Farxundaning o‘limi Afg‘onistonni o‘zgartiradimi?

Image caption Farxunda yodi...

O‘tgan oy Kobulda shafqatsizlarcha o‘ldirilgan Farxundani xotirlash marosimlari o‘tmoqda.

27 yoshli bu mushtipar ayolni bo‘htonga uchgan olomon avvaliga kaltaklab o‘ldirishadi, keyin jasadini yoqishadi.

Unga "Qur‘onni yoqdi", deb masjidda tuhmat qilishadi.

BBC muxbiri Dovud Qorizoda ayni qotillik mamlakat uchun nimalarni anglatishi, ehtimolki, Afg‘onistonni nihoyat uyg‘otayotgan zamonlar kelgani haqida hikoya qiladi.

Shoh-du-Shamshaira masjididan Afg‘oniston prezidenti qarorgohi va katta bozorga qadar bir zumda piyoda borsa bo‘ladi.

Ayni shu joyga asosan yosh yigitlar yig‘ilishadi.

Xotin-qizlar ham o‘z dardlariga davo, mushkullariga yengillik istab kelishadi.

Aksariyat bu ziyoratgohning kunda-shunda mullalaridan tumor, turfa duolar yozilgan nimarsalar olishadi.

Kimlir "ko‘zu suq"dan qutilish niyatida, yana kimdir farzand istagida...

Ayrim mullalarning rasmiy diniy bilimi yo‘q, kimningdir qarindoshi bo‘lgani uchun oilaviy deb ko‘rilgan bu "biznes"da ishlashadi.

Shoh-du-Shamshairani hozir yopib qo‘yishgan.

O‘tgan oy xuddi shu yerda Farxundaga olomon hujum qilgan, do‘pposlagan, tepgan va jasadini sudragan...

Keyin jasadiga o‘t qo‘yganlar.

Bu shafqatsiz qotillik telefon kameralariga muhrlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayni video qo‘lma-qo‘l bo‘lgan.

Farxunda shu tumorsotarlikni shirk deb aytgani uchun uni Qur‘onni yoqishda ayblaydilar.

Farxunda din masalalarida o‘qituvchi bo‘lish uchun ta‘lim olayotgan edi.

Uning otasi Muhammad Nodir BBC bilan suhbatda o‘z qizi bolaligidan dini Islomga qiziqqanligini aytadi.

"Etti va yo sakkiz yoshidan masjidga qatnab Qur‘onni o‘rgandi. Qur‘onni yoddan bilar edi... Doim kambag‘alning yonini olar, yordam berar, ayniqsa ayollarga dastyor edi", deydi u.

Farxunda bu masjidga faqat bir marta, oilasi bilan ibodatga borgan ekan.

"U sovuqda qaltirab turgan ayollarni ko‘rdi, ikkinchi marta borganida uydan o‘zining issiq kamzulini ko‘tarib borib ayollardan biriga berdi, shu kuni uni o‘ldirishdi..."

Farxundaning ukasi Mujibga ko‘ra, uni Kobul politsiyasiga keltirishganida avvaliga hech narsa aytishmagan.

Faqat "Farxundani Qur‘onni yoqishda ayblashdi, hozir tergov qilinmoqda", deyishadi.

"Politsiya bizga Farxundaning aqli-hushi joyida emas deb aytinglar dedi. Dadam esa faqat Farxundani ozod etishlarini istar edi va shuning uchun politsiyaning aytganlariga ko‘ndi", deydi Mujib.

Ammo faqat tunga kelib politsiya ularga Farxundaning o‘ldirilgani aytadi.

Oila xavfsizligi uchun Kobulni tark etishlarini maslahat beradi.

O‘shandan beri bu oilaning boshi g‘avg‘odan chiqmaydi.

"Hech qaysimiz uydan chiqmaymiz, bolalar maktabga borishmaydi", deydi Mujib.

"Agar biz bu qotillikni unutsak, ertaga yana bir Farxundani o‘ldirishadi".

Politsiya...

Image copyright AFP
Image caption Afg‘on politsiyasi

Politsiya Farxundani himoya qilmagani uchun keskin tanqidlar ostida qoldi.

Uning otasi politsiya o‘z qizini o‘ldirishayotganida bir chekkada kuzatib turgani, uni himoya qilish uchun hech narsa qilmaganlikda ayblaydi.

Tarqatilgan videoda politsiya harakat qilgani, osmonga o‘q uzganini ko‘rish mumkin.

Ammo rasmiy tergovda aytilishicha, politsiya vaziyat ustidan nazoratni qo‘ldan boy bergan va zudlik bilan maxsus o‘quv-mashqlari o‘tkazilishi kerakligi urg‘ulangan.

Farxunda o‘limida asosiy gunohkorlarni tutishda ham sustlik qilingan.

Farxundani qatl qilishayotgan payti atrofda kuzatib turgan politsiya xodimlaridan bir nechasi hibsga olingan.

Norozilik chiqishlari

Image copyright Reuters
Image caption Tobut ko‘targan ayollar

Misli ko‘rilmagan qotillik ortidan misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlari kechdi.

Farxundaning dafn marosimida uning tobutini ayollar ko‘tarishdi.

Bu esa barcha an‘analarga ters bir amal edi.

Kunlar o‘tar ekan, Afg‘onistonning yirik shaharlarida minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi.

Namoyishchilar qo‘llarida Farxundaning qontalash rasmlarini ko‘tarib olishgandi.

Amerikada, Avstraliya va Buyuk Britaniyada ham norozilik amallari o‘tkazildi.

Diniy ulamolar ham bu qotillikni keskin qoraladilar.

Ammo ayni voqea Islom diniga qarshi tanqidlarga sabab bo‘lmasligidan ogohlantirishdi.

Afg‘oniston prezidentining rafiqasi Rula G‘ani Nyu Delida xotin-qizlar huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda so‘z olib, Farxundaning taqdiri haqida hikoya qildi.

Xotin –qizlar huquqlarining himoyachilari, siyosatchilar va jurnalistlar Farxundaning o‘limi Afg‘onistonni isloh qiladimi, yo‘qmi deya bahs qildilar.

Rula G‘ani bunga umid qilishini bildirdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq