Berlin: Urush jarohati izlari

Berlin ko‘chalaridan aylanib yuribmiz. Ikkinchi Jahon urushidan qolgan belgilarni o‘zimiz sezib sezmay qidirmoqdamiz.

Image caption Berlin ko‘chalari qaqshatqich janglarga guvoh bo‘lgan

Aftidan, butun Berlinni Sovet me‘morchiligi uslubida ko‘p qavatli imoratlar "bosib" olgan ko‘rinadi.

Biroq , ba‘zi joylarda urushning so‘nggi kunlari va undan keyin sodir bo‘lgan mudhish voqealar qoldirgan izlar hamon ham ochiq yaradek yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Ayrim berlinliklar esa shaharning bu jarohatlarini asrab-avaylayotganday tuyuladi...

Reyxstag oldida to‘plangan sayyohlar uni har burchakdan o‘z telefonlariyu fotoapparatlariga tushirishga harakat qiladilar. Ichiga kirib bo‘lmaydi, faqat oldindan ro‘yxatga olingan holda ruxsat bilan binoga kirish mumkin.

Image copyright bbc
Image caption Qayta tiklangan Reyxstag binosida hozirgi kunda Olmoniya parlamenti (Bundestag) yig‘iladi

Reyxstag - Olmoniya parlamenti yig‘ilishlari uchun qurilgan. Urush yillari katta siyosiy rol uynamagan. Gitler qarorgohi umuman boshqa joyda joylashgan edi.

Lekin nimagadir, bolaligimda Gitler aynan Reyxstagdan turib urush boshlagan deb o‘ylardim. Balki, Qizil armiya askarlari birinchi bo‘lib Reyxstag tomiga bayroq o‘rnatganini tasvirlagan surat tufayli bunday qarashlar keng tarqalgandir.

1945 yili aprel oyida Sovet qo‘mondonligiga bu ramziy bino uchun kurash o‘ta muhim bo‘lgan va o‘z askarlarining jonlarini ayashmagan. Tarixchilarga ko‘ra, Berlin uchun jangning o‘zida 50 dan 80 mingacha Sho‘ro askari halok bo‘lgan.

Image copyright AP
Image caption Reyxstag urushdan so‘ng, 1945 yil

Olmon askarlari va tinch aholi orasida o‘lganlar soni qancha ekanini tasavvur qilish mumkin...

Aytishlaricha, Berlin hujumi zamonaviy tarixda eng yirik jang sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan.

Ikkala tomondan uch yarim million odam, taxminan sakkiz ming tank va 11 ming harbiy uchoq qatnashgan.

G‘olib askarning taqdiri

Mening uch tog‘am urushda jang maydonining uch tomonida jang qilgan. Ulardan faqat kattasi Berlingacha yetib borgan. Olis bir viloyatning kichik shahridan bo‘lgan xushchaqchaq yigitni Stalingrad janglari boshlanishi arafasida o‘zbek diviziyasi tarkibida Stalingrad frontiga jo‘natishadi.

Image caption Bugun ham ko‘chalarda urush nuqsi…

Tog‘a buvamning bizga gapirib berishicha, "o‘n ming jangchidan iborat o‘zbek diviziyasi birinchi kunlardayoq jangga tashlanib, oxirida 600 askar tirik qolgan... Shahar ko‘chalarida halok bo‘lganlar ustidan bosib o‘tgan mashinayu tanklar natijasida odam suyaklari majoqlanib asfaltga yopishib yotardi..."

Men uzoqdan Reyxstag ustunlariga qarayman. Bu qayta tiklangan bino meni ohanrabodek o‘ziga tortadi. Bir zamonlar Sho‘ro askarlari bu bino devorlariga o‘z ismlarini yozayotgani ko‘z oldimda jonlanadi.

Ehtimol, tog‘a buvam ham bunday bir belgi qoldirgandir...

Hayot bo‘lganlarida xazilkash tog‘a buvam goh paytda nemischa so‘zlardan faydalanganini eshitganman. "Guten morgen, guten tag" deb yoki yanga buvam biror narsa so‘rasa, unga "naturlix, Frau" deb javob berardi. Urushni eslaganda xazillashib gapirardi. Biz esa har yili 9 may kuni tog‘a buvamizga "S dnyom Pobedy!" degan otkritkalar yuborib turardik.

Berlinning ochiq havo kafelarida qahva ichib o‘tirgan va aftidan hayotlaridan lazzat olayotgan nemis chollariga nigohim tushadi.

Tog‘a buvamning so‘nggi yillarini eslayman...

Yoshi saksondan oshganda hovli-joyini sotib shahar chekkasidagi besh qavatli "dom"ning kichik va tor kvartirasiga ko‘chishga majbur bo‘lgandi...

Keyinchalik yanga buvam olamdan o‘tganidan so‘ng, dehkon bozorida mahalliy savdogarlarning g‘amxo‘rligi bilan kunini ko‘rib yurgan...

Nemis chollariga qarab g‘olib askar - tog‘a buvamning abgor ahvoli ko‘zimning oldidan ketmaydi.

To‘qsoninchi yillarda O‘zbekiston "g‘alaba" tushunchasidan davlat darajasida voz kechganidan so‘ng, tog‘a buvamni hech kim yo‘qlab bormagan ham...

Milliy g‘ururni tiklashga behuda harakatlar

O‘zidan keyin monumental meros qoldirishni orzu qilgan Gitler olmon xalqining milliy g‘ururini tiklashga harakat qilganmidi? Lekin bu urinishlardan nima qoldi?

Poytaxtning markaziy Vilgelmshtrasse ko‘chasidan ketayapmiz. Fosshtrasse 1/19 chorrahasida eski suratlar bilan qisqa ma‘lumotlarni namoyish etgan stend oldida to‘xtaymiz.

Image caption Berlin ko‘chalarida shahar tarihini o‘rganish mumkin

Bunday stendlar ko‘p tarixiy joylarda o‘rnatilgan. O‘qiganimizda, bu yerda Gitler qarorgohi - Reyxkantselyariyasi, ya‘ni uning devoni turganini bilib olamiz. 1933 yili Gitler butun hokimiyatni o‘z qo‘lida mustahkamlaydi. Olmon me‘morlarini yig‘ib, uning balandparvoz orzulariga mos keladigan binolarni qurishga buyruq beradi. Aynan shu maqsadda Kantselyariya chuqur ta‘sirga ega bo‘lish uchun quriladi. Buni amalga oshirish jarayonida atrofdagi asrlab turgan uylar buziladi.

1939 yili ularning o‘rnida Gitler devonining yangi monumental binosi taqdim etiladi. Bino, Gitler ta‘biricha, "ming yil hukmron" Uchinchi Reyx kuch-qudratini namoyon etishi uchun bunyod qilingan.

Xorijiy diplomatlar uzunligi uch yuz metr bo‘lgan marmar zalni kesib o‘tganlaridangina Gitler qabulxonasiga kirishga muvafaq bo‘lishgan. Gitlerning xonasi esa to‘rt yuz kvadrat metrli bo‘lgan. Bu mehmonlarni larzaga keltirishi kerak edi.

Biroq, chuqur taasurot qoldirish uchun yaratilgan har qanday boshqa bino kabi, Kantselyariyada oddiy xodimlar o‘z vazifalarini bajarishlari uchun qulay sharoit deyarli bo‘lmagan. Devon xizmatkorlari bir-biriga zich holatda bolaxonalarda ishlashga majbur edilar.

1943 yili Kantselyariya bog‘ida Gitler uchun bunker qurilishi boshlanadi. Ikki yildan so‘ng o‘ttizinchi apreldau o‘z joniga qasd qilganini bilamiz. Lekin aynan hozir o‘sha eski bunker va Kantselyariya binosini ko‘rolmaysiz, chunki elliginchi yillarda ularni kommunistlar hukumati buzib tashlagan va hattoki birorta belgi ham qoldirmagan.

Men atrofga qarayman. Hayolimda o‘sha dabdabali binoni tasavvur qilishga urinaman. Biroq ko‘zim chorrahada joylashgan "Pekin o‘rdagi" xitoy yemakxonasiga tushadi. Vo ajabo! Boshqa millatlarga nafrat bilan qaragan, ba‘zi etnik guruhlarni qirib tashlashga uringan, osiyoliklarning o‘rni "oliy oriy irq"qa qullikda bo‘lishni uqtirgan Gitler uning qarorgohi turgan joyida Osiyo vakili o‘z biznesini gurkirab rivojlanishini tasavvur qilganmikan? Bundan tashqari, deyarli har qadamda turklarning sanoqsiz, juda arzon va tez tayyor bo‘ladigan "doner kabob"lari Berlinning milliy fastfudiga aylanishi Gitlerning tushiga kirganmidi

Image copyright bbc
Image caption Gitler Kantselyariyasi "joyida" osiyo biznesi gurkiramoqda

Milliy g‘ururni tiklashga qaratilgan uning barcha harakatlari chippakka chiqdi...

Ammo bu yo‘lda millionlab insonlar qurbon bo‘ldi.

Potsdam maydoni - bitmas yara

Olmon xalqi urushdan so‘ng ikki tuzumga bo‘linganiga qaramay, katta va qiyin bir jarayonni boshladi, ya‘ni ta‘bir joiz bo‘lsa, vijdon azobidan o‘tdi. Olmonlar uchun ular o‘tmishda qo‘l urgan jinoyatlariga tavba qilish hamda bunday yovuz qilmishlarni tan olish juda muhim ahamiyat kasb etgan...bugun ham shunday...

Berlinning yana bir muhim bo‘lgasi bu - Potsdam maydoni yoki Potsdamerplats.

O‘tmishda bu joyda Potsdam shahridan savdo yo‘li o‘tgan va aynan bu yo‘l boshida Potsdam darvozasi turardi.

Urush oldidan bu eng gavjum maydon edi. Maydonni to‘rt tomonidan 26 tramvay yo‘llari kezib chiqib, ikki metro liniyasi yurgan. Bir-biriga zich qurilgan binolar, aptekalar va kafelar, banklar va ofislar, dang‘illama restoranlariyu besh yulduzli mehmonxonalar, xullas "Ovruponing eng katta chorrahasi" deb atalardi.

Image copyright AP
Image caption Potsdamerplatsda urushdan oldin hayot qaynab turgan...

Berlin tungi hayotining markazi bo‘lgan Potsdam maydonida asr boshidagi "oltin yillar" aynan shu yerda kechgan.

Butun shahar ijod ahli – muzikantlar, akterlar, rassomlar bu kabarelarda yig‘ilardi.

Berlinliklar zehniyatida Potsdam maydoni milliy ramzga aylanib bo‘lgan.

Urush yillari Berlin ittifoqdosh kuchlar tomonidan tinmasdan bombardimon qilindi.

Natijada Potsdamerplats qattiq vayron bo‘ldi. Urushdan so‘ng, vayronaliklardan tozalangan maydon britan, sovet va amerika harbiy sektorlariga bo‘lindi.

So‘ngra devor o‘rnatilishi bilan bu katta maydon bepoyon dashtga aylandi. Ellik yil davomida bu joyni shu qadar o‘t bosib ketgan ediki, aytishlaricha, yaqin-yaqin o‘tmishda g‘arbiy berlinliklar bu yerda mashinalarini qo‘yib, ochiq havoda gulxan yoqib vaqt o‘tkazishardi.

"Tars yorilgan yurak"

1961 yilning avgust oyida odamlarning erkin harakatlariga keskin chek qo‘yish maqsadida kommunistik rejim Berlin ichida devor qurishga qaror qiladi. Shahar urushdan qolgan meros tariqasida sharqiy va g‘arbiy qismga bo‘linib bo‘lgan edi. Turli nazorat nuqtalaridan odamlar bir tomondan boshqa tomon o‘tib turishgan.

Devor esa ushbu chegarani mustahkamlab, mutlaq yopib qo‘yishni ko‘zlagan.

Image copyright bbc
Image caption Berlin devori zigzag kabi shaharni ikkiga bo‘lgan

Boshida tikonli sim bilan o‘rab olishadi va ba‘zi oilalar simning har ikki tomonida qolib ketishadi. Keyinchalik, poytaxtning g‘arbiy va sharqiy qismlari o‘rtasida ziddiyat kuchaygani sari uzunligi 150 km bo‘lgan beton devor qurila boshlaydi.

Yana boshimda o‘rnashib olgan bir anglashilmovchilikni bartaraf qildim.

Men tasavvur qilgan Berlin devori to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiziq bo‘lmagan ekan…

Bo‘linish chegarasi zigzag kabi ko‘chalar, suv kanallari, ba‘zi joylarda uylardan ham o‘tgan.

Biz Berlin devori qoldiqlarida namoyish etilgan eski rasmlarni birma bir ko‘rib chiqamiz. Birida tikonli sim orasidan qo‘llarini uzatib turgan ona va qizning rasmini ko‘ramiz.

Ovro‘po va jahon madaniy merosiga yirik xissa qo‘shgan Olmoniya poytaxti bir kishining siyosiy manfaatlari sabab, bir kun ichida shu darajada xunuklashib ketishini tasavvur qilish qiyin.

O‘z sevikli shahrini u yoqdan bu yoqqa kezib yurishga o‘rgangan berlinliklarning bemalol sayohat qilishlari cheklanadi… Potsdam maydonining huvillab qolishiga nafaqat urush, balki undan keyin ham bu yerga odam oyog‘i yetmagani ta‘sir qiladi.

Metro poyezdlari Potsdammerplats bekatida to‘xtamay o‘tib ketardi.

Berlin devori Potsdam maydonini deyarli ellik yil bitmaydigan yaraga aylantirdi.

Kuldan bino bo‘lgan shahar

Bugungi kunda Potsdam maydoni qayta tiklangan va qayta qurilgan.

Image copyright bbc
Image caption Qayta tiklangan Potsdamerplats

Osmono‘par amerikacha uslubidagi mehmonxonalar, SONY markazi kabi super zamonaviy imoratlar sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Lekin bu joy hali o‘zining eski holiga qaytish uchun hali ancha vaqt ketadi deb o‘ylayman…

Chunki bu yerda faqat sayyohlarni va ba‘zi yoshlardan iborat guruhchalarni ko‘rish mumkin. Ochig‘i, bir hojati bo‘lmasa berlinlik bu yerga kelmasa kerak… Bu maydonga yana avvalgi ruh qaytishi uchun balkim yana pochta, kichik dorixonalar, qahvaxonalar va banklar qaytishi kerakdir? Infratuzulma ham qaytadan jonlantirilishi kerak. Bunga esa yana bir necha avlodning ulg‘ayib o‘sishi kerak bo‘ladi, nazarimda.

Boshqa bir achinarli misol shuki, bu poytaxtning jo‘ka daraxtlari ikki qator o‘sib turgan va eng uzun deb sanalgan Unter den Linden bulvari… Marlen Ditrix aytgan mashhur bir ashulada "…toki Unter den Linden ko‘chasida jo‘ka daraxtlari gullashi davom etar ekan, Berlin Berlinligicha qolaveradi…" Boshqa bir afsonaga ko‘ra, xushbuy jo‘ka daraxtlari Berlinni har qanday xavfdan himoya qilishadi…

Image copyright AP
Image caption Potsdamerplatsga avvalgi ruh qaytishi uchun vaqt kerak

Biroq Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish arafasida, shohko‘chani kengaytirish maqsadida 1933 yili Gitler qadim daraxtlarni kesib tashlashga buyruq beradi. Bir necha yil o‘tib Gitlerning yangi poytaxt qurish rejalariga muvofiq shaharliklarning sevikli bulvari ochiq va uzun 12 chaqirimli maydonga aylanishi kerak edi. Xayriyam, baxtimizga, uning rejalari amalga oshirilmadi.

Xavfsizlikni ro‘kach qilib, bir tun ichida shoh ko‘chalarni to‘sib, asfaltlarni qo‘porib, o‘rniga archalar o‘tkazib va shu bilan shaxarning tabiiy manzarasi, uning ruhini o‘zgartirish ehtimol qiyin ish emasdir… Biroq, vaqt o‘tishi bilan baribir ko‘p narsa o‘z tabiiy holiga qaytadi.

"Shahar bedarvoza" yoki inqilobiy yondashuv

Berlin asl qiyofasini o‘z holiga qaytarishga jiddiy harakat qilmoqda.

Natsizm bilan bog‘liq imoratlarni buzib tashlash nemislarning pragmatik yondashuviga to‘g‘ri kelmaydi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba‘zi mustahkam turgan, misol uchun, sobiq Aviatsiya vazirligi kabi binolar hamon o‘z funktsional vazifasini bajarib kelmoqda. Tarixiy Vilgelmshtrassedagi bu kulrang va toshdan qurilgan bino sayohlarda kuchli taasurot qoldiradi.

Image copyright bbc
Image caption Sobiq natsistlar binosida Olmoniya moliya vazirligi joylashgan

Gitler vorisi deb ko‘rilgan va Lyuftvafe havo kuchlariga asos solgan nufuzli German Gering aynan ushbu binoda ishlagan. 1938 yilning 9 noyabrida u Berlinning yahudiy ahliga uyushtirgan pogromlardan uch kun o‘tib aynan bu binoda iqtisodiy ziyon uchun ta‘qiblarga duch kelgan yahudiylardan millionlab reyxsmarka tovon pullarini talab qilishni qaror qilgan.

Keyinchalik bu vazirlikning o‘rtasidan Berlin devori o‘tgan. Hozirda bu yerda Olmoniya moliya vazirligi joylashgan.

Olmonlar o‘z boy madaniyatini chuqur e‘zozlashadi va buni bir necha madaniy imoratlarni qayta tiklashlarida ko‘rish mumkin.

Umuman, o‘n sakkizinchi asrning boshida madaniyat buyumlarini namoyon etish maqsadida ataylab bir necha muzeylarni qurgan xalqning saviyasi haqida ko‘p narsa gapirish mumkin

Image caption Qorayib turgan Muzey orolining ustunlari

Berlinning bir necha suv kanallari birida joylashgan Muzey orolida uchta muhim muzey YuNESKO himoyasiga olingan. Biz orolga kichik bir kemada yaqinlashamiz. Muzey binolariga urush paytida qattiq ziyon tekkan…

Elliginchi yillarda qayta tiklanish jarayoni boshlangan bo‘lib hozir ham davom etmoqda. Ularni tomosha kilib, ba‘zi ustunlar orasida qaqshatqich jang ketganiga guvoh bo‘lamiz. Qorayib ketgan va o‘q izlari bilan saqlanib qolgan ustunlar yangi tiklanganlardan ko‘ra ko‘proq taasurot qoldiradi. Muzey oroli ro‘parasida urush yillarida qattiq havo hujumlariga duch kelgan va keyinchalik buzib tashlangan tarixiy Berlin saroyining qayta qurilish inshootiga yaqinlashamiz. Olmon imperatorlari istiqomat qilgan va mehmonlarni qabul qilgan saroy yirik bir kvartaldek joyni egallagan ekan.

Fridrix Vilgelm imperatori juda aqqli va uzoqni ko‘ra biladigan davlat arbobi bo‘lgan ekan…

Eski davrlarda sanoqsiz urushlarda qatnashgan Prussiya ko‘plab fuqarolaridan ayriladi va Fridrix Olmoniya uchun eng qimmatbaho zahira - odamlar ekanini yaxshi tushungan.

Shuning uchun u Fransadan ta‘qiblarga uchragan gugenotlarni, Polshadan yahudiylarni, inglizlardan qochgan shotlandiyalik katoliklarni qabul qilgan. Har qanday millat yoki dindan qat‘iy nazar, agar ishga ishtiyoqi bo‘lsa, hammaga Berlin o‘z darvozasini ochgan.

Bu misli ko‘rilmagan haqiqiy inqilobiy yondashuv bo‘lgan. Minnatdor muhojirlar esa iqtisodiy va madaniy hayotga o‘z hissalarini qo‘shish uchun jonlarini ayamaganlar. Ularning faoliyatidan esa Berlin tom ma‘noda gullab yashnagan.

Qayta birlashish ramzi

Kun bo‘yi shahar kezamiz, oqshomda Berlin filarmoniyasiga yo‘l olamiz. Akustika xususiyati uchun butun dunyoga mashhur bo‘lgan va xuddi oltin yog‘ochdan qurilgan bu bino o‘ta zamonaviy me‘morchilikning yorqin namunasidir.

Image caption Qirg‘in va yarashuv yodgorligi sifatida yarim vayron holatida qoldirilgan Kayzer Vilgelm cherkovi

Filarmoniya sahnasi odatdagidek zalning bir boshida emas, balki pastda va markazida joylashgan. Tomoshabinlar esa atrofda o‘tirishadi. O‘sha bahor oqshomida Olmoniyaning yosh musiqachilari orkestri kontsert berdi.

13-14 yashar, hali juda yosh ijrochilar Bartok, Chaykovskiylarning katta va jiddiy asarlarini mohirona ijro etishlaridan ta‘sirlandik… Kontsert oxirida tomoshabinlar orkestrning sahnani tark etishiga hech ijozat bermay, deyarli yarim soatcha chapaklar bilan olqishlab turishdi.

Musiqachilar yana "Mojar rapsodiyalarni" chalib berishdi. Oxir-oqibat ularning rahbari royal tagidan orkestrining ramzi – yumshoq ayiqcha uyinchog‘ni qo‘liga olib, sahnani tark etdi.

Musiqachilar keyin hammani hayratda qoldirishdi. Ular o‘rnilaridan turib avval o‘n tomonga qarab bir- biri bilan quchoqlashishdi, keyin esa chap tomonga qarab boshqa biri bilan quchoqlashishdi… Buni ko‘rib qalbimiz to‘lqinlanib ketdi…Bu bir ma‘noda Berlin birlashishining yana bir belgisidek tuyuldi menga…

Toshkentlik jurnalist

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio