Musulmon uyg‘urlariga: "Yo alkogol va tamaki sotasan, yo yopilasan"

"Radio Free Asia"ning xabar berishicha, xitoylik mas‘ullar Shinjondagi uyg‘ur do‘kondorlariga xuddi ana shunday shart qo‘yishgan.

Ularga o‘z do‘konlarida alkogol, tamaki sotishni buyurishgan. Aks holda do‘konlari yopilib, o‘zlarining javobgarlikka tortilishlari bilan ogohlantirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, bunday buyruq bilan o‘tgan hafta Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasining Xo‘tan shahridagi Oqtosh qishlog‘i mas‘ullari chiqishgan. Ular o‘z buyruqlarini xos bir bayonotda ifodalashgan.

"Radio Free Asia" qo‘lga kiritishga imkonli bo‘lgan va "Twitter"da ham chop etilgani aytilgan bayonot tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, Lasko‘y bozoridagi mahalliy uyg‘ur do‘kondorlaridan besh xil turdagi alkogol ichimliklari va tamaki mahsulotlarini sotishlari so‘ralgan.

Bundan tashqari, restoran va do‘kon sohiblariga ularni rastalarining eng ko‘zga ko‘rinarli yeriga joylashlari ham aytilgan.

Xabarlarga ko‘ra, buyruqni ijro etishlari uchun "qishloqdagi barcha restoran va supermarketlarga shu yilning 1 may kuniga qadar muhlat berilgan".

Yangi farmoyish

Image copyright GETTY IMAGES

Agar, "Radio Free Asia"ning xabarlariga tayanilsa, mazkur farmoyish Oqtosh qishlog‘i kommunistik partiya qo‘mitasi tomonidan imzolangan.

Unda buyruqning boshqaruvdagi Kommunistik partiya yuqori bo‘g‘inlaridan kelgani va bundan maqsad aholiga yanada qulaylik yaratish ekani aytilgan.

Oqtosh qishlog‘idagi kommunistik partiya mulozimi Odil Sulaymonning so‘zlariga tayanilsa, yangi siyosatlari mintaqada Islom ta‘sirining kuchayishini oldini olish maqsadini ko‘zlaydi.

"Radio Free Asia" o‘z xabarida bu mas‘ulning so‘zlariga alohida to‘xtalib o‘tadi.

Unda janob Sulaymon mahalliy aholining noroziligi bois, 2012 yildan buyon alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi to‘xtab qolgani, hozir "mintaqada dinning ta‘sirini qirqish yo‘lida kampaniya olib borishayotgani va so‘nggi buyruq ana shu ishlarining bir qismi ekani"ni aytadi.

Kommunistik partiya mulozimiga ko‘ra, aksariyat mahalliy aholi spirtli ichimlik va tamaki mahsulotlari iste‘molidan o‘zlarini tiyisharkan, yoshlarning 70-80 foizi ham ularning yo‘lini tutishgan va ularni "harom", deb bilishadi.

Xitoy ekstremizmga qarshi kurash talqinida o‘zining "qattiqqo‘l" kampaniyasiga kirishgan Shinjonda bu kabi musulmon uyg‘urlari mas‘ullar tomonidan diniy ekstremizmning yo‘lini tutayotgan insonlar sifatida ko‘riladi, deydi "Radio Free Asia" o‘z xabarida.

Buyruq ijrosi

Image copyright GETTY

Odil Sulaymon janoblarining so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, shu paytgacha hududdagi oltmishga yaqin do‘kon va restoranlar yangi buyruqqa quloq tutishgan. Kimnidir norozilik ko‘rsatganiga oid xabarlarga guvoh bo‘lmagan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi turli guruhlar xiytolik mas‘ullarni terrorga qarshi kurash nomi ostida Shinjondagi musulmon uyg‘urlarga tazyiq o‘tkazayotganlikda ayblashadi.

O‘tgan oy Shinjondagi ulamolar ko‘chalarda raqsga tushishga majbur qilingani va bolalarga diniy saboq bermaslik xususida ont ichtirilganliklari haqida ham xabarlar olingandi.

Shinjonning shimoliy Karamay shaharida esa, yosh yigitlarning soqol qo‘yishlari, xotin-qizlarning hijob yoki burqada jamoat naqliyot vositalariga chiqishlari taqiqlangani aytilgandi.

Shu yil Ramazon oyida musulmon talabalar va hukumat mulozimlarining ro‘za tutishlari ma‘n etilganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Oqtosh qishlog‘i joylashgan Xo‘tanning o‘zi esa, so‘nggi yillarda mahalliy uyg‘urlar va Xitoy xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi turli zo‘ravonliklarning markaziga aylangan.

Shinjondagi uyg‘urlar

Uyg‘urlar etnik turkiy tilli musulmonlardir.

Ular mintaqa aholisining 45 foizini tashkil qilishadi.

Mahalliy aholining qolgan 40 foizi Xitoy xanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xitoy Sharqiy Turkistonni bosib olish orqali 1949 yilda mintaqada o‘z nazoratini o‘rnatgan.

O‘shandan buyon Shinjonga Xitoy xanlarini ko‘chirib keltirishda davom etib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq