Britaniyaliklar umumsaylovlarda ovoz bermoqdalar

Keskin kechgan saylovoldi kurashi ortidan Britaniya umumsaylovlarida ovoz berish boshlangan.

Britaniya yozgi vaqti bilan ertalabki soat 7 da saylovda ovoz berish uchun saylov uchastkalari ochilgan.

Va ovoz berish huquqiga ega 50 millionga yaqin Britaniya fuqarolari kechki soat 22 gacha ovoz berishda ishtirok etadilar.

Bu galgi saylovda britaniyaliklar ilk bor Internet orqali ham ovoz berishlari mumkin.

Bugun Britaniya parlamentining 650 a‘zosi saylanadi.

Shu bilan birga mahalliy kengashlarning minglab a‘zolari ham saylanadi.

Mamlakat bo‘ylab 650 okrug tuzilgan, har bir okrugda saylovchilar partiya uchun emas, shu okrugdan nomzodi ilgari surilgan muayyan kandidat uchun ovoz beradilar.

Shu okrugdan kim ko‘p ovoz to‘plasa, o‘sha nomzod g‘alaba qozongan deb ko‘riladi.

Yakuniy ovozlar bo‘yicha qaysi partiya ko‘p o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘lsa, o‘sha partiya yangi hukumatni shakllantiradi.

Britaniyaning saylov haqidagi qonunchiligiga binoan, mahalliy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, BBC ham saylovchilarning ovoz berishiga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday axborotni kechki soat 22 gacha tarqatishi mumkin emas.

Aksar tahlilchilar fikricha, bu galgi saylovlar Britaniyada so‘nggi o‘n yilliklardagi natijasini oldindan bashorat qilish eng mushkul saylov bo‘lmoqda.

Erta-indin partiyalar o‘rtasida qattiq muzokaralar, siyosiy oldi-berdi boshlanadi, deb kutilmoqda.

Britaniyada saylov kunida nimalar mumkin, nima mumkin emas?

O‘tgan o‘n yillar ichida Britaniya saylov uchastkalaridagi tartib deyarli o‘zgarmagan.

Buyuk Britaniya - "taqiqlanmagan hamma narsa mumkin" tartibi amal qiladigan mamlakatlardan biri. Bu saylov maskanlarida saylovchilarga ham taalluqli.

Qonun saylov uchastkasida suratga tushirishni taqiqlamaydi, biroq juda murakkab qonunchilik bois saylov komissiyasi rasmga tushirishni maslahat ham bermaydi.

Shuningdek, saylov komissiyasi uchastka ichkarisida twit qilmaslikni so‘raydi.

Saylovga it va mushuklar bilan esa kelish mumkin. Faqatgina jonivorlar jarayonni tinchgina kuzatib turishlari mumkin bo‘lsa.

Saylov uchastkalarida siyosiy mazmundagi kiyimlarni kiyish ham yaxshi emas. U yoki bu partiya nomi tushirilgan futbolkalarda kelish boshqa raqiblar fikricha ularga nisbatan bosim yoki qo‘rqitish deb qaralishi bois bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari siyosiy bahslar saylov maskanida taqiqlanadi.

Nazariy tomondan qirolicha ham ovoz bera oladi. Biroq amalda monarxning siyosiy betaraflikka amal qilmasligi konstitutsiyaga zid sanalgani uchun amalda u ovoz bermaslikni ma‘qul ko‘radi.

Buyuk Britaniyaliklar, 7 may kuni 50 mingga yaqin saylov uchastkalarida ovoz beradilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq