O‘zbekistonda ona bo‘lish osonmi?

Image copyright Getty Images

Britaniyaning "Save The Children" fondi hisobotiga ko‘ra, Skandinaviya davlatlari onalik uchun eng yaxshi mamlakatlar sirasiga kiradi.

O‘zbekiston bu ro‘yxatda 118 da, Qozog‘iston 58, Turkmaniston 99, Qirg‘iziston 107, Tojikiston 127-o‘rindadir.

Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonda har ming bolaning 4,5 tasi tug‘ilganidan so‘ng hayotdan ko‘z yumar ekan.

Shuningdek, chaqaloqlar o‘limi O‘zbekistonda har ming bolaga 15ta to‘g‘ri keladi.

Tojikistonda bolalar o‘limi MDH davlatlari orasida eng yuqoridir. Hisobotda aytilishcha, har ming bolaning to‘qqiztasi tug‘iliboq hayotdan ko‘z yumadi. Turkmanistonda mingdan sakkiztasi, Qirg‘izistonda 7tasi, Qozog‘istonda 4 tasi vafot etadi.

Onalar va bolalar orasida o‘lim holatlari mintaqadagi ekologiya vaziyati bilan bog‘liq. Jumladan, O‘zbekistonda ayniqsa janubiy Surxondaryo viloyatida Tojikistondagi alyuminiy zavod ta‘sirida go‘daklar nogiron yoki o‘lik tug‘ilgani, ayollarda kuchli kamqonlik va boshqa kasalliklar kuchaygani aytiladi. Shuningdek ona va bola uchun salbiy natijalarga ekologiyadan tashqari tug‘ruqxonalardagi tibbiy sharoit, malakali xodimlarning yetishmasligi, shuningdek, oilaviy sharoit ham sabab bo‘ladi.

Dunyoda

Amerikalik ayollar orasida homiladorlik davri va tug‘ish paytida o‘lim holatlari Rossiya ayollaridan ko‘ra ko‘proq ekan.

Tadqiqot mualliflari onalik uchun eng qulay davlatlar orasida Britaniyani 24 o‘ringa, Belorussiyani 25, AQShni 33 o‘ringa, Rossiyani 56 pog‘onaga loyiq ko‘rishgan.

Hisobotga qaraganda, homiladorlik chog‘ida o‘lim xavfi britaniyalik ayollar orasida 6900ga 1 ni tashkil qilgan.

Polshada esa bu ko‘rsatkich 19 800 ga 1 ekan. Belorussiyada 45 200 ga 1 to‘g‘ri kelibdi. Rossiyada 2600 dan bittasi tug‘ish paytida o‘lishi mumkin. AQShda esa 1800dan bittasi bo‘lib, bu rivojlangan davlatlar orasida yomon ko‘rsatkichdir.

AQShdagi ko‘rsatkichlar o‘tgan yilgidan keskin yomonlashgan. O‘tgan yili 2400 ga bir bo‘lgan. Tug‘ish paytida rossiyalik ayollarning o‘limi kamaygani kuzatilgan. Bolalar o‘limi

Fond mutaxassislariga ko‘ra, Rossiyada tug‘ilgan bolalar orasida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘lim holatlari Belorussiyaga qaraganda ikki marta, Shvetsiya, Singapur va Sloveniyaga nisbatan uch marta yuqori.

Image copyright Thonkstock

Bolalar hayoti uchun eng xavfsiz mamlakatlar Norvegiya, Shvetsiya va Islandiya ekan.

Bu borada Rossiya va Ukrainada ahvol o‘xshash bo‘lib, Ukraina umumiy ro‘yxatda 69 o‘rinni egallagan.

179 mamlakat orasida onalik uchun eng yomon bu yil ham Somali deb qayd etilgan.

Hisobot tayyorlashda ochiq manbalardan, jumladan BMT ma‘lumotlaridan foydalanilgan.

Hisobotda asosiy besh omil: onalar orasida o‘lim darajasi, besh yoshgacha bolalar orasida o‘lim, ta‘lim sohasidagi vaziyat, iqtisodiy yutuqlar va siyosiy vaziyat e‘tibor qaratilgan.

Badavlat davlatlar orasida bolalar hayoti uchun yomon poytaxtlar qatorida Vashington, Vena va Bern tanlangan.

Hisobotda shuningdek, yosh bolalar hayoti uchun sezilarli yutuqlarga erishganlar orasida Kampala(Uganda), Addis Abiba(Efiopiya), Qohira(Misr), shuningdek, Gvatemala, Filippin va Kamboja davlatlari poytaxtlari keltiriladi.

Save the Children rahbari aytishicha, "Biz yashash darajasi borasida bo‘shliqni ular qayerda yashashidan qat‘iy nazar to‘ldirishimiz kerak. Ularning yashab qolish va imkoniyatlarini rivojlantirishga haqlari bor".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio