#Uzbekistan: Xayr Osiyo, bizning futbol senga oshna emas

Image copyright AFP Getty

Osiyo Chempionlar ligasidagi so‘nggi o‘yinlar o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi muhokamalarida:

Kecha Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichlari o‘z yakuniga yetdi. Bu yil musobaqada O‘zbekiston sharafini to‘rt jamoa himoya qildi desak adashgan bo‘lamiz. Nega deysizmi? Javobi oddiy. Chunki O‘zbek futboli sharafini himoya qilgan va yuzini yerga qaratmagan jamoa atigi bitta bo‘ldi. Poytaxtlik grand jamoa emas, 35 minglik stadionga ega emas, palon millionlik o‘yinchilarni sotib olib shou qiladigan jamoa emas. Bu… keling bu jamoa haqida keyinroq gapirsak. Hozir esa poytaxtlik uch qahramon haqida gapiramiz.

1. "Paxtakor". Eh "Paxtakor", "Paxtakor", olti o‘yinda bitta g‘alaba, uch durrang va ikki mag‘lubiyat. Jami olti ochko to‘plab guruhda uchinchi o‘rin. Bundan ortig‘iga yaramaysizlar ham yigitlar. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida "Paxtakor" bosh murabiysi Samvel Babayan aytishicha, "kechagi kun "Paxtakor" kuni emas" ekan. Rahmat rost gaplar uchun. Ammo, lekin, biroq, siz bilan birga ertangi kun ham "Paxtakor"niki emas. Buni muxlislar ham tushunib turishipti.

Kadiguzarlik: Babayan tufayli Paxtakor muxlislarini yukotmokda.

Noraka: O‘tgan YIL seniki edi. Bu yil KUN ham nasib etmadimi? Bir yumalab trener bo‘lganlardan qutilmasak yuraveramiz itni keyingi oyog‘i bo‘lib arablarga kalaka bo‘lib.

2. Bunyodkor: "G‘ururimiz", millioner klub-da bu! Rostmana grand! Dabdabali stadionda sharmanda bo‘lgandan ko‘ra, shudgor ustida o‘ynab hech bo‘lmasa bitta gol ur! Shuncha sarflangan pullar qani? Akademiyadagi yoshlar qani? Olti o‘yin, bir durrang va beshta mag‘lubiyat! Guruhda oxirgi o‘rin va bir baho kabi ochko to‘plangan "grand". Xullas Bunyodkor ham muxlislardan "olqishlar" eshitib oldi.

Unicef: Bizning futbol chökib böldi, endi foydasi yöq. Termaniyam, klublarniyam bir tiyinlik qizig'i qomadi men uchun.

Uzrespect: Hurmatli O‘zbekiston futbolini rivojlantirishni maqsad qilgan, lekin qiynalayotgan mutasaddilar! Bu mavsumdagi OChL natijalari O‘zbekistonning ichki futbol darajasini ko‘rsatib berdi. Murabbiy, futbolchi, hakamlar va xalqaro saviya... oxirgisini hech qanaqasiga bo‘yash imkoniyati yo‘q. U yerlarda Mirabror aka yoki Farhod akani gapi o‘tmaydi! Marhamat, haqiqiy saviyamiz! O‘zimizni aldab yurgan bilan bir narsa bo‘lmaydi... ajoyib poydevor bor, unga mustahkam devorlarni ko‘tarish kerak. Bu menimcha oxirgi qo‘ng‘iroq. 2018 saralashida kutilmagan natija... tamom, O‘zbek futboli keskin yuzini yo‘qotadi!!!! Bugun OChLdagi o‘rnimizni yo‘qotdik. Qatar bizdan o‘tib ketdi... biz 5-6 o‘rinlarga ko‘nikolmaymiz...

3. Lokomotiv: Bu jamoani tushunsa bo‘ladi, Osiyoda birinchi chiqishlari, haligi rus tilida aytgandek "opyt yetishmaydi, opyt". To‘g‘rimi? Men bu fikrga qo‘shilmadim. Chunki jamoa safida Kapadze, Bikmayev, To‘rayev kabi Osiyoni ko‘rib qo‘ygan bolalar bor. Mana shular jamoani tortish kerak edi. Qolaversa murabbiy Abramov, bu kishida opyt yo‘qmi? Olti o‘yinda bitta g‘alaba, bitta durang va to‘rt mag‘lubiyat va guruhdagi oxirgi o‘rin. Mana natija.

Xullas yuqoridagi poytaxtlik uchchovlon yuzimizni yerga qaratdi. Bularga qarab Mirjalol Qosimovni esladim. "Bollada ayib yo‘q", to‘g‘ri, aybni hattoki Mirjaloldan izlash noto‘g‘ri. Axir ichki futbolimiz, klublarimiz ahvoli bunday bo‘lar ekan, bechora qanday qilib terma jamoa bilan yutuqlarga erishsin? Futbol federatsiyamiz nima ish qilyapti o‘zi, qayerga qarayapti? Xullas savollar, savollar, savollar.

Mana endi gal to‘rtinchi jamoamizga. Qarshining "Nasaf" jamoasi. Rahmat sizlarga bolalar, rahmat Ro‘ziqul aka Berdiyev! Chin ko‘ngildan sizlarga olqishlar. Ha, sizlar guruhdan chiqa olmadinglar, lekin sizlar haqiqiy futbolni, qolaversa, O‘zbekistonda hali futbol borligini ko‘rsatib berdinglar. Sizlar Osiyoda O‘zbek klublari orasida eng nomdor jamoa desak ham adashmaymiz, cho‘ntagingizdagi AFK kubogi bunga dalildir. Biz muxlislar, ikki bor yarim final qatnashchilarini eslamaymiz. Biz faqat va faqat chempionlarni eslaymiz. Balli yigitlar, balli azamatlar. Sizlar keyingi bosqichga haqli edinglar. Mana sizlarga muxlislaringizdan tashakkurlar:

Noraka: OChL dagi o‘yinlari bilan NASAF butun O‘zbekistonni hurmatini qozondi. Futbolda eng muhimi shu emasmi azizlar?

Kadiguzarlik: nima bo‘lgandayam Nasaf hurmatga loyiq o‘yin kursatdi, milliy chempionatdagi o‘yinlarda omad Nasafga.

Attacking: Nasaf bilan faxrlanamiz. Thank you for the all.

Uznasaf: Nasaf sen bilan faxrlanamiz! O‘sha hakam o‘yinni boshqatdan ko‘rsa naqadar ovsarligini tan olishi kerak. Millionlab muxlis ko‘rib turgan vaziyatlarni e‘tiborga ololmagan bu yaponni onasiga rahmim kelib ketmoqda.

Shamsher: Nasafning barcha mutaxassislariga va yigitlariga katta rahmat. Sizlar boshingizni baland ko‘taring ko‘rsatgan o‘yininglar uchun rahmat, eng kuchli o‘yin ko‘rsatadigan klub ekanligingizni ko‘rsatdilaringiz. Rahmat sizlarga.

Shuker: Nasafga kattakon rahmat. Lokomotiv va Bunyodkorday sharmandali chiqib ketgandan ko‘ra mana shunday qiziqarli o‘yin muxlislar uchun ayni muddao. Kechagi o‘yinda Nasafga yaqqol omad yetishmadi, hakam janobi oliylari ....... va yana shuncha qo‘shimcha nuqtalar.

Agarda meni, bu kishi qashqadaryolik, shuning uchun o‘zining jamoasini maqtayapti desangiz adashasiz. Men toshkentlik, "Paxtakor" stadionining o‘rindiqlarida o‘sib-ulg‘ayganman. Men Pyatnitskiy, Belyayev, Yakubik, Kabayev, Denisov, qolaversa, Xoren Oganesyan kabi futbolchilar o‘yinidan bahramand bo‘lib "Paxtakor" muxlisi edim. Ashadiy muxlisi edim. Edim!

Stadion.uz saytida bir maqola joylashtirildi, "OChL. Nimchorak finalga nimjonlik qildik" bu maqola shunday boshlanadi: "Etib keldik! O‘zbekistonning 4 jamoasidan birortasi Osiyo chempionlar ligasining pley-off bosqichiga chiqa olmadi. Hali bunaqasi bo‘lmagandi!" Kamina esa suhbatni shu so‘zlar bilan yakuniga etkazadi: Yetib keldik! Hali bunaqasi bo‘lmagandi!

Davleniyesi ko‘tarilib ketib boshini bog‘lab yotgan o‘yinchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq