AQSh: "Islomiy Davlat"ning to‘rt lideri uchun $20 million dollar beramiz"

Image copyright US State Dept

Amerika hukumatining buncha miqdordagi mukofot puli Abdul Rahmon Mustafo al-Qaduliy, Abu Muhammad al-Adnaniy, Tarxon Temurovich Batirashvili va Tariq bin al-Falih al-Avniy al-Harziyni ko‘zda tutadi.

AQSh tomoniga ko‘ra, kimki, ularning qayerda ekanliklariga oid aniq ma‘lumot yetkazsa, 20.000.000 dollardan o‘z ulushini oladi.

Ammo Amerika hukumati millionlab dollar mukofot puli va‘da qilgan shaxslar orasida guruh yo‘lboshchisi, ular Yaqin Sharqda asos solgan islomiy xalifat xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning nomi ko‘zga tashlanmaydi.

Shu kunlarda G‘arbning qator nufuzli nashrlarida Abu Bakr al-Bag‘dodiyning amerikaliklarning havo hujumlarida qattiq yaralangani va hatto, hayotdan ko‘z yumganiga oid xabarlar bor.

Ammo BBC, halicha, bu kabi xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlashga muvaffaq bo‘lmagan.

Image copyright AP

Eslatib o‘tish joiz, Abu Bakr al-Bag‘dodiy "Islomiy Davlat"ning Amerika tomoni ro‘yxatiga tushgan ilk liderlaridan bo‘lgan.

Unga oid axborot uchun bundan avval 10 million AQSh dollari va‘da qilingan.

AQSh Davlat departamentining mukofot puliga oid yangilik, boshqa tomondan, Texasdagi otishmadan kun o‘tib o‘rtaga chiqmoqda.

"Islomiy Davlat" shu hafta seshanba kuni Texasdagi hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqan va bu guruh Amerika tuprog‘ida uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan birinchi hujum sifatida baho topgandi.

Joriy paytda dunyodagi eng qudratlisi sanaluvchi ushbu guruh Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) hajv etilgan karikaturalar namoyishga qo‘yilgan Dallas yaqinidagi ko‘rgazmaga "xalifatning ikki askari" hujum qilganligini aytgan, Amerika tomonini "o‘zlarini kirib kelishlari"ga shay turishlari bilan ogohlantirgandi.

Amerikalik mas‘ullar guruhning bu da‘vosini savol ostiga olishgan, "Islomiy Davlat"ning Dallasdagi hujumga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi borligiga shubha qilishlarini bildirishgandi.

Xabarlarga ko‘ra, to‘rt nafar gumondor 1984 yilda qabul qilingan Xalqaro terrorchilikka qarshi kurash akti asosida Amerika tomonining ro‘yxatiga kiritilgan.

Ta‘kidlash joiz, ro‘yxatdagi to‘rttovlonning nomi shu paytgacha dunyo ommaviy-axborot vositalarida deyarli uchramagan.

Shunday ekan, ular kimlar?

AQSh Davlat departamentining ma‘lumotlaridan ayon bo‘lishicha, al-Qaduliy "Islomiy Davlat"ning yuqori martabali a‘zolaridan biri sanaladi va guruh saflariga o‘tmasidan avval "al-Qoida"ning Iroqdagi tarmog‘i safida jang qilgan.

Amerika tomoni uning qayerda ekaniga oid ma‘lumot uchun 20 million dollaridan eng katta qismi, ya‘ni 7 millionini bermoqchi.

O‘z o‘rnida, Adnaniyning rasman "Islomiy Davlat" guruhining voizi, Umar Shishaniy nomi bilan ham ma‘lum bo‘lgan Batirashvili esa, ularning shimoliy Suriyadagi jangari qo‘mondoni ekani aytiladi.

AQSh Davlat departamenti bu ikkovlonga oid axborot uchun 5 million AQSh dollaridan mukofot puli va‘da qilgan.

Qayerdaligini topib bergan odamga 3 million AQSh dollari berilishi ko‘zda tutilayotgan Hazriy esa, "Islomiy Davlat" xudkush hujumchilar guruhining rahbari ekan.

Image copyright AFP

"Islomiy Davlat" so‘nggi ikki yilning ichida Suriya shimoli va Iroq sharqidagi katta hududlarni bosib olib, o‘zining talqinidagi islomiy xalifatga asos solgan.

Joriy paytda dunyoda global xalifat barpo etish harakatida bo‘lgan yangi jangari guruh sanaladi.

So‘nggi yillarda guruhning faoliyat doirasi Yaqin Sharq chegaralaridan tashqariga chiqib ulgurgan.

Afrikadagisi qadar jahondagi aksariyat yirik jangari guruhlar allaqachon "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirib bo‘lishgan.

AQSh Davlat departamenti guruhni ommaviy qatllar, jinsiy zo‘ravonlik va bolalarni o‘ldirish doxil davomiy inson huquqlarini shafqatsiz ravishda toptash hollariga mas‘ul, deb biladi.

Xalqaro terrorchilikka qarshi kurash akti doirasida eng katta mukofot puli "al-Qoida" tarmog‘i rahbari Ayman az-Zavohiriy uchun e‘lon qilingan.

Tarmoq asoschisi Usama bin Lodinning o‘limidan qisqa vaqt o‘tmay, 2011 yilning iyun oyida Amerika tomoni uni topib bergan kishiga 25 million AQSh dollari berishga va‘da qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq