BBCga aytaman: "Toshkent ko‘chalarida realiti shou!"

Image caption "Mashinaning uvoli tutgurlar..."

Shu chet elliklarning shoularini jinim suymaydi deng…

Bir qarasangiz qorni yorilib ketadigan darajada burger yeyishga bellashib qolishadi, yana bir qarasangiz, biz tomonlarda yana ellik yil "miq" etmay yurib beradigan mashinalarni minib poyga qilishadi...Poygada yutganga mukofot, yutmagan mashinani esa "qoziqqa" ilishadi!

Jon-joningdan o‘tib ketadi bu to‘ygan va yegani burnidan chiqayotgan xorijliklarning bu qiliqlari…Qarabsizki, bu hali aytganim, bizning ko‘chalarda yana ellik yil yurib beradigan "importniy" mashinaga …qarab bo‘lmay qoladi.

"Dadasi, shu moshinlarni uvoli tutsin bularni! Oyog‘ingga kuning qolgurlar! Jo‘nat biz tomonlarga gumanitar yordam qilib", deb nolib qoladi yangangiz.

O‘shanaqa shoulardan biri "Last car standing" deb ataladi, men uni o‘zimcha, "mashinalarni qiynoqqa solish" deb atayman!

Ammo tomashabinlar orasida bunday ko‘rsatuvlar juda ommalashgan... Maza qivorishadi o‘ziyam!

O‘zbekiston degan ajoyibu g‘aroyib mamlakatda yashaydiganlar uchun esa bunaqa o‘yinlar umuman kerak emas.

Chunki bizda shou ko‘raman desangiz, bir ko‘chaga chiqing, istasangiz piyoda, istasangiz va ayniqsa, mashinangizni bir "qiynoqqa" solaman desangiz...mashinada!

Image caption "Qoziq"

O‘yin ko‘chada...masalan, telefoningizda poyga o‘yinini o‘ynasangiz, sizni bu o‘yin qurg‘ur rag‘batlantirib turadi, mukofotlaydi, darajangizni oshirib qo‘yadi, onda-sonda maqtaydi, ammo bizning ko‘chalarda Shumaxer bo‘lib yursangiz ham...dabdala bo‘lib qolishingiz tayin!

Doim yutqizasiz! Chuqurlarni aylanib o‘tasizmi, mashinaningizni sakratib o‘tasizmi, biror bir inson rahmat demaydi...

Kecha kechqurun o‘tgan yo‘lingizda esa...tongda chuqur paydo bo‘ladi, ko‘rmay qolmasangiz, tamom, bu moliyaviy zarbani cho‘ntagingiz ko‘taradimi, yo‘qmi, bunisi menga qorong‘u!

Adrenalinni biz o‘zbekistonliklar turfa o‘yinlarda emas, hayotda oshirvolamiz.

Lekin...bizdagi yo‘lsozlar shu "qoziqqa ilintirish" o‘yinini ko‘rib ilhomlandimi, bilmadim, ammo yo‘l ustiga "qoziq" tiklashga kirishib ketishgan!

Bu qoziqqa ilinayotganlar soni ham kun sayin oshib bormoqda.

Ayniqsa kechalari yoritilmaydigan ko‘chalarda yursangiz…bu "qoziq"lar lop etib qarshingizdan chiqishi tushingizga ham kirmagan bo‘ladi.

Na bir ogohlantiruvchi belgi, na bir chiroq yoki o‘ldim deganda nur qaytargich o‘rnatilgan...aqalli olachipor qilib bo‘yab ham qo‘yishmagan!

Bu "qoziq"lar aslida yo‘l harakati kameralari uchun ekan deb ham aytishdi.

Yil oxirlariga borib bitib qoladi deyishmoqda mahalladagilar, ungacha esa haqiqiy, realiti shou uchun O‘zbekistonga keling!

Mashinalarga qiynoq qo‘llanishiga qarshi toshkentlik

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq