HRW: Andijon qirg‘ini uchun hech kim jazolanmadi

Image copyright AP

Andijondagi qonli hodisalarning 10 yilligi munosabati bilan inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti Human Rights Watch hisobot chiqarib, AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va boshqa hukumatlarni qirg‘in uchun mas‘ullarni javobgarlikka tortish borasida da‘vatlarini qayta boshlashga chaqirdi.

HRW hisobotida aytilishicha, "2005 yil 13 may kuni hukumat kuchlari Andijondagi aksari qurolsiz bo‘lgan minglab tinch namoyishchilarga qarata o‘q ochdi. Namoyishchilar qashshoqlik, ishsizlik va rasmiylar tazyiqlaridan shikoyat qilish, shuningdek hukumatning ular ovoziga quloq tutishini talab qilib yig‘ilgandilar".

"Qo‘rquv hanuz O‘zbekiston aholisi ustidan hukmrondir. Ular shunchaki og‘zilarini ochganlari uchun otib tashlanishlarini bilib yashamoqdalar", - deydi tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

Videolavha shaklida chiqarilgan hisobotda Andijonlik huquq faoli Lutfullo Shamsiddinov qochishga uringan namoyishchilarning hukumat askarlari tomonidan o‘qqa tutilganini tasvirlaydi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

HRWga ko‘ra, hodisalar oqibatida yuzlab odamlar o‘ldirilgan bo‘lsa ham, hukumat faqatgina 187 kishi halok bo‘lganligini da‘vo qilgan.

Shuningdek, rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 60 kishi namoyishchilardan bo‘lgan, qolganlari esa hukumat askarlari tomonidan otib o‘ldirilgan qurollangan shaxslardir.

"Qirg‘indan so‘ng O‘zbekiston hukumati mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun hamma da‘vatlarni rad etib, o‘sha kun tarixini qayta yozib chiqishga kirishdi. Rasmiylar namoyishlarda qatnashishda gumon qilingan va qon to‘kilishiga guvoh bo‘lgan har kimni tazyiq, hibslar va qiynoqlarga tuta boshladi. Hatto mamlakatni tark etganlarni - ularning yaqinlariga bosim o‘tkazish orqali - chet ellardan qaytarish harakatlari olib borilmoqda".

2015 yil boshlarida Human Rights Watch Andijon qirg‘iniga guvoh bo‘lgan ko‘plab shaxslar bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Aksari xorijda yashovchi guvohlar O‘zbekistonda qolgan yaqinlari va o‘zlari ham bosim ostida ekanliklari tufayli oshkora gapirishdan hamon qo‘rqishlarini aytdilar.

"O‘zbekistonda qolganlardan ba‘zilari mamlakatni tark etgan yaqinlari terrorchi ekanligi haqidagi bayonotlarga imzo chekishga majburlanganlar".

Nasiba (ismi o‘zgaritirilgan) - andijonlik qochqinlardan birining rafiqasi. Uning Human Rights Watch ga aytishicha, hodisalardan o‘tgan deyarli o‘n yil mobaynida uni har oyda erining qayerda ekanligi haqida so‘roqqa tutib, namoyishlarda qatnashgani uchun jazo sifatida fohishalikka majburlash bilan po‘pisa qilganlar.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Nasibaning ilova qilishicha, uning farzandlarini ham maktabda "sazoyi" qilishgan va tazyiqlar tufayli u uyidan ko‘chishga majbur bo‘lgan. Uning bir qator erkak qarindoshlari hibsga olingan. Yana bir yaqini esa o‘zbek rasmiylarining "uni kechirganlari" haqidagi va‘dalaridan so‘ng mamlakatga qaytganidan bir necha kun o‘tiboq qamoqqa tashlangan.

Uning aytishicha, o‘sha qarindoshi hibsxonada 20 kun o‘tkazganidan so‘ng olamdan ko‘z yumgan. Uning jasadida qiynoq izlari bor edi, yuzlari ko‘kargan va qo‘lidagi barmoqlaridan tirnoqlari ko‘chirib olingan.

"Afg‘oniston bilan chegardosh bo‘lgani uchun O‘zbekiston ila harbiy hamkorlik tarafdori bo‘lgan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi qirg‘indan so‘ng jazo choralari kiritdilar, ammo keyinchalik bu mavqe‘ yumshatildi".

HRWning bayonotiga ko‘ra, AQSh va Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekiston hukumatini inson huquqlari sohasida aniq qadamlarni qo‘yish uchun aniq muddatlarni belgilash va agarda bunday qilmasa, oqibatlarga yuz tutishi haqida ogoh berishi kerak.

"BMTning Inson huquqlari Kengashi, AQSh va Ovro‘po Ittifoqi bilan birgalikda O‘zbekistondagi vaziyatni sinchikovlik bilan o‘rganuvchi maxsus kuzatuvchi mavqe‘ini yaratishlari lozim", - deya da‘vat qilgan HRW.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq