"Murod Jo‘rayev qamoqda bir necha bor hushidan ketgan..."

21 yildan buyon qamoqda saqlanayotgan Murod Jo‘rayevni qamoqxonada ko‘rib qaytgan rafiqasiga ko‘ra, uning sog‘lig‘i o‘ta yomonlashgan.

11 aprel kuni Chirchiqdagi turmush o‘rtog‘ini ko‘rgani borgan vaqti Murod Jo‘rayev dahlizda nafas ololmay yiqilib tushgan.

Xolbeka Jo‘rayevaning aytishicha, uning nafas olishi qiyinlashgani sababi ayon emas.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘tgan yili Xolbeka Jo‘rayeva "O‘zbekistondagi eng uzoq muddat saqlanayotgan siyosiy mahbus" sifatida ko‘riluvchi turmush o‘rtog‘ini borib ko‘rgan vaqti tishlari to‘kilib ketgani va ovqat yeya olmay qolganiga guvoh bo‘lgandi.

Shundan so‘ng Murod Jo‘rayevni qamoqxonadagi majburiy og‘ir mehnatdan, jumladan g‘isht yasash majburiyatidan ozid qilingani aytilgandi.

Xolbeka Jo‘rayevaning aytishicha, Chirchiq qamoqxonasidan shu yili amnistiyaga muvofiq, hatto "Konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinish"da ayblangan kamida 8 mahbus avf etilgan.

Murod Jo‘rayev avf haqida yozgan qayta-qayta arizasi, yoshi o‘tganligi va hatto salomatligi o‘ta yomon ahvolda bo‘lishiga qaramay avf qilinmagan.

Murod Jo‘rayev va yana bir necha "Erk" partiyasi faollari 1994 yilda hokimiyatni noqonuniy bosish olishga urinishda ayblanib, 1994 yil sentyabr oyida qamoqqa olingan.

1995 yil may oyida o‘tgan mahkamada Murod Jo‘rayev 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Murod Jo‘rayevning qamoq muddati hozirga qadar uch marta uzaytirilgan.

So‘nggi, to‘rtinchi marta uzaytirish O‘zbekiston Senati yangi amnistiyani e‘lon qilgan paytga to‘g‘ri kelgan. 2012 yil 13 noyabrda Murod Jo‘rayevning jazo muddati to‘liq tugaganiga qaramasdan, qamoqxona ichki tartiblarini buzishda ayblab uning jazo muddatiga yana uch yil qo‘shilgan.

Huquq faoli Surat Ikromovning BBC bilan suhbatda aytishicha, 2013 yili uni qamoqxonda borib ko‘rgan vaqti o‘zaro suhbatda Murod Jo‘rayev o‘zining qamalishida 1994 yili Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan Rashit Qodirov rol o‘ynaganligini tilga olgan.

Shundan so‘ng Murod Jo‘rayev "Rashit Qodirov hozir ham bormi", deb so‘ragan. Uning Bosh prokuror lavozimida ishlab kelayotganidan hatto xabari ham bo‘lmagan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Surat Ikromovning umid qilishicha, hozirda Rashit Qodirov lavozimidan ketgani ortidan Murod Jo‘rayevni ozod qilish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Xalqaro tashkilotlar amnistiyani siyosiy mahbuslarga nisbatan ham qo‘llashga chaqirishgan.

O‘zbekistonlik va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston hukumatining siyosiy tutqun deb ko‘rilgan mahkumlarni qamoqdan chiqarmaslik maqsadidagi bahonayu amallarini muntazam tanqid qilib keladilar.

Ko‘plab yillar davomida siyosiy tutqunlarning qamoq muddatlari "jazoni ijro etish muassasasining ichki tartibini buzdi" degan bahona bilan uzaytirib kelinadi.

60 yoshli Murod Jo‘rayevning qamoq muddatini uzaytirish haqidagi Olmaliq shahar sudi chiqargan hukmga ko‘ra, Murod Jo‘rayev "oyoq kiyimini yechmasdan ichkariga kirish", "choyni tamakiga almashtirish" bilan Olmaliq qamoqxonasining ichki tartiblarini buzgan.

Bugungi kunga kelib Murod Jo‘rayev mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq vaqt qolayotgan siyosiy tutqunga aylangan.

O‘zbek maxsus xizmatlari Murod Jo‘rayevni 1994 yilda Qozog‘istondan o‘g‘irlab kelganlar va 1995 yil fevralida uning ustidan hukm o‘qilgan.

Murod Jo‘rayev qamoqxonada o‘ziga qiynoqlar qo‘llanilganini aytgan.

20 yillik mahkumiyat oqibatida Murod Jo‘rayev salomatligiga jiddiy putur yetgan.

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, bu yillarda Prezident Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan.

Murod Jo‘rayev hali Rossiya sobiq prezidenti Boris Yeltsindan ham avvalroq kommunistik partiyaning Muborakdagi boshlang‘ich tashkilotini tarqatib yuborgan.

U 1990 yilda O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer