Hisorakda nima bo‘lmoqda va yo "Islomiy davlat" izidan

Image copyright Reuters

O‘tgan hafta Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Hisorak qishlog‘ida diniy mazmundagi varaqalarni tarqatishda gumon qilingan uch shaxs hibsga olingani ma‘lum qilingandi.

Shundan so‘ng Parkentda boshlangan amaliyotga yuzlab militsiya, maxsus kuchlar va harbiy texnika jalb etilgani ham aytilgandi.

Hozirgi kecha kunduzda u yerdagi vaziyat qanday?

U yerga borib qaytgan Ferghana.ru yangiliklar webportali jurnalisti Aleksey Volosevichning BBC bilan suhbatda aytishicha, ushbu hodisa yuzasidan tekshiruvlar hanuz davom etmoqda.

"Lekin tekshiruvlar Hisorak qishlog‘ining o‘zida emas, ma‘muriy jihatdan alohida aholi manzili hisoblangan, qishloqqa yonma-yon joylashgan mikrorayonda ketmoqda. Bu mikrorayonga qishloqqa olib boradigan yo‘ldan chapga burilib o‘tish mumkin va o‘sha burilish yerida varaqalar yopishtirib ketilganligi aytilgan kollej joylashgan. O‘sha mikrorayonga yetib borgan vaqtimiz, qo‘liga kishan solingan va militsiya xodimining qo‘liga kishan bilan bog‘langan bir yosh yigitni u yerdan-bu yerga olib borib so‘roqqa tutib, tasvirga olayotganliklariga guvoh bo‘ldik. 17-18 kishilik bu guruhga yaqinlashib, nima bo‘layotgani haqida so‘ramoqchi edik, o‘sha yerni ihotalab turganlar bizni qo‘yishmadi. Shuning uchun biz oddiy odamlar bilan suhbatlashishga qaror qildik. Mikrorayondagilar cho‘chib, biron narsa gapirishdan bosh tortdilar. Hisorak qishlog‘ida ham hamma nimalar bo‘layotgani haqida gapirishdan qo‘rqishdi. Faqat birgina keksa chol, u ham bo‘lsa "qo‘shnilarimdan eshitdim,bir oila a‘zolari hisbga olinganini aytishdi", deb gapirdi. Xullas hamma nimalarnidir eshitgan, fikrimcha hibsga olinganlarni ham tanishadi, chunki bu kichikkina bir qishloq hamma bir-birini taniydi. Menimcha shuncha kundan beri ularning hammalari bilan ham suhbatlar o‘tkazib, ogohlantirishgan, lekin ular bu haqida aytmaydilar".

Keyinchalik Ferghana.ru jurnalistlarini mahalliy militsiya bo‘linmasiga olib kelishgan, "do‘stonona" suhbat o‘tkazib, mehmon qilib, militsiya rahbari bu yerda "shunchaki mashqlar o‘tkazilayotgani va bu mashqlar yana bir necha muddat davom etishi" haqida aytib kuzatib yuborishgan.

Ayni vaqtda The Diplomat Intetnet jurnalida chop etilgan maqolada ham Parkentdagi hodisalarga tahliliy nazar solishga urinilgan.

Maqolani tayyorlashda suhbatlashilgan mutaxassislar Hisorakda tarqatilgan varaqalar ortida IShID kabi guruhlar turganligi ehtimolini rad etganlar.

Ularga ko‘ra, bu "amal ortida aholi o‘rtasida qo‘rquv tarqatmoqchi bo‘lgan, qayd etilmagan kichik mahalliy bir guruh" turgan bo‘lishi mumkin.

Ba‘zi tahlilchilar esa, hatto "Milliy Xavfsizlik Xizmatining o‘zi varaqalarni tarqatgan tashkilot bo‘lishi mumkin"ligi haqidagi ehtimolni ilgari surganlar.

"Xavfsizlik xizmati, militsiya va qurolli kuchlarga mamlakatda berilgan qudrat nazarda tutilsa bironta ham yashirin terrorchi tashkilotning O‘zbekiston sharoitida faoliyatda bo‘lishi imkonsiz", deya xulosa berganlar tahlilchilar.

Maqolada Registan.net muhhariri Noa Takerning "Mintaqa davlatlari hukumatlari O‘zbekiston Islomiy Harakati va “Islomiy davlat” kabi guruhlar tahdidini go‘yoki mahalliy aholini islomiy radikalizm g‘oyalaridan himoya qilish kerakligini oqlash maqsadida bot-bot ishlatadilar" degan so‘zlarini keltirgan.

"Oxirgi bir necha oy mobaynida O‘zbekistondagi davlat nazorati ostidagi matbuotda “Islomiy davlat”ning Turkmaniston orqali bostirib kirishi mumkinligi haqidagi xatar borasida chop etilgan maqolalar sanog‘ini yo‘qotib qo‘ydim", deydi Noa Taker.

Xo‘p, unda varaqalarni kim tarqatgan? The Diplomat ga ko‘ra, "hech kim bilmaydi".

O‘zbekiston Afg‘onistondan xorijiy kuchlar olib chiqilishi ortidan O‘IH kabi guruhlarning xavfi ortishidan ogoh. Lekin ayni holda kelgusi hafta Andijondagi qonli hodisalarning 10 yilligi sanasi yaqinlashar ekan, Milliy Xavfsizlik Xizmati bir qadar asabiylashganroq holatda bo‘lishi ham mumkin, deya xulosa qilingan maqolada.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio