Parkentlik uch kishi varaqa tarqatishda gumon qilinmoqda

Image caption Hibsga olishlar shanba kuni boshlangan yirik amaliyot ortidan yuz bergan

Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasidagi manba‘ning BBCga aytishicha, chorshanba kuni Parkent tumanining Hisorak qishlog‘ida diniy mazmundagi varaqalarni tarqatishda gumon qilingan uch nafar parkentlik hibsga olingan.

Manba‘ning bildirishicha, hibsga olishlar O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatov va Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyevlarning chorshanba kuni Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida amalga oshirilgan.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, gumondorlar Toshkentga olib ketilgan va hozirda so‘roq qilinmoqda.

Parkentda o‘tgan shanba boshlangan amaliyotga yuzlab militsiya, maxsus kuchlar va harbiy texnika jalb etilgan.

Tumanning boshqa hududlaridan militsiya ro‘yxatida turgan shaxslar, jumladan, namozxonlar Hisorakdagi "Quyosh" mahallasida tashkil etilgan shtabga olib kelinib, ularning barmoq izlari olingan.

"Bizning barmoq izlarimizni olib, suratga tushirishdi va tilxat yozdirib olishdi. Aytishlaricha, varaqalardagi yozuvni bizning dastxatlarimiz bilan solishtirishar ekan. Maktab o‘qituvchilaridan o‘quvchilar yozgan insholardan namunalar keltirishni so‘rashyapti", - deb aytgan parkentliklardan biri BBC bilan suhbatda.

Militsiya xodimlari varaqa tarqatgan noma‘lum shaxslarning "qora niqob" kiyganliklarini aytishgan.

Ayni paytda BBC manba‘lari hududda komendantlik soati joriy etilgani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi.

Gumondorlar

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakilining BBCga aytishicha, gumondorlardan biri voyaga yetmagan shaxs-tumandagi Transport kollejining talabasi, ikki nafari esa voyaga yetgan va hech qayerda ishlamagan fuqarolardir.

Manba‘ga ko‘ra, varaqa tarqatganiga iqror bo‘lgan gumondorlarning biron-bir tashkilotga mansubliklari aniqlanmagan.

"Ular varaqalarni internetdan yuklab olib, Hisorakdagi 29-maktab, Transport kolleji va bog‘chada tarqatishgan", - dedi BBC suhbatlashgan manba‘.

Uning so‘zlariga ko‘ra, varaqalarda jihodga va O‘zbekistondagi tuzumni ag‘darishga chaqirilmagan, ularda portlashlar uyushtirish haqida tahdidlar ham yo‘q.

Chorshanba kuni BBCga gapirgan parkentliklardan biri varaqalar A-4 formatdagi oq qog‘ozga qora flomasterda, o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan matndan iborat bo‘lib, unda jumladan, "barcha mazhab va diniy oqimlarning tinchlik-totuvlikda yashab kelgani, bunga tarixiy manba‘lar guvohlik berishi" bayon qilinganini aytgan edi.

BBC manba‘sining aytishicha, varaqa tarqalgani aytilgan bog‘cha yopib qo‘yilgan, maktab va kollejda esa o‘qish davom etmoqda.

Unga ko‘ra, shanba kuni boshlangan amaliyot nihoyasiga yetish arafasida.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakili Hisorak qishlog‘iga harbiy texnika olib kirilganini tasdiqladi, ammo hududda komendantlik soati joriy etilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hisorakda hozir Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB sining 500 ga yaqin xodimlari bor.

O‘tgan yil sentyabrida Toshkentning Yunusobod tumanidagi ko‘prikka IShIDning qora bayrog‘i ilib ketilgani xabar qilingandi.

Chorshanba kuni Parkentdagi hodisa haqida xabar bergan Uzmetronom nashri o‘z manba‘lariga tayanib, varaqalarning Islomiy Davlat yoki IShIDga oid ekanini aytgan.

Prezident Karimov Iroq va Suriyada "bosh ko‘tarayotgan har-xil guruhlar" O‘zbekistonga tahdid solishini aytgan.

Shu kunlarda O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasini qo‘riqlash kuchaytirilgani haqida ham xabarlar olingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq