Tailand: odam savdosi bois 50 politsiyachi ishdan bo‘shatilgan

Image copyright Getty

Tailand Bosh vaziri Prayut Chan-o-cha mamlakatdagi odam savdosiga aloqador har qanday jamloqni o‘n kun ichida yo‘q qilishga buyruq bergan.

Bunga Malayziya chegarasiga yaqin hududdagi qabrlarda 30 dan ortiq inson jasadi topilgani sabab bo‘lgan.

Bu jasadlar Birma va Bangladeshdan Malayziyaga yetib olishga harakat qilgan noqonuniy muhojirlarning jasadlari deb ko‘rilmoqda.

Tailandda hozir harbiy xunta hukmron.

Harbiy rahbariyat joylardagi mahalliy boshqaruv idoralari rahbarlariga noqonuniy jamloqlarni yo‘q qilish uchun muhlat bergan.

10 kundan keyin noqonuniy muhojirlar jamlog‘i topiladigan bo‘lsa, mahalliy rahbarlarga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirish e‘lon qilingan.

Rasmiylarning xabar qilishicha, inson traffikingiga aloqasi bor deb gumon qilingan 50 dan ortiq politsiya zobiti o‘z lavozimlaridan chetlatilganlar.

O‘tgan hafta Tailand janubidagi Songxla viloyati junglisida ommaviy qabrlar, bir kasallikdan holdan toygan inson, uning yonida bir inson jasadi topilgan.

Bu joy odam savdosi bilan shug‘ullanadigan trafikchilarning noqonuniy jamlog‘i bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Qabrlarning ayrimida bir inson, ayrim qabrlarda esa bir necha inson jasadi ko‘milgan.

26 inson jasadi qabrlardan chiqarib olinib, bu insonlarning o‘limiga nima sabab bo‘lganini o‘rganish boshlangani haqida xabar qildi Tay rasmiylari.

Asli Birma va Bangladeshdan kelgan noqonuniy muhojirlar bu jamloqda ushlab turilgan, ularning qarindoshlaridan esa pul talab qilinib, o‘sha pulni qo‘lga kiritmaguncha odam savdogarlari insonlarni jamloqdan chiqarmaganlari taxmin qilinmoqda.

Ochlik va xastalikdan halok bo‘lgan insonlarning jasadlari qo‘lbola qabrlarda dafn qilingan.

Bir necha kundan keyin yana besh inson jasadi Tailandning boshqa bir hududida topildi, ularning ham odam savdosi qurbonlari ekani taxmin qilindi.

Rasmiylar xabar qilishicha, 26 inson jasadi topilgani ishi yuzasidan uch Tay rasmiysi va bir Birma fuqarosi hibsga olingan, ular odam savdosida gumon qilinmoqda.

Ushbu ish yuzasidan politsiya yana to‘rt kishini qidirmoqda.

Image copyright epa

BBC muxbiri Jonatan Xed xabar qilishicha, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari uzoq yillardan buyon Tailanddagi odam savdosi muammosiga e‘tibor qaratib keladilar.

Biroq Tailandda shu paytgacha bu muammoni hal qilish uchun jiddiy chora ko‘rilmagan.

Oktyabr oyida "baliq ovlash mavsumi" boshlanishi bilan Tailandning Andaman qirg‘oqlari Roxinga va Bangladesh muhojirlari bilan to‘lib ketadi.

Bu kemalarni to‘xtatishga bir-ikki rasmiy o‘z tashabbusi bilan harakat qiladi, biroq atrofda shunchalik kuchli odam savdosidan manfaatdor guruhlar borki, bir-ikki mulozimning harakatlari ko‘ngildagidek natija bermaydi.

O‘tgan hafta Songxla viloyatidagi ommaviy qabrlar topilgan qalin o‘rmon ichida bundan olti oy oldin odam savdogarlarining jamlog‘i bo‘lgani va bu jamloq ham "qudratli" odamlar "panohi" ostida bo‘lgani aytilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq