Toshkent - "emagan somsaga pul to‘lash" shahri

Image caption Gaz boru, ammo...

Bir narsaga e‘tibor berdim shu kunlar, O‘zbekistonda gaz haqida gap ochsangiz, viloyatdan kelganlar ishonqiramasdan va yo sizga hatto umid bilan qarashadi.

Toshkentliklar bo‘lsa xuddi...elektr toki urgani kabi bir seskanib tushishadi.

Chunki poytaxtda gaz ta‘minoti "o‘ziga xos va mos" yo‘lga qo‘yilgan.

Xalq o‘laroq, biz allaqachon "viloyatlarda gaz yo‘q" degan nolishlarga ko‘nikib bo‘ldik, ja ko‘p nolivorishsa, Ozodbekka aytamiz, Suriya haqida bitta qo‘shiq aytib beradi va yoki oramizdagi "uchinchimiz" darrov "zato bizada tinchluu" deb qo‘yadi, hushyor tortamiz,hayot davom etadi...

Baribir shu viloyatlarda yashovchi aka-uka va opa-singillarga Xudo sabr bersin...

Ammo buguncha yana Toshkentga qaytamiz.

Toshkent - non shahri, qolaversa, hozirgi kunda esa "eyilmagan somsaga pul to‘lash shahri" desa ham bo‘laveradi. Keyinga yillarda, Yaratganga shukrlar bo‘lsinkim, Toshkentda suv ta‘minoti sohasida tartib o‘rnatildi deb aytsak adashmaymiz, zotan bu borada biron bir fuqaro muammoga duch kelgan bo‘lsa, albatta, uzr so‘raymiz.

Saylovlar o‘tdi, kutilganidek kommunal hizmat narxlari mana birin-ketin oshmoqda.

Jumladan, gazning narxi 7.2 foizga shu may oyining o‘n beshidan oshadigan bo‘lib turibdi.

Toshkent axolisi sarosimaga tushishi bor gap, narx oshishi haqidagi xabardan emas, balki "kutilmagan sovg‘a" tufayli.

Odatda, ko‘p Toshkentliklar bu "kutilmagan sovg‘a"ga mavsumiy narx oshirilishi sanasi - 1 aprel va 1 oktyabr kunlari oldidan duch kelishadi.

Narxlar oshmasidan to‘lovni to‘lab qo‘yaqolay deb Toshkentda yashovchi fuqaro "Raygaz"ga boradi, chunki uni bu vaqtda yil bo‘yi kelib, pulini shilib yurgan inspektor qarshi olmaydi.

U yerda Toshkentlik iste‘molchi g‘ala-g‘ovur, chug‘ur-chug‘ur va janjallarga duch keladi.

Image caption O‘zbekiston TVsi gaz pulini to‘lamaganlarni "sazoyi" qilinib turadi

"Ha, odamlar-a, vaqtida to‘lab, tinch yurmaysizlarmi" deb qo‘yadi o‘ziga-o‘zi, biroq, iste‘molchilar bilan muomala bo‘limiga yetib kelganida, 1 milliondan 2 million so‘mgacha, balki undanda yuqoriroq qarz xabarini eshitganida fig‘oni falakka chiqadi.

"Bomba" qarzni eshitganida talvasaga tushib qoladiganlar ham bor, "yuqori"ga qo‘ng‘iroq qilib masalani bir zumda xal qiladiganlar ham bor va nihoyat, "tinchgina shu pulni to‘lab qulog‘im tinchisa mayli" deb bu dargohni tark etadiganlar ham talaygina.

Nima qilsin, shu pulni boshqa bir narsaga ishlatsa, misol uchun bolalarini sayilgohga oborib aylantirsa, yaxshi joyda ovqatlantirsa, yoki shu pulni biron-bir muhtoj insonga sadaqa qilsa bo‘lardi, lekin o‘zini davlat korxonasi deb taqdim qiladigan bu savil "Raygaz" undan pullarni ustalik bilan tortib oladi.

Haligi yil bo‘yi qatnagan inspektordan dom-darak yo‘q, surishtirsangiz "bo‘shab ketgan" degan javobni olasiz.

Bu vaqtda, Toshkent telekanali Toshkent mahallalaridagi reydlarni ko‘rsatish bilan ovora bo‘ladi.

Maza qilvoradi jurnalistlar ham... o‘zi yoritishga arzigulik millionlab muammo bo‘lsa ham, shu bitta muammodan tashqari boshqa haaammma muammolarga "zapret" qo‘yilgan!

Bu reydlarda xonadonlarda gaz uzish ishlari amalga oshiriladi.

Xuddi kinolardagiday...Shundoq bostirib kirishadi, keyin ham gazni uzishadi, ham mamlakatga tekinga sharmanda ham qilishadi.

Ko‘rsatuvni olib borayotgan jurnalist "Raygaz" rahbariyatidagi o‘zgarishlar nimaga yuz berayotganini yoki bu kabutarlardek uchib kirib-chiqayotgan inspektorlar nimaga bu tashkilotda qo‘nim topmayotganini savol ostiga olmaydi.

Yoki bu jurnalist deganlari... nimaga odamlar gaz pulini vaqtida to‘lashmaydi, balki boshqa sabablari ham bordir deb mavzuni chuqurroq o‘rganmaydi, chunki sabablarini juda yaxshi biladi!

Bu ko‘rsatuvlar faqatgina "aholining aybini ko‘rsatish" bilan ovora. Biz iste‘molchilarda butkul ayb yo‘q degan fikrdan uzoqmiz.

Qarzi tog‘ misoli qarzdorlar ham borligi bor gap, ko‘p xollarda ular - inspektorga "qurug‘ini" berib, ba‘zida kelisha olmagan nonvoy yoki somsachilar bo‘ladi...

Tandirga gaz ulash mumkin emas, lekin inspektor bilan til biriktirish mumkin va yil oxirida bu sarflangan gazni xarajatlarini fuqarolar hisob raqamlariga "kutilmagan sovg‘a" tariqasida "sochib" ham yuborish mumkin.

Bu haqda yuqoridagi ko‘rsatuvni tayyorlagan jurnalist "miq" etmaydi.

Imomlarimiz ilmlariga til tekkazishdan yiroqmiz, albatta, ularning oralarida noqis ilmliklari ham borligi hech kimga sir emas. Qandaydir tepadan kelgan buyruq ta‘siri ostidadir deb gumon qilib, shuni aytib o‘tish lozim deb o‘ylaymiz: imomlar vaqti kelganda juma mav‘izalarida, aholini sadaqa qilishga, ya‘ni qarzdor iste‘molchilarning gaz va elektr tokiga bo‘lgan qarzlarini to‘lab berishga chaqiradilar.

Kimning cho‘ntagini to‘ldirmoqmisiz?

Yoki yana kimning cho‘ntagini "qappaytirib" beraylik deb so‘raging keladi ba‘zida...

Shunaqa gaplar Toshkentda, viloyatliklar ham Toshkentdagilarga sabr tilashsa arziydi... Xulosa o‘rnida savol tug‘iladi, "emagan somsaga pul to‘lagan" ma‘qulmikin yoki viloyatlardagi kabi "och qornim,tinch qulog‘im" deb gaz yo‘qligiga sabr qilgan?..

Toshkentlik iste‘molchi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq