O‘zbekistonda Bosh prokuror o‘zgardi

Image caption Ixtiyor Abdullayev bugun Bosh prokuratura jamoasiga tanishtirilgan

O‘zbekistonda 15 yildan beri Respublika Bosh prokurorligini boshqargan Rashitjon Qodirov boshqa ishga o‘tkazilib, o‘rniga yangi mulozim - Ixtiyor Abdullayev tayinlangan.

Ixtiyor Abdullayev bugun Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev tomonidan Bosh prokuratura jamoasiga tanishtirilgan.

Bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev 2009 yildan hozirgacha O‘zbekiston Prezidenti tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi sifatida ishlab kelgan.

"Qiziq tomoni shundaki, bunday masalalar asosan yalpi majlislarda ko‘rilar edi. Yaqinda Rashitjon Qodirovning faoliyati qoniqarli deb topilgan va yangi muddatga tayinlangandi. Shuning uchun, bunaqa shoshilinch iste‘foning sabablari qiziq bo‘lishi kerak", deydi Toshkentdan jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Prezident Islom Karimov 10 aprel kuni Oliy Majlisda qasamyod qilar ekan, mamlakatda korruptsiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurash kuchaytirilishini urg‘ulagandi.

Ammo, tahlilchilar Bosh prokuror o‘zgarishini mamlakatda qandaydir siyosiy islohotlar yo-da, korruptsiyaga qarshi kurashning jiddiy alomati sifatida baholab bo‘lmasligini aytishadi.

Yangi prokuror kim?

Ixtiyor Abdullayev 1966 yil 22 mayda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan.

Faoliyatini Farg‘ona shahridan boshlagan, 1988 - 1990 yillar shahar sud boshqaruvchisi sifatida faoliyat olib borgan.

1990 - 1993 yillar Farg‘ona viloyati viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

Ixtiyor Abdullayev shu tariqa qonunchilik sohasidagi qator lavozimlarda tajriba to‘plagan.

Jumladan, u 2011 yil Andijon viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha sudida faoliyat qilgan.

Keyin O‘zbekiston Prezidenti davlat maslahatchisi, Adliya vaziri birinchi o‘rinbosari, 2009 yildan beri esa, O‘zbekiston Prezidenti tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi sifatida ishlab kelgan.

Image caption Rashid Qodirov O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga o‘tkazilgan

"Ixtiyor Abdullayev adliya sohasida anchagina tajribaga ega malakali yurist. Ammo, o‘ziga yarasha juda ham ehtiyotkor odam. Yangi bir tashabbuslar, keskin qarorlar bilan chiqmaydigan, "sixni ham, kabobni ham kuydirmaydigan” shaxs... Shuning uchun, shaxsan men undan prokurotura tizimida jiddiy islohotlar kutayotganim yo‘q. Ya‘ni, O‘zbekistonda Bosh prokuror lavozimiga tayinlanishi mumkin bo‘lgan odamlar safi o‘zi katta emas... Shu juda kam nomzodlardan bittasi Ixtiyor Abdullayev edi va bu odam ayni lavozim uchun qandaydir o‘zgarishlar qiladi deb, chertib-chertib, saralab olingan degan fikrda emasman", deydi jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Ayrim mutaxasislar esa Ixtiyor Abdullayevning kuch tizimlarida ish tajribasi yo‘qligiga ishora qilib, o‘z sohasida jiddiy islohotlar qilishga ojiz bo‘ladi degan fikrda.

Sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov muqaddam mamlakatdagi qudratli kuch tizimi sanalgan Milliy Xavfsizlik Xizmatida ishlagan.

Xabarlarga qaraganda, RashitjonQodirov O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga o‘tkazilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio