Markaziy Osiyoda natijasi ma‘lum yana bir saylov

The Diplomat onlayn nashrida kelayotgan yakshanba kuniga belgilangan Qozog‘istondagi muddatidan avval prezidentlik saylovlar haqida sharhlovchi Ketrin Patts tahlili chop etilgan.

Maqola muallifiga ko‘ra, Prezidentlik saylovlarga bir hafta qolganiga qaramay Qozog‘istonda sukunat hukmron.

"Joriy prezident Nursulton Nazarboyevga ko‘ra, Qozog‘iston-jannatmakon o‘lka. Lekin tahlilchilar saylovlar jarayonida raqobatning va siyosiy bahslarning mavjud emasligini tilga olmoqdalar".

Glazgo Universitetida Markaziy Osiyo tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi Luka Aneschining The Diplomat ga aytishicha, saylovlar haqida ko‘p gapirilmayotganining sababi aytiladigan gapning o‘zi yo‘qligi bilan bog‘liq.

26 aprel kuniga erta saylovlarning belgilanishi hech kimni hayratga solgani yo‘q.

Janob Nazarboyev 2011, 2005 va 1999 yillarda ham erta saylov chaqirgandi.

Qozog‘iston Konstitutsiyasida har bir shaxs uchun Prezidentlik ikki muddatdan oshmasligi kerakligi qayd etilgan.

2007 yili Prezidentlik muddati 7 yildan 5 yilga qadar qisqartirildi.

2007 yili esa Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilib, janob Nazarboyev uchun har qanday cheklovlar bekor qilindi.

Bu uning amalda "umrbod Prezident" etib e‘lon qilinishi bilan barobar edi.

Bu kabi konstitutsion "jarayonlar" Markaziy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa O‘zbekiston uchun juda odatiy holdir.

Qozog‘istonda bu yilgi saylov kampaniyasi rasman 26 mart kuni boshlandi.

Qonunga muvofiq kampaniya 30 kun davom etib, saylovlardan 2 kun avval tugashi lozim.

The Astana Times ro‘znomasiga bergan suhbatida Markaziy Saylov Komissiyasi vakili Tatyana Oxlopkova saylovchilar huquqlarini ta‘minlash masalasiga juda jiddiy yondoshilayotgani haqida aytdi.

Lekin Glazgo Universitetidan Luka Aneschining fikri o‘zgacha.

"Butun saylov jarayoni o‘ta qattiq "rejalangan". "Muqobil nomzodlar" o‘ta sinchikovlik bilan tanlangan, ulardan biri hatto kampaniya olib borishni ham o‘ziga ep ko‘rmayapti. Matbuotda saylovlar haqida berilayotgan har qanday ma‘lumotning markazida albatta Nursulton Nazarboyev. Bu kabi sharoitda elektoratda umuman hech qanday tanlov yo‘q deb ayta olamiz".

Haqiqatan ham matbuotda saylovlar bilan bog‘liq maqolalarni deyarli uchratmaysiz.

The Astana Times ning bosh sahifasida 21 aprel kuni nazar tashlangan vaqti, saylovlar haqida biron so‘z ham yo‘q edi.

Tengrinews ning ingliz tilidagi nashrida esa saylovchilarning 70 foizi ovoz berishi kutilayotgani va saylov qonunlarini yengilgina tanqid qilgan, shuningdek, janob Nazarboyevning so‘zlari keltirilgan maqola bor.

Nashrning rus tilidagi versiyasida saylovlar haqida bo‘lim bor, ammo u yerda Nazarboyevdan tashqari bironta nomzod haqida aytilmagan.

Luka Aneschining aytishicha, Nazarboyevning qayta saylanishi "demokratik shakli-shamoyil"ni namoyish qilish yo‘lidir.

Tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlaridagi demokratiyani "nazorat ostidagi demokratiya", deya ataydilar va bu to‘g‘ri talqindir.

Mintaqa saylovlar jarayonini o‘zicha "talqin" qiladi va yakshanba kuniga rejalangan prezidentlik saylovlarining o‘zgacha bo‘lishini kutish qiyin.

"Saylovlar kontseptsiyasi mavjud, ammo muxolifat yo‘q", deya xulosa qiladi maqola muallifi Ketrin Patts.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer