiladigani bo‘ldi. Xullas, Respublika Bosh prokuraturasini oligarxlar boshqara boshladi.

BBC: Endi Milliy Xavfsizlik Xizmati yuqori martabali mulozim bo‘lgan Rashit Qodirovning tayinlanishi O‘zbekistondagi hokimiyat tizimida o‘sha Sovet davridan beri amal qilib kelgan qudrat muvozanatining ham buzilishi edi, shunday emasmi? Ya‘ni, kuch tizimlari orasidagi qudrat muvozanatini...

Sharof Ubaydullayev: Mutlaqo to‘g‘ri aytayapsiz. Mustaqillik yillarida nomi alohida bo‘lsa ham, asosan, 1999 yillarda bo‘lishi kerak, Bo‘ritosh Mustafoyevning ishdan olinishi ortidan Respublika prokuraturasi Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi bilan bitta, yakka tashkilotga aylanib qoldi. Inoyatovning qo‘lidagi qonun dubinkasiga aylanib qoldi. Rashitjon Qodirov har bir qadamida, har bir asosiy masalada Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining og‘ziga qarab turardi.

BBC: Rashit Qodirov, go‘yoki Inoyatovning qo‘lida qo‘g‘irchoq ekani haqidagi da‘voni Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ham aytgandi. Shu ma‘noda, Rashit Qodirovning ishdan olinishi, sizningcha, Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatovga berilgan zarbami?

Sharof Ubaydullayev: Albatta, bu birinchi etap. Agar Rustam Inoyatovga qolganda, birinchidan, buni cho‘zish imkoniyatlarini topar edi, bunga harakat ham ketayotgan edi. Chunki, muddat o‘zi ancha bo‘ldi tugab ketgan bo‘lishi kerak edi. Keyin qonun bilan, farmoyish bilan bo‘lishi kerak edi. Farmoyishga ham imkoniyat bermadi, Prezidentga rahmat. Prezident apparatida ham, manimcha, hozir ancha jiddiy, hushyor odamlar ishlayapti. Rashitjon Qodirov prezident apparatiga chaqirildi, arizasi olindi va shu yerdan tranvayga solib yuborildi. Bu juda ham kerak edi. Hozir Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi bilan ham, prokuratura bilan ham, o‘ynashib bo‘lmaydi. Ularning ichida hozir nima borligini anglab yetish juda qiyin. Shuning uchun, Inoyatovga qolganida Rashitjon Qodirov ketmasligi kerak edi. Masala konstitutsion muddati sifatida jiddiy qo‘yilsa, Inoyatovning odami qo‘yilgan bo‘lar edi.

BBC: Mana sobiq bosh prokurorni qonunsizlikda ayblayapsiz, Bosh prokuraturasi oldi-berdi qilinadigan qorruptsiya botqog‘iga botib ketganini aytyapsiz, nima uchun Prezident Karimov 15 yil davomida bunga ko‘z yumib keldi, deb o‘ylaysiz?

Sharof Ubaydullayev: Endi bu masalada gap ko‘p. Prezident ham tirik odam. Prezidentni ham chalg‘itadilar, ishontiradilar...

BBC: So‘nggi paytlarda Prezident Karimov vaziyatni nazorat qilmayapti, butun hokimiyat jilovini Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Inoyatov o‘z qo‘lida tutib turibdi qabilidagi gap-so‘zlar urchib ketgan, bu gaplarni Prezidentning qizi Gulnora Karimova ham aytgan edi. Shu ma‘noda, hozir Bosh prokurorni ishdan chetlatish, Siz aytayotganingiz kabi haqiqatdan ham, Inoyatovga zarba bo‘lsa, Islom Karimov jamoatchilikka hali ham o‘zining xo‘jayin ekani, hokimiyatning jilovlarini qo‘lida tutib turganini ko‘rsatib qo‘ymoqchimi?

Sharof Ubaydullayev: So‘nggi nafasigacha Prezident Karimov Karimovligicha qoladi. Prezidentga qancha aybnomalar qo‘yish mumkin, lekin u o‘z so‘ziga ega ekani, so‘ziga javobgar ekanini, o‘z-o‘zini boshqarishi mumkin ekanligini hech qachon inkor etib bo‘lmaydi. Undan hamma yaxshi xislatlarni inkor etganda ham, mana shu tomonini qadrlay bilish kerak.

BBC: Lekin, Karimovning yoshi bir joyga yetib qolganini inobatga olsak, bu juda ham qatlis qadam emasmi, sizningcha?

Sharof Ubaydullayev: Nima deydi... Prezidentga oson emasligini tushunish mumkin. Lekin, Prezidentning yelkasida 31 million xalqning taqdiri degan mas‘uliyat ham turibdi. Agar u Inoyatovdan qo‘rqib bu ishni qilsa, unisidan qo‘rqib u ishni qilsa, kema qirg‘oqqa borib uriladi, bu tabiiy. Shuning uchun, Prezident "ha, ha" deyishi mumkin, ularning gapiga ham quloq solishi mumkin. Lekin, qachondir vaziyat yetilsa, boshqa chidab turish mumkin bo‘lmasa, u o‘zining aytganini qiladi. O‘zbekistonda inson huquqi bo‘yicha juda og‘ir vaziyat hukm suryapti. Yana qarang, bu turmada yotganlar, surgunda yurganlar... butun oila a‘zolari qirilib ketdi... Rashitjon Qodirov har kuni to‘y, har kuni xursandchilikda. Men Rashitjon Qodirovning O‘zbekistonda sud qilinishini orzu qiladiganlardan bittasiman.

BBC: Lekin, Rashitjon Qodirov sud qilinish narigi yoqda tursin, balki Konstitutsiyaviy sudning, mamlakatning eng oliy mahkamasining hakami etib tayinlandi.

Sharof Ubaydullayev: Bizda tuzumning ham juda yaxshigina tajribalari, sirlari bor. Sababi, samolyotdan tashlab yuborsa, beliga bir yostiqni bog‘lab sekin tushirib qo‘yadi. Keyin tomning ustigami, bir maydonga kelib tushadi. Ma‘lum vaqtdan so‘ng, u-bu gaplar to‘planadi-da, keyin yelkasiga... Manimcha, Rashitjon Qodirov vijdon azobidan ham qutila olmaydi.

BBC: Ya‘ni, buning ortidan shov-shuvli jinoyat ishlarini kutishimiz mumkinmi?

Sharof Ubaydullayev: Juda ham kutamiz, juda ham kutamiz. Busiz O‘zbekistonda haqiqiy bir o‘zgarishni kutib bo‘lmaydi.

BBC: Rashit Qodirovning iste‘fosi ortidagi motiv siz o‘ylayotgandek, taxmin qilayotgandek yoki umid qilayotgandek bir siyosiy o‘zgarishlar istagi emas-da, ancha jo‘n bo‘lishi mumkinmi? Masalan, deylik, Prezident Karimov Rashit Qodirovdan yo-da, Inoyatovdan o‘z qizi Gulnora Karimova uchun ota sifatida qasos olayotgan bo‘lishi ham mumkinmi?

Sharof Ubaydullayev: Yo‘q, yo‘q, man aytaman, Gulnorani parashyutsiz, samolyotsiz tepaga olib chiqqan boshqa odam. Lekin, uni biznesda ikki tomonidan qanot qilib uchirgan inson boshqa. Ikki kishi olib chiqqan uni. Bundan mening juda yaxshi xabarim bor. Buni birinchi navbatda o‘sha ikki odamdan so‘rash kerak.

BBC: Rashit Qodirovning iste‘fosi ortidan qudratdagi boshqa odamlarning ham iste‘folarini kutishimiz mumkinmi?

Sharof Ubaydullayev: Albatta. Bu Rashitjon Qodirovning ishdan olinish usuli sizu biz uchun asos beradi. Bu tabiiy.

BBC: Ammo, O‘zbekistondagi sharoitda kadrlarning o‘zgarishi, albattaki, siyosiy o‘zgarishlar kelayotganini anglatmaydi, shunday emasmi?

Sharof Ubaydullayev: Shunday deb qarash mumkin. Lekin, bizda adolat me‘yorini tutib turish uchun, har qanaqa jarayonga adolatli nuqta qo‘yish uchun birinchi navbatda prokuraturani tozalash kerak. To‘g‘ri, bizda militsiya ham olib qamayveradi. MXX istagan odamini qamaydi. Boring, hozir sud ham istagan odamiga qo‘shib bera oladi, hokazo, hokazo... Biroq, qonunni nazorat qiladigan tashkilot bitta, bu - prokuratura. Prokuratura nuqtasini qo‘yadi. Shuning uchun, men juda ham qoniqish hosil qildimki, prokuraturani tozalashga hurmatli Prezident Islom Abdug‘aniyevich yengini shimargan ko‘rinadi.

BBC: Lekin, yangi prokuror Rashit Qodirovdan boshqacharoq bo‘lishining qanday kafolatlari bor?

Sharof Ubaydullayev: Prezident shuncha ishonch bildirgan. Masalan, o‘sha MXXdagi rahbarlarga ham, MVDdagiga ham, Oliy sudda ham o‘tiribdi qanchasi... Mana shular endi buning yo‘lini to‘smasa, prokuraturamiz bir marta tozalansa, yomon bo‘lmasdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio