Rossiya Afg‘oniston shimolidagi vaziyatdan xavotirda

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bayonoti Afg‘onistonning Turkmaniston va Tojikistonga bevosita chegaradosh qator shimoliy-sharqiy viloyatlaridagi qonli hujumlar ortidan yangramoqda.

Qunduz viloyatidan tashqari, yaqinda Badaxshon ham toliblarning halokatli hujumlariga sahna bo‘lgan, janglar o‘nlab afg‘on askarlarining qurbon bo‘lishi, yaralanishi va asir olinishi bilan yakun topgandi. O‘nga yaqin afg‘on harbiysining boshi tanasidan judo etilgandi.

Xuddi shu manzarada Afg‘onistonning Turkmanistonga shundoqqina qo‘shni shimoliy Faryob viloyatining xavfsizligi ham jiddiy izdan chiqib borayotgani kuzatiladi.

Bu yerda toliblar, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolaridan tashqari, so‘nggi oylarda "Islomiy Davlat" guruhining ham faollashishga urinayotgani kuzatiladi.

Tashqi ishlar vazirligining bayonotidan, Rossiya tomonining, ayniqsa, Tojikistonga bevosita chegaradosh Qunduz viloyatidagi vaziyatdan jiddiy xavotirda ekani anglashiladi.

Qunduz viloyatining to‘rt tumani, bir haftadirki, toliblarning qaqshatqich janglariga sahna bo‘lib keladi.

Bu jangarilar aksariyatining O‘zbekiston, Tojikiston va qirg‘izistonlik ekani, oralarida yana chechen va arab millatiga mansublari ham borligi aytiladi.

Mavjud vaziyat sabab, hatto, prezident Ashraf G‘ani Hindistonga safarini kechiktirgan.

Qunduzga o‘nlab tanklar va butun Afg‘onistondan yuzlab qo‘shimcha madad kuchlari yuborilgandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham o‘z bayonotida Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga bevosita chegaradosh viloyatlaridagi vaziyatning izdan chiqib borayotganidan tashvish bildiradi.

Vazirlik, o‘z o‘rnida, ekstremistlarning afg‘on harbiylari va fuqarolarining umrlariga zomin bo‘layotgan terrorchilik amallari va zo‘ravonliklarini keskin qoralaydi.

Rossiya tomonining bayon qilishicha, shimoliy-sharqiy mintaqalari doxil butun Afg‘onistonni tinch ko‘rishni istaydi.

Xuddi shu manzarada Rossiya Tashqi ishlar vazirligi afg‘on hukumatini buning uchun lozim choralar ko‘rishga undaydi.

Vazirlikka ko‘ra, bu kabi amallar Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan chegaradosh mintaqalari xavfsizligini yaxshilashga ham xizmat qiladi.

Image copyright AFP

Yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Afg‘onistondagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirib chiqqandi.

U G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan, Afg‘onistonda terrorchilar faoliyatining kengayishi va bu, o‘z navbatida, butun mintaqaga tahdid solishi mumkinligi bilan ogohlantirgandi.

Rossiya rahbari, o‘z navbatida, agar lozim bo‘lsa, mamlakati Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘mak berishga tayyor ekanini ham bayon qilgandi.

Lekin, shunga qaramay, o‘tgan 13 yil davomida Rossiya Afg‘onistonga o‘z harbiy qo‘shinlarini yubormagan.

Faqat ta‘minot ishlari va AQSh bilan hamkorlikda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini qurollantirish ishlariga bosh qo‘shib kelgan.

Afg‘onistonni qayta tiklash harakatlarida moliyaviy jihatdan ko‘mak bergan.

Orada Afg‘onistonning Sho‘rolar davridan qolgan 10 milliard dollardan oshiqroq qarzidan ham butkul voz kechgan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Moskva bundan buyog‘iga ham Afg‘onistonga qo‘proq iqtisodiy jihatdan ko‘mak beradi, yangi uy-joylar, suv to‘g‘onlari qurilishi va Afg‘onistonda Sho‘rolar ishg‘oli davridan qolgan zavodu korxonalarni qayta ta‘mirdan chiqarish ishlariga ko‘proq e‘tibor qaratadi.

Ular, o‘z o‘rnida, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan katta sondagi safarbarligi mintaqada kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga olib kelishi, bundan buyog‘iga Rossiya va Xitoy o‘z iqtisodiy yordamlari bilan Afg‘oniston masalasida yakuniy so‘zni aytishga urinishlarini taxmin etishadi.

Afg‘oniston Rossiya-yu Xitoy yetakchi maqomga ega va O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistonni o‘z ichiga oluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotida ham kuzatuvchi maqomiga ega.

Prezident Putin bu haqda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti parlament kengashining yig‘ini chog‘ida bayon qilgandi.

Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadan tashkil topgan ushbu tashkilotda ham Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Ammo, eslatib o‘tish joiz, sobiq Sho‘rolar Ittifoqi ham 10 yillik harbiy hozirligi ortidan, 1989 yilda Afg‘onistonni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Buning ortidan, Afg‘oniston bir necha yilga cho‘zilgan qonli fuqarolar urushiga botgan va alal-oqibat bularning barchasi 1996 yilda qudratga toliblarning kelishi bilan yakun topgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq