Britaniya saylov kampaniyasi yakuniga yetmoqda

Image copyright

Britaniyadagi partiya rahbarlari va nomzodlar umumsaylovlar oldi targ‘ibotning so‘nggi kunida bor imkoniyatdan foydalanib qolishga intilmoqdalar.

Bosh vazir Devid Kemeronning aytishicha, mamlakat "bundan besh yil oldingidan kuchliroq bo‘ldi", biroq "yana ko‘p narsa qilish kerak".

Leyboristlar rahbari Ed Miliband esa odamlarni "mamlakatda og‘ir mehnat yana qadrlanishi uchun" ovoz berishga chaqirar ekan, ayni paytda Nik Klegg liberal-demokratlar "barqarorlik va tartib"ni va‘da qilishlarini aytdi.

So‘rovlar birorta ham partiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘pchilik o‘rin egallay olmasligi mumkinligini ko‘rsatadi.

Janob Kemeron konservatorlar payshanba kungi saylovlarda g‘olib chiqishlariga umid qilayotganini bildirdi.

Sobiq davlat xizmatchisi O'Donnell esa Devid Kemeron bosh vazirlikda ko‘pchilik ovozsiz ham qolishini bashorat qiladi.

Milibendning so‘zlashicha, partiyadoshlarining imkoniyatlarini optimistik baholaydi va jamiyat "to‘g‘ri qaror" berishiga ishonadi.

Ayni paytda Nik Klegg liberal-demokratlar har qanday muzokaralarda muhim o‘yinchi bo‘lish uchun yetarli o‘rin olishlariga aminman, demoqda.

Liberl-demokratlar Britaniyaga "aql va yuraklarini beradilar"deydi janob Klegg. Ayni paytda u o‘zining Land's Enddan John O'Groatsgacha 1000 mil masoflik turini davom ettirayapti.

Image copyright AFP
Image caption Devid Kemeronning aytishicha, mamlakat "bundan besh yil oldingidan kuchliroq"

Britaniya matbuotida ham saylovlardan bir kun oldingi bahs-munozaralar qizg‘in ketyapti.

Tayms gazetasi konservativ-liberal demokratlar koalitsiyasining davom etishini quvvatladi. Shuningdek, Daily Mail ham konservatorlarni yoqlagan.

Shimoliy Irlandiyaning besh yirik partiyalari jonli efirida ijtimoiy ta‘minot tizimini isloh qilish va bir jinsli nikohlar borasidagi debatlar chog‘i dahanaki jang rosakamiga aylanib ketishiga oz qolgan.

Britaniya asosiy partiya rahbarlari esa saylovoldi kampaniyasining oxirgi kunidan yetarlicha foydalanish uchun saylovchilar bilan uchrashmoqdalar.

BBC tahlilchisi James Landalega ko‘ra, siyosatchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ertaga payshanbada, saylov o‘tishi bilan ham jarayon tugamasligini aytishmoqda.

Saylov kunida

O‘tgan o‘n yillar ichida Britaniya saylov uchastkalaridagi tartib deyarli o‘zgarmagan.

Buyuk Britaniya-"taqiqlanmagan hamma narsa mumkin" tartibi amal qiladigan mamlakatlardan biri. Bu saylov maskanlarida saylovchilarga ham taluqli.

Image copyright PA
Image caption Bu yilgi kampaniyada siyosatchilar bilan selfi tushish urf bo‘lgan

Qonun saylov uchastkasida suratga tushirishni taqiqlamaydi, biroq juda murakkab qonunchilik bois saylov komissiyasi rasmga tushirishni maslahat ham bermaydi.

Shuningdek, saylov komissiyasi uchastka ichkarisida twit qilmaslikni iltimos qiladi.

Saylovga it va mushuklar bilan esa kelish mumkin. Faqatgina jonivorlar jarayonni tinchgina kuzatib turishlari mumkin bo‘lsa.

Saylov uchastkalarida siyosiy mazmundagi kiyimlarni kiyish ham to‘g‘ri kelmaydi. U yoki bu partiya nomi tushirilgan futbolkalarda kelish boshqa raqiblar fikricha ularga nisbatan bosim yoki qo‘rqitish deb qaralishi bois bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari siyosiy bahslar saylov maskanida taqiqlanadi.

Nazariy tomondan qirolicha ham ovoz bera oladi. Biroq amalda monarxning siyosiy betaraflikka amal qilmasligi konstitutsiyaga zid sanalgani uchun amalda u bunday qilmaydi.

Buyuk Britaniyaliklar ertaga, 7 may kuni 50 mingga yaqin saylov uchastkalarida ovoz beradilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq