O‘zbeklar reyting va omma so‘rovlariga ishonishadimi?

Image copyright Reuters

O‘zbekistonlik mustaqil sotsiologning fikrlari

"Ijtimoiy fikr" markazi olib borayotgan so‘rovlarning natijalarini kim o‘qiydi va ularga kim ishonadi?

Bu savol o‘zbekistonlik talabalar va 22-30 yoshda bo‘lgan turli yoshlarga berilgan. So‘rovga tortilgan 70 odamning faqat o‘n ikkisi markaz ishlari bilan tanish ekanligini aytib, ulardan to‘rt nafari markaz e‘lon qiladigan yuqori foizlarga qo‘shililshini bildirgan. Talabalarning aytishlaricha, ular kundalik hayotda markazni boshqa nom bilan ta‘riflashadi.

Bu -"99.9% Markazi"dir…

O‘zbekiston fuqarolari fikrlarini o‘rganish bo‘yicha va davlat tomonidan rasman tasdiqlangan barcha tadqiqotlar mamlakatda qonuniy tarzda faoliyat yurgizayotgan yagona guruh - "Ijtimoiy fikr" markazining so‘rovlariga borib taqaladi.

"Jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi" websahifasida bu tashkilot nohukumat va mustaqil ilmiy muassasa deb belgilangan.

Aholisi o‘ttiz milliondan ortiq bo‘lgan bir jamiyatda nima sababdan omma fikrini o‘rganuvchi boshqa tashabbuskor guruhlar yo‘q?

Hokimiyatga yaqin turgan bo‘lishsa ham, tahliliy guruhlar o‘z omma so‘rovlarining xolis natijalarni chiqarishlari odatiy hol bo‘lishi kerak.

Axir fuqarolarning o‘z Prezidenti yoki turli sohalarda olib borilayotgan siyosat borasida fikr-mulohazalarini bilish xususan, xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqishda o‘ta muhim emasmi?

Bundan tashqari, ichki va tashqi siyosatni belgilashda ham haqiqiy ahvoldan xabardor bo‘lish ortiqchalik qilmaydi.

Reyting va nisbiylik tushunchasi

Nisbiylik o‘zbek jamiyatshunoslari uchun tadqiqot ishlarida ustuvor va umuman, yagona o‘lcham bo‘lib qolayapti.

"Ijtimoiy fikr" markazining barcha tadqiqotlarida, aholi aksariyati (odatda bu hamisha 90 foizdan ortiq) u yoki bu uchun ovoz bergan, deya ishontiriladi.

Biroq nimagadir, aynan ushbu tadqiqotlarda so‘rovga tortilganlarning aniq raqamlarini topish qiyin.

Doimo nisbiy yoki taxminiy raqamlar keltiriladi hamda raqam va foiz o‘rtasida mantiqiy aloqani ko‘rish oson bo‘lmaydi.

Misol uchun, butun Jamiyat qo‘llab-quvvatlovi haqida so‘z ketganda, agar biz so‘rovda ishtirok etgan fuqarolarning aniq sonini bilmasak, buni qanday qilib tushunish mumkin?

2014 yili chop etilgan Rossiya Federal Muhojirlik Xizmatining ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiya hududida 2,8 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bor.

Bu mamlakat aholisi faol qismining 10 foizni tashkil qiladi.

Biroq afsuski, bu raqamlar "Ijtimoiy fikr" markazining sotsiologik tadqiqotlarida aks etmaydi.

Bu esa markaz omma fikrini o‘rganishda ushbu foizlarni inobatga olmaganini anglatadi.

Ya‘ni sotsiologlar, misol uchun, ishsizlik yoki kichik va o‘rta biznesdagi faollikni baholayotganlarida, bu kabi omilni umuman nazarga olmasliklari ularning professionalligi haqida qanday dalolat beradi?

Sotsiologiya - hokimiyat xizmatkorimi?

Oddiy tushunchada sotsiologiya fani jamiyatdagi fikr-muloxazalar va faktlar borasidagi xolis ma‘lumotlarni yetkazib berish bilan ifodalanishi kerak.

Biroq bugungi voqe‘likda - sotsiologiya ko‘pchilik aynan shu tariqa o‘ylayotganini jamiyatga uqtirish funktsiyasini bajarmoqda.

Hokimiyat javobi allaqachon tayyorlangan omma fikrini tadqiq qilishga buyurtma beradi.

O‘zbek sotsiologiyasining asosiy muammolardan biri tepadan kelgan buyruqqa "labbay" javobi bilan jamiyatni amalda bezovta qilayotgan dolzarb mavzularni chetlab o‘tishidadir.

Image caption "Ijtimoiy fikr" - O‘zbekistondagi yagona omma so‘rovi markazidir

Bugungi kunda biz poraxo‘rlik, kuch tizimlarining nazorati, soliq idoralarining ishi, jamiyatda o‘sib borayotgan diniy omil va radikallashuv kabi muammolarni keng va ochiq muhokama qilishdan uzoqlashdik.

Ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan ba‘zi baholardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, aynan hokimiyatning poraxo‘rlikka botgani jamiyatni turli xildagi radikallashuvga olib kelgan!

Zero, bu xulosa rejim tomonidan keng targ‘ib qilinayotgan qonunga bo‘ysunuvchi taqvodor musulmon imidjiga zid kelsa ham…

So‘zsiz, qo‘l bilan boshqaruvga nafaqat ekspert-mutaxasislar, balki so‘rovga tortilgan respondentlar ham o‘rganib bo‘lishgan.

Misollardan biri - yaqin o‘tmishda uyushtirilgan ayrim "mashhurlik" reytinglari natijalarini olaylik.

Ularda Gulnora Karimova otasidan mashhurroq, degan fikr muntazam ravishda takrorlanib kelingan.

Biroq Gulnoraning o‘sib borgan "mashhurligi"ni rejim o‘ziga xavf sifatida ko‘rib, elita doiralarini shu darajada qo‘rqita boshlaganki, uning otasiga qondoshligini nazar-pisand qilmay, repressiv choralarni qo‘llashgan.

Va xuddi ko‘rinmas rejissyor qo‘li ishorasi bilan dabdurustdan olomon Gulnora Karimovaning reytinglarini qayd qilishdan bosh tortgandek.

Gulnora Karimova bilan bog‘liq vaziyat elita o‘rtasida hokimiyat uchun kurashda "qo‘l boshqaruvi rejimi" da faoliyat olib borayotgan sotsiologiya qulay bir vositaga aylanganini namoyon etadi.

Demak, sotsiologik tadqiqotlarni Hokimiyat ta‘siridan chiqarish -Hokimiyatning o‘zi uchun hayot-mamot masalasi bo‘lishi kerak.

Raqamlarning sehrli kuchi va hiyla-nayranglari

1989 yili ochiq matbuotda sovet fuqarolarining turli xil ijtimoiy so‘rovlari chop etilgandi.

Image caption Odamlar hayotga va so‘rovlarga moslashishgan

So‘rov xulosalari sovet jamiyatining 98,5 foizi partiya va porloq kelajakka mutlaq ishonishini baralla uqtirgan payt mamlakatning parchalanib ketishiga bir yildan kamroq vaqt qolgan edi.

Hokimiyat uyushtirgan reyting orqali jamiyat nuqtai-nazarlaridan kelib chiqqan xulosalarni manipulyatsiya qilish harakatlari o‘ta xavfli.

Chunki jamiyatni "quvonchli" raqamlarga ishontirish o‘rinishlarida Hokimiyatning o‘zi reallikdan uzoqlashadi.

Natijada, minbardan haqiqiy ahvolga mos kelmagan "eyforiyaga berilmaslik" ka oyid chaqiriqlar yangrayotganda, odamlarning yuzlarida niqoblarni ko‘ramiz.

Avtoritar tuzumlarda jamoatchilik ongini shakllantirish mahorati ne qadar yuqori bo‘lsa, hokimiyat qurilgan asos shu qadar mustahkam bo‘ladi.

Ushbu aksioma o‘tmishda sho‘rolar davlatining butun tarixida stalin mafkurachilari tomonidan qo‘llanilgan edi.

Shuning uchun piramida shaklidagi "qo‘l boshqaruvi" qaror topgan O‘zbekistonda aslida sovet uslubiyati ko‘chirilgani ajablanarli emas.

Ikkiyuzlamachilik andozalari tarqalgan muhitda o‘zbek yoshlari munofiqona va moslashuvchan modelni har yerda qo‘llashga tayyor bo‘lib qolganlar.

Tor doira va "oshxonada" ommaviy ishsizlik va korruptsiya muammolarini muhokama qilgan yoshlar omma fikrini o‘rganish so‘rovlariga kelganda, bir ovozdan "qo‘llab-quvvatlaymiz" degan javobni berishadi.

So‘rov o‘tkazayotgan tashkilot uchun bunday holat o‘ta xavfli, chunki so‘rov natijalarini qalbakilashtirish u yoqda tursin, yillar davomida "dressirovka"dan o‘tgan, ya‘ni ko‘lga o‘rgatilgan mo‘min respondentlar butun Jamiyat shunday o‘ylaydi, deya Hokimiyat vakillariga nisbatan dastaklovchi "layk" lar qo‘yishni boshlashadi.

Sabablar yoki kim aybdor?

Bu kabi fenomen yaqinda prezidentlik saylovoldi harakatlarida ham kuzatildi.

Prezidentlikka nomzodlarning reytinglari solishtirilganda, Islom Karimov hammadan ko‘ra anchagina ko‘proq foizlarni jamlagan.

Odamlarning javoblari orqasida turgan sabablar qanchalik samimiy edi?

Ularning tanlovi ortida nimalar turgan?

Tashkilotimiz o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, "…biz uni bilamiz, qolganlarni bilmaymiz, yana Xudo ko‘rsatmasin, qaysi tomonga burilib ketishi mumkin..." degan xavotirlar katta rol uynagan.

Bu yerda kim aybdor bo‘lishi mumkin?

Rahbarning ko‘nglini topmoqchi bo‘lgan saroy mulozimlarimi?

Xizmatga shay, "labbay deb turgan" piar xodimlari yo-da mazkur "mustaqil" so‘rov o‘tkazgan markazlarmi?

Yoki yillar davomida yolg‘on raqamlarga o‘rganib bo‘lgan va moslashib ketgan bizning katta Jamiyatimizmi?

Mashhurlik reytinglarini tashkillashtirganda, xatto mamlakatda qo‘llanilgan "qo‘lli" so‘rov markazlari vositasida ham odamlarda kuchga sig‘inish chuqur ildiz otganini inobatga olmaslik qanchalik maqsadga muvofiq bo‘ladi?

Umaman, Markaziy Osiyo hududi hamda Rossiyada kuch liderni hurmat qilish darajasini ifodalaydi, ya‘ni "Qrimni qaytarib oldikmi, demak, liderimiz o‘ta kuchli" degan ma‘noda.

Putinning reytingi nafaqat Rossiya, balki undan tashqarida yashayotgan odamlarning ongida ham osmon bilan barobar bo‘ldi.

Ya‘ni shaxsga sig‘inish tushunchasi rejimlar tomonidan singdirilgan.

"Avtoritar, lekin kuchli" hokimiyatning reytingi "demokratik, biroq zaif" hokimiyatning reytingidan ko‘ra oshib ketishiga ajablanmaslik kerak.

Alal-oqibat, o‘z mustaqiligini yo‘qotgan sotsiologiya kuchli hokimiyatning birinchi qurboni bo‘lib qoladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq