Poroshenko: Donbass va Qrim qaytarilsagina urush to‘xtaydi

Image copyright Petro.Poroshenko
Image caption "Qrim va Donbass qaytarilmasidan tinchlik bo‘lmaydi..."

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoga ko‘ra, mamlakatda tinchlik bo‘lishi uchun Donbass va Qrim qaytarib olinishi kerak.

"Bunga qancha vaqt ketadi? Qancha lozim bo‘lsa shuncha", deb aytgan Ukraina rahbari "STB" telekanali bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga qaraganda, ayni masalada murosa haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Poroshenkoga ko‘ra, jangovor harakatlarni to‘xtatish va Donetsk hamda Lugansk viloyatlaridagi barcha hududlarni yana Ukraina nazorati ostiga tinch yo‘l bilan olish eng maqbul yo‘ldir.

"Biz buning uchun mintaqadan texnikani olib chiqib ketishga doir Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasiga murojaatnoma topshirdik", deb aytgan Poroshenko.

Ukraina prezidentining ta‘kidlashicha, barcha asirlarni ozod qilish va OXHTning kuzatuvchi guruhining amallariga to‘sqinlik qilmaslik kerak.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrimga doir o‘z manfaatlari himoyasi yo‘lida "oxirigacha borish" haqida bayonot bergandi.

Putin shuningdek, G‘arb davlatlari agar Rossiyaning Qrimni qo‘shib olish amallariga to‘sqinlik qilsa, unda yadro qurolini ishlatish bilan ham po‘pisa qilgandi.

Bu haqda Rossiya rahbari "Qrim. Vatanga yo‘l" deb atalgan hujjatli filmda hikoya qiladi.

Sun‘iy bo‘lib tashlash amallari

Pyotr Poroshenko Ukrainani diniy e‘tiqod va til asosida bo‘lib tashlash sun‘iy ekanini urg‘uladi.

"Ukraina hududida istilochi kuchlar qolmas, o‘rtada murosa haqida hech qanday gap bo‘lmaydi, chunki bizni bo‘ladigan omil qolmaydi. Bizni bo‘lingan deya taqdim etilayotgan barcha bahonalar, jumladan, yer, til va e‘tiqod haqidagi da‘volar sun‘iydir", deb aytgan Poroshenko.

"Bugun biz Ukrain millati, Ukrain davlati va xalqi har qachongidan ham ko‘ra jipslashgan ekanini ta‘kidlashimiz mumkin".

"Ukrainani bo‘linganligi haqidagi da‘vo yolg‘ondir, bizga murosa kerakligi haqidagi takliflar adolatsizlikdir. Biz ukrainaliklar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hamohanglikka juda tez erishamiz", deb aytgan Ukraina rahbari.

Ukraina hukumiti va G‘arb davlatlari Kremlni rossiyaparast bo‘lginchilarga harbiy dastak berishda ayblashadi.

Moskva esa Ukrainada urushga kirgan Rossiya fuqarolari ko‘ngillilar ekanini aytib, bu da‘volarni rad etib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq