O‘zbekistonda bu yil meva hosili bo‘lmasligi mumkin

Image caption Mevalar qiyg‘os gulga kirgan payt havo harorati minus 7 ga tushib ketgan

Bir asrda bir keladigan bahoriy qattiq sovuq O‘zbekistondagi mevalarni quritgan.

Mart oyining oxiri va aprel oyining boshidagi qattiq sovuq bog‘dorchilikka qattiq zarba bergani aytilmoqda.

Bu yil meva kam bo‘lishi kutilarkan, quritilgan mevalarning narxi osmonga sapchigan.

Dehqonlarning katta zarar ko‘rishi taxmin qilinmoqda.

Bu yil O‘zbekistonda mart oyining oxiri va aprel oyining boshida mevalar qiyg‘os gulga kirgan vaqti havo harorati o‘rtacha minus 7 ga tushib ketdi va qor yog‘di.

Havaskor meteoritlarning aytishicha, bunday sovuq Toshkentda bundan 110 yil avval 1905 yili kuzatilgan.

Andijonlik dehqon Tohirjon Ahmedovning BBCga aytishicha, vodiyda bodom, o‘rik, gilos, uzum, olxo‘rilarni sovuq urib ketgan.

"O‘riklar deyarli 100 % ketdi. Giloslarga kuchli ta‘sir qildi. Giloslar ham deyarli 10 foiz qoldi. Yana olxo‘ri ketdi. Gullagandan keyin urib ketdi. Uzum katta zarar ko‘rdi. Xabaringiz bo‘lsa, Toshkentda uzum 100 % sovuq urdi. Andijon viloyatining shimoliy tomonlarida qisman qoldi", - deydi Tohirjon Ahmedov.

Tohirjon akaning aytishicha, faqatgina olma va nok hosilini sovuq urmagan.Behilarga kasallik tekkan.

Boshqa viloyatlarda ham yong‘oq, o‘rik va giloslarni sovuq urgan. Faqatgina iqlimi issiqroq bo‘lgan Surxondaryo tomonlarda o‘rik hosilini sovuq urmagani aytilmoqda.

Samarqand viloyatida hattoki meva bermaydigan chinorlarni ham sovuq urib ketgan.

Narxlar ko‘tarilmoqda

Aprelning sovuq kelishi ortidan quruq mevalarning narxi keskin ko‘tarilgan.

Image caption Bozorlarda narx-navo ko‘tarilishni boshlagan

O‘zbekistondan Qozog‘istonga bodom, yong‘oq, turshak, mayiz kabi quruq mevalar eksport qilinadi.

"Bir kilo bodomni men 90 ming so‘mdan olgan edim, hozir yigitlarning aytishicha, 105-110 (25 dollar) so‘m bo‘libdi. O‘tgan yili 30-32 ming so‘m yoki 10 dollardan olardik. Shu bilan birga yong‘oq, turshaklarning ham narxlari 2 barobar ko‘tarilib ketdi. Faqatgina mayizning narxi oshmasdan turibdi", - deydi Olma otadagi "Ko‘k bozor"da savdo qiluvchi Ravshan.

"Bog‘i Furqat" fermer xo‘jaligi rahbari Tohirjon Ahmedov mevalarning gulga kirganidan so‘ng nam aralash sovuqlar oldin ham bo‘lib turganini aytadi, ammo qor bilan qattiq sovuq yaqin o‘rtada kuzatilmagan.

"Guldan keyin yengil sovuqlar yomg‘ir bilan chirish kasalliklari bo‘lib turardi. Lekin bunaqa minusli harorat arxiv ma‘lumotlariga qaraganda 1905 yilda kuzatilgan ekan. Shunda ham aprel oyida minus 5-7 daraja bo‘lgan ekan. Undan keyingi sovuqlar yengilroq bo‘lgan. Andijonda aprelning birinchi 10 kuligida 50-60 sm qor yog‘ib, sovuq 12-14 daraja bo‘ldi", - deydi Tohirjon Ahmedov.

Bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi dehqonlarning bu yil zarar ko‘rishi aytilmoqda. Olma va nok kabi mevalari bor bog‘bonlar bir amallab zararlarini qoplab olishi mumkin, biroq shaftoli, o‘rik kabi danakli meva ekkan fermerlar zarar ko‘rishadi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sug‘urta qilish mavjud, ammo hamma fermerlar ham undan foydalana vermaydi. Paxta va g‘alla mahsulotlari esa majburiy sug‘urta qilinadi. "Biz mevali daraxtlarni sug‘urta qilmaganmiz. Majburiy sug‘urtalar bor, ular asosan paxta va g‘allaga qilinadi. Qolganlari ixtiyoriy", - deydi Tohirjon Ahmedov.

Mevalarni sovuq urushi ortidan davlat tomonidan tuzilgan maxsus komissiya joylarda zararlarni hisob kitob qilgan.

Aprel oyida qor yog‘ishi erta pishar poliz mahsulotlariga ham ta‘sir qilishi aytilmoqda.

Mamlakat ichida piyoz yetishmovchiligi kuzatilgan. Erta chiqqan qulupnaylarning narxi esa bu oyga xos bo‘lmagan darajada qimmat ekanligi aytilmoqda.

Mevalarni sovuq urushi eksportga ham ta‘sir qilishi kutilmoqda. Bu borada narxlar oshishi va kamroq mahsulot eksport qilinishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston bir yilda o‘rtacha 1 million tonnaga yaqin meva va sabzavotni chetga eksport qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio