"O‘zbekiston prokuraturasi faoliyati pochtalonga o‘xshaydi"

2015 yilning birinchi choragida O‘zbekiston prokuratura idoralariga kelib tushgan besh mingdan ortiq shikoyat ijobiy hal qilingan. Bosh prokuraturaning web-sahifasida ushbu shikoyatlar va ularning mazmuni borasida aniqlik kiritilmagan. O‘zbekistondagi huquq himoyachilari bu sohada ahvol Bosh prokuratura ta‘kidlayotgandek ijobiy emasligini aytishadi. Ko‘p hollarda shikoyatlar shikoyat qilinuvchi idoraga yuborilishi qonunlarning ishlamasligidan darak berishini anglatadi.

Bosh prokuratura web sahifasida yozilishicha, yo‘qolgan pochta jo‘natmasi bo‘yicha aybdor deb topilgan Termiz shahri pochta bo‘linmasi jarimaga tortilgan. Shunga o‘xshash besh ming atrofidagi jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan shikoyatlar ijobiy hal qilingan va shikoyatchilarning huquqi tiklangan.

Biroq O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi advokat va inson huquqlari himoyachilari shikoyatlar borasida ahvol ancha abgor ekanligini aytishadi. Advokat Ruhiddin Komilov o‘z tajribasida murojaatlarning yechilmay qolish holatlari ko‘proq ekanligini bildirdi.

"Prokuraturaning faoliyati borasida ijobiy gap ayta olmayman. O‘zim ham ko‘p marotaba murojaat etganman. Faqat pochtalonga o‘xshab yuraveradi. Quyi turuvchi prokuratura, quyi turuvchi prokuraturaga yuboraveradi. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, shikoyat qilib borgan odamni yana bo‘rining oldiga yuborish bilan ovora. Vaholanki, shikoyat qilgan odamingizning shaxsan o‘ziga arizani yuborishga qonun yo‘l qo‘ymaydi", - deydi Ruhiddin Komilov.

Advokat prokuratura faoliyatini partiyalar nazorat qilib borishi lozimligini aytadi, ammo amalda unday emas. Toshkentdagi Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov aytishicha, Bosh prokuratura birinchi chorakda qancha ish ijobiy hal qilingani borasida raqamlarni berishi mumkin, lekin aynan qanday ishlar hal qilinganini keltirish muhim.

O‘zbekistonda prokuraturani tekshiradigan organ yo‘q

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, shikoyatlarni ko‘rib chiqish va uni tekshirish prokuraturada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Shikoyat xatlari tekshirib chiqilmasdan quyi organlarga yuborilaveradi.

"Shikoyat Bosh prokuraturaga kelganidan keyin, uni maxsus komissiya yoki prokuratura xodimlari tekshirmasdan viloyat prokuroriga yuborishadi. Viloyat prokuraturasi ham hech narsa qilmasdan tumanga yuboradi. Sistemaning bir yomonligi shundaki, tuman prokuraturasi xuddi o‘sha eski javobni beradi. Birinchi murojaatdagi javobni olasiz", - deydi Sur‘at Ikromov.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, prokuratura idoralarini tekshiruvchi organning yo‘qligi uning faoliyatiga salbiy ta‘sir qilmoqda.

"Shu paytgacha bizning sistemamizda mavjud bo‘lgan bir narsa bor. Bularni tekshiruv organlari yo‘q. Prokuraturani kim tekshiradi? Bunday tashkilot yo‘q", - deydi Su‘rat Ikromov.

Bu borada Bosh prokuratura idorasidan izoh olishga harakat qildik. Matbuot kotibi boshqa joydaligi bois rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Advokat Ruhiddin Komilov jamoat nazorati bo‘lmas ekan, har qanday idora nazoratdan chiqib ketishi mumkinligini aytadi.

"10 yil oldin ham gapirganman, birinchi o‘rinda jamoat nazorati kerak. Jamoat nazorati bo‘lmas ekan, kim nima qilayotganini bilib bo‘lmaydi. Keyin oshkoralik va matbuot erkinligi bo‘lishi kerak. Bularning hatti-harakatlarini matbuotda yoritilishiga yo‘l qo‘yib berishimiz kerak. Ularning aksini aks ettiruvchi ko‘zgu yo‘q. Qolaversa parlament nazoratida bo‘lishi kerak, deputatlarimiz o‘zining vakolatlarini sidqidildan basharishi kerak. Yo‘q, ming afsuski, "sen menga tegma - men senga tegmayman". Bunaqada har qanday organ nazoratdan chiqib ketadi", - deydi Ruhiddin Komilov.

Shu kunlarda 15 yil vaqt davomida O‘zbekiston Bosh prokuraturasini boshqarib kelgan Rashid Qodirov ishdan olinib uning o‘rniga Prezidentning maslahatchisi Ixtiyor Abdullayev tayinlandi.

Yangi Bosh prokurordan nimani kutish kerak?

Ixtiyor Abdullayev Rossiyada ta‘lim olgan. Yangi Bosh prokuror ushbu tizimda o‘zgarishlar qila oladimi?

O‘zbekistondan taniqli advokat Polina Braunerg Bosh prokurorning bilimli bo‘lishi kifoya qilmasligini aytadi.

"Nazariya bu boshqa narsa, amaliyot boshqa. Yer bilan osmoncha farqi bor. Agar u ishning mohiyatiga kirib borsa undan prokuror chiqishi mumkin. Lekin unga juda ham qiyin bo‘ladi. Chunki Bosh prokurorning atrofidagilar uning ishiga xalaqit berishga harakat qiladi", - deydi Polina Braunerg.

Braunerg xonimga ko‘ra, yangi Bosh prokurorning kelishi ortidan katta o‘zgarishlar kutmaslik kerak.

"Bu alohida o‘zgarishlar olib kelmaydi. Qandaydir yaxshilanishlar bo‘lishi mumkin. Lekin jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Chunki hamma narsa joyida qotib qolgan. Bosh prokurorni almashtirishgani bu muhim muammolarni hal qilmaydi", - deydi Polina Braunerg.

Advokat Ruhiddin Komilov Bosh prokurorning tez-tez almashtirilib turilishini qo‘llab quvvatlaydi.

Biroq jamiyatda qonunlarning amal qilmasligi, fuqarolarning arizalari qondirilmasligi norozilar qatlamini keltirib chiqarishi mumkinligini ta‘kidlaydi.

"Ko‘nikayapti, ko‘nikishga majbur. Lekin alamzada bo‘lyapti-da. Qonunsizlik – mamlakatga, xalqqa har qanday ekstremistlardan ham ko‘p zarar yetkazadi. Har narsaga tayyor alamzadalar guruhi shakllanyapti-da. Bu jamiyat uchun xavfli. Oddiy qonunsizlik orqasidan kelib chiqyapti. Ular ko‘p narsani talab qilishgani yo‘q Lekin shu oddiy narsani ham ularga ko‘p ko‘rishyapti", - deydi Ruhiddin Komilov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq