Britaniya qirolichasi oilasida qiz malika tug‘ildi

Image copyright AFP

2 may kuni Kembridj gertsoginyasi Keytning ko‘zi yorigan.

Kembridj gertsogi Uilyam va gertsoginya Keytning ikkinchi farzandi, Britaniya qirolichasi Yelizavetaning navbatdagi vorisi evara qiz tug‘ilgan.

Bu haqda Britaniya qirollik oilasi qarorgohi - Kensington saroyi rasman e‘lon qilgan.

Chaqaloq London vaqti bilan ertalabki soat 8:34 da dunyoga kelgan.

Image copyright EPA

Chaqaloqning og‘irligi 3,7 kilogramm bo‘lgan.

Shanba kuni ertalab soat 6 da gertsoginya Ketrin turmush o‘rtog‘i hamrohligida Londondagi Sent-Meri shifoxonasiga olib kelingan.

Ikki yil oldin xuddi shu shifoxonada ularning to‘ng‘ichi shahzoda Jorj Aleksandr Lui tug‘ilgan edi.

Bundan oldin qirollik oilasi nomidan tarqatilgan xabarda Kembridj gertsogi va gertsoginyasi oilasida ikkinchi farzand kutilayotgani, ota-ona homilaning jinsi o‘g‘il yoki qizligini oldindan bilmaslikka qaror qilganlari aytilgan edi.

Image copyright PA

Chaqaloqning bobosi, Uels shahzodasi Charlz ikkinchi nevarasi qiz bo‘lishiga umid qilayotganini aytgandi.

Qirolichaning qiz evarasi nomi keyinroq e‘lon etilishi xabar qilindi.

Gertsoginya Keytning aprel oyi o‘rtalarida ko‘zi yoriydi, deya kutilayotgan edi.

Shuning uchun shifoxona tashqarisida Britaniya bayroqlarini tutgan odamlar to‘planishgan va xushxabarni birinchi bo‘lib eshitishni kutib vaqtni shu yerda o‘tkazayotgan edilar.

Image copyright BBC World Service

Yangi qiz evara tug‘ilgani Britaniya tojini meros qilishga taalluqli yangi qonun kuchga kirgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

Shu paytgacha Britaniya taxtiga da‘vogarlikda qirollik oilasidagi erkaklarga ustunlik berilar edi.

Bundan keyin esa vorislikka malikalar shahzodalar bilan teng da‘vogarlik qilish huquqiga ega bo‘ladilar.

Evara malika taxtga da‘vogarlikda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi va undan keyin dunyoga keladigan o‘g‘il ukalari malikani tojga da‘vogarlar ro‘yxatidagi o‘rnidan surib yubora olmaydilar.

Image copyright PA

Hozir Britaniya qirolichasi taxtiga birinchi da‘vogar uning o‘g‘li Uels gertsogi Charlz, so‘ng uning o‘g‘li, Kembrij gertsogi Uilyam, undan keyin shahzoda Uilyamning o‘g‘li Jorj Aleksandr Lui va to‘rtinchi da‘vogar bugun dunyoga kelgan malika bo‘ladi.

Vorislik haqidagi yangi akt 2013 yili Britaniya parlamenti tomonidan qabul qilingan.

Qirolicha Yelizaveta davlat rahbari hisoblanadigan Birlashgan Qirollik Hamdo‘stligi tarkibidagi mamlakatlar parlamentlari ushbu qonunni qabul qilib bo‘lganlaridan keyin yaqinda kuchga kirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq