Afg‘oniston: Qunduz yana qaqshatqich janglarga sahna bo‘lmoqda

Image copyright

Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh ushbu viloyatidan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, yangi janglar markaz Qunduz shahri yaqinida kechmoqda.

Mahalliy mas‘ullarning aytishlaricha, u yerdagi Tolibon isyonchilariga qarshi yo‘lga qo‘yilgan yirik amaliyot chog‘ida shu paytgacha 35 nafar jangarini o‘ldirishgan.

Ulardan 20 ga yaqinining xorijiy jangarilar ekani, oralarida ikki nafar ayol kishining ham borligi aytiladi.

Qunduz bundan o‘n kuncha burun Afg‘oniston Tolibon harakati bu yilgi bahorgi amaliyotining ilk nishoniga aylangandi.

Image copyright

Oralarida xorijiy jangarilari ham bo‘lgan yuzlab toliblar viloyatning to‘rtta tumanida qarshi hujumga o‘tishgan, Afg‘oniston hukumati Qunduzga butun mamlakatdan minglab madad kuchlari tashlash va o‘nlab tanklar yuborishga majdbur bo‘lgandi.

Ammo markaziy hukumatning qo‘shimcha dastagiga qaramay, qunduzlik mas‘ullar isyonchilarni daf etish oson bo‘lmayotganini aytib kelishayotgandi.

Viloyatdan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, orada kechgan kunlar davomida isyonchilar markaz Qunduz shahri sarhadlariga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lishgan. Shaharga eltuvchi yo‘llarni uzib qo‘yishgan.

Image copyright AFP

Bu galgi janglarda ular bilan birga Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining sabog‘ini olgan jangarilar ham afg‘on hukumat kuchlariga qarshi jang olib borishayotgani aytiladi.

Ammo, shunga qaramay, ularning hujumlarini Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari o‘z boshlaricha daf etishga urinishayotgani, xorijiy askarlardan, hozircha, ko‘mak yo‘qligiga oid xabarlar bor.

Qunduzlik mas‘ullar esa, havodan yetarlicha madad yo‘qligi, qiruvchi tikucharlar sonining kamligidan shikoyatdalar.

Viloyatdagi muxbirimizga ko‘ra, o‘zaro janglar qaqshatqich kechmoqda, Qunduz yaqinida yengil va og‘ir qurollardan otilgan o‘qlar sadosi quloqqa chalinadi.

Qunduzda qariyb o‘n kundan buyon davom etayotgan janglar sabab, o‘n mingdan ortiq odamning darbadarlikka yuz tutgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, hozir qator xalqaro ko‘mak tashkilotlari ularga yordam berish harakatida.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq