Ramzan Qodirov Rossiya kuch tizimlariga qarshi chiqdi

Image copyright AP
Image caption Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z prezidentligi tabiatini qat‘iyan islomiy qilib shakllantirgan

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z xavfsizlik kuchlariga Rossiya federal qo‘shinlari mintaqada uning ruxsatisiz faoliyat qiladigan bo‘lsa, nishonga olishga buyruq bergan.

Qodirovning so‘zlari joriy hafta poytaxt Grozniyda amalga oshirilgan amaliyot chog‘i bir chechenistonlik o‘ldirilishi ortidan yangragan.

Rossiya matbuoti yozishicha, o‘ldirilgan shaxs qidiruvdagilar ro‘yxatida bo‘lgan va amaliyot payti qurolli qarshilik ko‘rsatgan.

Qodirov janoblari 2007 yil Kremlning dastagi bilan Checheniston rahbariga aylandi va Islomiy isyonkorlarga qarshi uzoq davom etgan kurashni davom ettirdi.

Rossiyaga sadoqati evaziga esa, Checheniston avtoritar yo‘lboshchisi o‘z xavfsizlik kuchlarini qo‘lida tutish va janubiy respublikani o‘z bilganicha boshqarish iznini qo‘lga kiritgandi.

"O‘q yurakka urilgan"

"Men rasman aytmoqchiman: Agar Moskva va yo Stavropoldan kimdir siz bexabar tomorqangizga kirib qolsa, o‘t oching", deb aytgan janob Qodirov Checheniston xavfsizlik rasmiylariga. Uning chiqishi televizion orqali ko‘rsatilgan. "Biz bilan hisoblashishlari kerak", deya qo‘shimcha qilgan u.

Rossiyaning Stavropol mintaqasi xavfsizlik kuchlari 19 aprel kuni Grozniyda bir chechenning umriga zomin bo‘lgan qurolli amaliyotini o‘tkazishi Ramzan Qodirovni g‘azabga keltirgan.

Chechen inson haqlari bo‘yicha mas‘uli Nurdi Nuxajiyev matbuotga gapirishicha, shohidlardan biri nobud bo‘lgan shaxs qurolsiz bo‘lgani hamda taslim bo‘lishga uringanini aytgan.

Ammo, Nurdi Nuxajiyevga ko‘ra, niqobli odamlar uni juda yaqin masofadan otishgan va o‘q yurakka tegib hayotdan ko‘z yumgan.

Janob Nuxajiyev Rossiya Ichki ishlar vaziri va davlat prokuroridan hodisaga oid tekshiruv o‘tkazishni so‘rashini aytgan.

Rossiya hukumati hozirgacha Ramzan Qodirovning so‘nggi buyrug‘iga munosabat bildirmagan.

O‘tgan oy u Moskvada Rossiya muxolifati rahbari Boris Nemtsovni o‘ldirishda aloqadorlik gumoni bilan hibs qilingan chechenistonlikni himoya qilib chiqqandi.

Inson haqlari guruhlari Qodirov janoblari qo‘li ostidagi xavfsizlik kuchlarini nomaqbul amallar, jumladan, qiynoq va qotilliklarda ayblashadi.

Tanqidchilar Ramzan Qodirovni qator suiqasd amallarida qo‘li borligini aytishadi. Biroq, Qodirov janoblarining o‘zi bunday ishlarga bosh qo‘shganiga oid ayblovlarni qat‘iyan rad qiladi.

Ramzan Qodirov kim?

Image copyright BBC World Service
Image caption Ramzan Qodirovning Prezident Putin bilan ittifoqdoshligi uzoq yillarga borib taqaladi

Janob Qodirov dushanba kuni "ishdagi muvaffaqiyatlari, zahmatli ijtimoiy faoliyati va uzoq yillik fidokorligi" uchun Shon-shuhrat ordeni bilan taqdirlandi.

BBCning Checheniston masalalari bo‘yicha tahlilchisi Murad Batal Shishaniga ko‘ra, orden janob Putin va Ramzan Qodirov o‘rtasida Boris Nemtsovning o‘ldirilishi ortidan bo‘linish paydo bo‘lgani borasidagi har qanday gap-so‘zlarni inkor qiladi.

Qodirov janoblari Ukraina sharqidagi putinparast isyonkorlar va Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishiga kuchli dastak bildirdi. Va Ovro‘po Ittifoqining jazo choralari ro‘yxatida uning nomi ham bor.

Ramzan Qodirovning Prezident Putin bilan ittifoqdoshligi uzoq yillarga borib taqaladi.

2007 yil janob Putin uni Shimoliy Qofqozdagi aksar musulmonlar istiqomat qiluvchi va 1990 yillardagi urushda anchayin vayron bo‘lgan Checheniston prezidenti etib tayinlagan. Undan oldinroq, uning otasi Ahmad Qodirov bomba portlashida halok bo‘lgandi.

O‘sha paytdayoq Ramzan Qodirovning qo‘li ostida "Qodirovchilar" deb nomlangan qudratli va yon-atrofga anchayin qo‘rquv soluvchi xususiy gvardiya bor edi.

Inson haqlari guruhlari ularni qiynoq, odam o‘g‘irlash va yollanma qotilliklarda ayblashadi.

Xo‘sh, nima uchun Kreml Ramzan Qodirovni o‘z homiyligiga olgandi?

Shishanining da‘vo qilishicha, uning qurolli islomchilarga qarshi shafqatsiz kurash usullari Shimoliy Qofqozni tinchitishga urinayotgan Rossiya uchun foydali edi.

Moskvada Putin janoblari prezidentlik kursisini mustahkamlashga ilinjida bo‘lgan bir paytda Checheniston atrofidagi respublikalarda Islomiy jangarilik muammosi keskinlashardi.

Mintaqa bo‘yicha ekspert Anna Munsterga ko‘ra esa, Shimoliy Qofqozda jangarilar "Qofqoz amirligi" e‘lon qilishi Rossiya hukumati uchun tahdid ro‘yxatini uzaytirgandi".

Jangarilar ta‘siri mintaqa tashqarisi - Tataristondan tortib, Rossiyaning boshqa burchaklariga qadar yoyiladi va 2010-2011 yillar bomba hujumlari amalga oshiriladi.

Islom

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z prezidentligi tabiatini qat‘iyan islomiy qilib shakllantirdi.

U otasining Qodiriya so‘fiylari bilan muvaffaqiyatli hamkorligini davom ettirdi.

Shishaniga ko‘ra, Qodiriya so‘fiylari doim Rossiyaga adovat ko‘z bilan qarashgan. "Ammo, tarixda ilk bor ular islomchilarga qarshi ittifoqchiga aylanishdi", deydi Shishani.

Ramzan Qodirov va Kreml o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlar mustahkamlandi. Qodirov ayni masalada Rossiyaning byurokratik davlat institutlarini chetlab o‘tdi. Bu har ikki tomon uchun o‘ng‘ay yo‘l edi.

Rossiya Chechenistondagi qayta qurish infratuzilmasini moliyaladi. Ayni mablag‘ yangi yo‘llar va respublika poytaxti Grozniydagi yirik masjid qurilishiga ham sarflandi.

Bu kabi loyihalar Qodirov uchun yaxshi ijtimoiy munosabatlar degani edi. Ammo, Shishanining aytishicha, loyihalar mahalliy odamlar uchun anchayin zarur bo‘lgan ish o‘rinlari yaratishga ko‘p xizmat qilmadi.

Chechenistonda Qodirov Markaziy Osiyo rahbarlari kabi "ulug‘ lider", "yurtboshi"ga yoki "elbasi"ga aylandi.

Shuningdek, Qodirov bilan ixtilofga borib, xorijdan qo‘nim topgan sobiq ittifoqchilarga qarshi suiqasdlar amalga oshirildi. Jumladan, Venada sobiq tan soqchisi Umar Isroilov va Dubayda Sulim Yamadayevlar o‘ldirib ketildi.

Bu kabi qotilliklar Checheniston siyosatchilari uchun yangilik emas.

Rossiyaning chechen bo‘lginchilariga qarshi urushida minglab oddiy aholi vakillari va askarlar nobud bo‘lishdi.

Johar Dudayev, Zelimxan Yandarbiyev va Shamil Basayev kabi isyonchi rahbarlar uyushtirilgan hujumlar orqali yo‘q qilindi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio