Nima uchun ba‘zi zilzilalar halokatliroq bo‘ladi?

Image copyright AFP GETTY

2014 yil 1 aprel kuni Chilida Rixter shkalasi bo‘yicha 8.2 ballik zilzila ro‘y berdi.

O‘shanda 6 kishi halok bo‘ldi, 2,500 uy vayron etildi va 80,000 kishi boshpanasiz qoldi.

Bir yil o‘tar-o‘tmas Nepalda 7.8 ballik zilzila ro‘y berdi.

7,500 kishi halok bo‘ldi, butun boshli shahar va qishloqlar vayron etildi.

Oqibatlarning bu kabi keskin o‘zgachaligi sababi nimada?

Eng asosiy omil albatta, binolarning na qadar xavfsiz hamda mustahkam qurilgani va mamlakatning qanchalar farovonligi bilan bog‘liqdir.

1960 yili Chilida 9.5 ballik zilzila ro‘y berganida 5,500 kishi halok bo‘lgandi. O‘shandan beri mamlakatdagi zilzilabardosh uylarni qurishda katta ishlar amalga oshirildi.

Nepalda esa bunday binolar kam va ko‘plab binolar zilzila vaqtida qulab tushdi.

Lekin qurilishdan tashqari mintaqa geologiyasi ham katta rol o‘ynaydi.

Nepal ikki qit‘a platosi to‘qnashgan yerda joylashgan, Xind platosining Osiyo platosiga qo‘shilgan yerida va u yerda zilzila chiziqlari anchayin chuqur joylashgan.

Chilidagi zilzila chizig‘i esa qit‘a bilan ummon uchrashgan yerdadir.

Bundan tashqari Nepaldagi ikki platoning "to‘qnashuv" tezligi yiliga atigi 4.5 sm va yirik zilzilalar kamdan-kam ro‘y beradi.

Chilidagi platolar "tezligi" esa yiliga 10 sm va kuchli zilzilalar deyarli har yil ro‘y beradi. Shuning uchun zilzilabardosh amallarni qo‘llash anchayin katta ahmiyat kasb etgan.

Umuman, O‘rta yer dengizidan tortib Indoneziyaga qadar mintaqada Afrika, Arab va Hind platolari tashkil qiluvchi Ovrosiyoda ko‘plab zilzila chiziqlari bor.

Ulardan eng yiriklari Istanbul, Tehron, Tabriz va Ashxoboddir.

"Qit‘alararo zilzila chiziqlarida zilzilalar anchayin onda-sonda ro‘y beradi. Ba‘zi yerlarda hatto bir necha ming yilda bir marotaba", deydi Kembrij Universitetidan mutahassis Jeyms Jakson.

1900 yildan beri qit‘alararo zilzila chiziqlarida ro‘y bergan ofatlar ummon-qit‘a chizig‘ida ro‘y bergan zilzilalardan ko‘ra anchayin ko‘proq insonning yostig‘ini quritgan.

Jeyms Jakson hamkorlari bilan birgalikda Eron, Qozog‘iston va Xitoydagi qit‘alararo chiziqlarni o‘rganib kelishmoqda.

Sun‘iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar orqali ular keyingi zizila chizig‘i qayerdan o‘tishi mukminligi haqida ma‘lumot yig‘ishlari mumkin.

Nepal borasida ham bu kabi ma‘lumot talaygina edi va mahalliy tashkilotlar zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish uchun anchayin ishlarni ham amalga oshirgandilar.

"Ko‘rinishicha, bu kabi zilzila oqibatida qurbon berilishi kutilganidan anchayin kamroq inson halok bo‘lgan. Nepal hukumati va ba‘zi nohukumat tashkilotlar amalga oshirgan choralar insonlar hayotini saqlab qolganligi haqida dalillar bor", deydi Okford Universitetidan geolog Filip Ingland.

Lekin Nepaldagi fojea zilzilabardoshlikni yaratish qanchalar muhim ekanligini yana bir bor namoyon qildi.

"Zilzila oqibatlarini bartaraf qilish uchun odatda zilzilabardoshlik amallarini yo‘lga qo‘yishga qaraganda besh barobar ko‘proq moliya sarflanadi", deydi Londondagi xorijni rivojlantirish tadqiqot markazidan Keti Piters.

Nepaldagi zilziladan so‘ng sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga muvofiq zilzila oqibatida yer sathi yorilmagan. Bu degani yer ostida yana ko‘plab zilzila energiyasi saqlanib qolgan va yaqin o‘n yillikda yana yirik ofat ro‘y berishi ehtimoli bor.

"Bu galgi zilzila oqibatlari bundan-da yomonroq bo‘lishi mumkin edi. Lekin kelgusi gal yanada ko‘proq tayyor bo‘lish uchun bu o‘ziga xos ogohlantirish bo‘lishi mumkin", deydi Filip Ingland.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer